Amerika Ovozi ▪ Uzbek
Xolis axborot manbai

Matnning o'zi
Search

 
Amerika kimni qancha moliya bilan ta'minlamoqda?


20/12/2007
Lavhani tinglang - Download (Real) audio clip
Lavhani tinglang - Tinglang (Real) audio clip

AQSh dollari
AQShning qaysi davlatga nima uchun qancha yordam ajratishi qator savollar uyg'otadi
AQSh dunyodagi eng boy va qudratli davlatlardan biri. Tashqi yordam borasida ham saxiy mamlakat. 2008 yilda Vashington chet davlatlarga 20 milliard dollardan oshiq yordam puli ajratmoqda.

Bu pulning 2,4 milliardi Isroilga, 1,5 milliardi esa Misrga tegadi.

Sobiq Sovet davlatlariga sarflash uchun Davlat departamenti ixtiyoriga jami 351.6 million dollar beriladi.

Shundan Markaziy Osiyoga quyidagicha ko'mak ko'rsatiladi:

     2006     2008
 Tojikiston  23,760 million   26,880 million
 Qirg'iziston  29,029 million  23,815 million
 Qozog'iston  24,750 million  14,397 million 
 O'zbekiston  17,820 million  8,474 million
 Turkmaniston  4,950 million   5,500 million 

Harbiy malakani oshirish bobida AQSh faqat Tojikiston va Turkmanistonga yordam berishga ahd qilgan. Buning uchun jami 865 ming dollar xarajat qilinadi.  

Erkinlikni quvvatlash to'g'risidagi qonunga binoan demokratik taraqqiyot, siyosiy-iqtisodiy loyihalar va fuqaro jamiyati uchun quyidagi davlatlarga alohida yordam beriladi:

 Ukraina  71 million dollar
 Gruziya  50.5 million dollar
 Rossiya  50 million dollar
 Armaniston  35 million dollar
 Tojikiston  26.9 million dollar
 Qirg'iziston  23.8 million dollar
 Ozarbayjon  18 million dollar

Sobiq ittifoq hududida mintaqaviy hamkorlikni oshirish va AQSh manfaatlari himoyasi uchun yana 22.2 million dollar ajratiladi.

2006 yilda AQSh Rossiyaga jami 1 milliard 54 million 72 ming dollar miqdorida yordam ko'rsatgan. 

Olga Oliker
Olga Oliker                              Siyosiy tahlil bilan shug'ullanuvchi  RAND Korporatsiyasi ilmiy xodimi
"Kreml va Oq uy tez-tez achchiq so’zlar almashmasin, Amerika Rossiyaga yordam berish uzoq muddatda uning manfaatlari uchun xizmat qilishini tushunadi",- deydi siyosiy tahlilchi Olga Oliker.

Markaziy Osiyoda Qozog’iston o'tgan yili eng ko’p moliyaviy ko’mak olgan – 82 million dollar. Ikkinchi o’rinda - O’zbekiston, 58 million dollar.

AQSh Davlat departamenti hujjatlariga ko’ra O’zbekistonga yordam 2004 yildan beri ancha kamaygan. O’zbekiston hukumati o’rtadagi kelishuvlarga zid holda qadam tashlay boshladi va natijada Kongress yordam pulini kesishga majbur bo’ldi deydi rasmiylar.

AQSh yordami hamisha hukumat qo’liga beriladi deyish noto’g’ri. Ko’p hollarda, deydi tahlilchi Oliker, Amerika puli diplomatik tadbirlar va maqsadlar, ijtimoiy-madaniy dasturlar uchun ishlatiladi.

AQSh iqtisodiy-siyosiy taraqqiyot hamda xavfsizlikni mustahkamlovchi dasturlarga pul beradi. Qolaversa mamlakatda ishlaydigan xalqaro tashkilotlarni moliyalaydi.

“AQSh hukmron tuzumni moylayapti desak adashamiz”,- deydi Oliker. Aksincha mablag’ni o’zi jamoatchilik tashkilotlariga berishni istaydi. Shu bois ham hukumatlar bu yordamni ularga qarshi harakat deb talqin qiladi. Qarabsizki, nohukumat tashkilotlar nishonda. Amerika nazarida esa aynan shu muassasalar jamiyat yuragi bilan, oddiy xalq bilan ishlaydi.

"AQShda pul Kongress, qonunchilik organi, qo’lida. Uning ruxsatisiz bir tiyinga ham qo’lingiz tegmaydi",- deydi Olga Oliker.

Bob Wallin
Bob Vollin                                  AQSh Xalqaro Taraqqiyot agentligining Markaziy Osiyo bo'yicha loyihalarini boshqaradi  
AQSh Xalqaro Taraqqiyot agentligi - chet elga beriladigan insonparvarlik va beg’araz yordam uchun javobgar tashkilot. Qisqacha USAID deb tanilgan idora 1992 yildan bugungacha O’zbekistonda jami 300 million dollar sarflagan. O’tgan bir yil ichida 13 million.

Bob Vollin agentlikning Markaziy Osiyodagi dasturlarini nazorat qiladi. "Uch maqsadni ko’zlaymiz",- deydi u.

"Birinchisi iqtisodiy taraqqiyot yo’lida ko’maklashish. Ikkinchisi hukumat va xalqni bir-biriga yaqinlashtirish, fuqaro jamiyati barpo etishda yordamlashish va omma fikrini hukumatga yetkazish usullarini o’rgatish. Uchinchi maqsad - ta’lim va sog’liqni saqlash sohasini rivojlantirishda yordam berish".

Bob Vollin O’zbekistonda fuqaro jamiyatiga oid dasturlar to’xtab qolganini, ammo ta’lim va maorif hamda tibbiy masalalarda yutuqqa erishilayotganini aytib o’tadi. USAID O’zbekistonga qoradori savdosiga qarshi kurashda ham ko’maklashyapti. 

Kelishmovchiliklar bor, “Ammo taraqqiyot tezlikda kechmasligini va AQSh yordamini davom ettirish uchun hukumat ishonchini oqlash zarurligini ham tushunamiz”,- deydi Bob Vollin.

Lekin bu yakkahokimlik chuqur ildiz otgan, tashqi dunyo bilan hisoblashmay qo’ygan hukumatlarga “nima qilmang, AQSh baribir yordam beraveradi” degani emasmi? Amerika yordami yetib bormayotgan nohukumat tashkilotlar bugun shunday tanqid bilan chiqmoqda.

Sean Roberts
Shon Roberts                           Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha tahlilchi
"AQSh ko’maklashishda davom etsa, erkinlik va demokratiyaga qarshi ish tutyapti degani emas. Biz yordamni xalqqa berayapmiz va bu bilan hukumatga maqsad ezgu ekanini, ko’mak ortida yashirin maqsadlar yo’qligini isbotlamoqchimiz. Hukumat biror narsadan norozi bo’lsa, uni muhokama qilaylik, xalq manfaati uchun til topishaylik deymiz". 

Ammo hamma narsa baribir siyosatga borib taqaladi. USAID byudjetini Kongress tasdiqlaydi. Kongress nazarida esa O’zbekistonda qonun ustuvorligi ta’minlanmas ekan, beriladigan yordamdan foyda yo’q.

O’zbekiston o’tgan yili diniy erkinliklar keskin poymol etiladigan davlat deya belgilanib, moddiy yordam kesilgan edi. Huquq ahvoli yaxshilanmas ekan, bu yil ham shunday bo’lishi mumkin deydi Vashington rasmiylari.

Markaziy Osiyo hayoti bo’yicha tahlilchi, Vashingtondagi nufuzli Jorjtaun Universiteti o’qituvchisi Shon Roberts achchiq haqiqat shuki O’zbekistondagi hayot va muammolar AQSh oldida turgan eng muhim masala emas deydi.

"AQSh hozir Iroq, Afg’oniston va Yaqin Sharqdagi vaziyatni o’nglash ustida bosh qotirmoqda. Vashingtonda o’tirgan rasmiylar Markaziy Osiyo haqida yaxshi bilmaydi, muammolarni tushunmaydi. Tushunganlari esa mintaqada siyosiy-iqtisodiy taraqqiyotga erishish uchun avval tub masalalarni hal etish kerakligini biladi. Lekin bu o’lkalarda odamlar “bizning hayotimizdagi o’zgarishlar AQSh uchun juda dolzarb” deb o’ylashadi. Afsuski, bunday emas”.

Yana bir haqiqat, deydi Roberts, AQSh Markaziy Osiyoga iqtisodiy jihatdan u qadar qiziqmaydi.

"To’g’ri, Qozog’iston neftga boy, Turkmaniston va O’zbekistonda tabiiy gaz bor, lekin geografik jihatdan Amerika uchun qulay bo’lmagan mintaqa. Shu bois ham Markaziy Osiyoga nisbatan siyosat sust. Bu albatta hamma sohaga o’z ta’sirini ko’rsatadi".

Ammo rasmiylar nazarida mintaqa xavfsizlik va iqtisodiy jihatdan strategik nuqta. Vashington Markaziy Osiyoga ozgina bo’lsa-da ko’maklashib, mintaqada o’z ta’sir kuchiga ega bo’lishni, hudud darvozalari unga ochiq turishini istaydi.

emailme.gif Xabarni jo'nating
printerfriendly.gif Bosma uchun

  Bosh mavzu
Avtokratiyadan demokratiya sari... Siyosiy tajribalar

  Boshqa xabarlar
Rahbariyat o'zgarishi qaltis va murakkab jarayon
Yevropa Barak Obamadan qanday o'zgarishlar kutmoqda?
Xillari Klintonga O'zbekistonda umid bilan qarashmoqda
Inqiroz paytida umid badavlat va saxiy odamlarga bog'langan
AQSh Pokistonni Mumbay xuruji bo'yicha hamkorlikka chaqirmoqda
Obama ma'muriyati Afg'onistonda yangi strategiya bo'yicha ish ko'radi
Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuvdan oddiy xalq nima naf ko'radi?
Bush prezidentlik yillarini sarhisob qilmoqda
AQSh iqtisodiyoti rasman tanazzulda
O'zbekiston-Rossiya aloqalari rasmiy darajada rivojlanmoqda xolos
Xillari Klinton - davlat kotibi lavozimiga nomzod
AQSh Mumbaydagi terror xurujini tergov qilishga yordam beradi
Lora Bush: AQSh Afg'onistonni yakka tashlab qo'ymaydi
"Amerika Ovozi" muxlislar savollariga javob beradi
Mintaqa davlatlari birlashishiga umid bormi?