Amerika Ovozi ▪ Uzbek
Xolis axborot manbai

Matnning o'zi
Search

 
Amerikada saylovlar, nomzodlar va siyosiy reklama

21/03/2008

AQShda prezidentlik uchun saylov kampaniyasi qizg’in pallada. Respublikachilar partiyasi o’z nomzodini tanlab bo’lgan - senator Jon Makkeyn.

Biroq demokratlar ikki siyosatchi ustida o’ylanib qolgan. Biri senator Xillari Klinton, ikkinchisi esa senator Barak Obama.

Saralash musobaqalari yoz faslining o’rtasigacha davom etishi mumkin. Kim oxir oqibat eng ko’p tarafdor yig’sa, o’sha kishi nomzod bo’ladi.

Buning uchun da’vogarlar turli tashkilot va guruhlar hamda siyosatchilar yordamidan, ovozidan foydalanadi.

Siyosiy faollar eshikma-eshik yurib, prezidentlikka muayyan bir nomzodni reklama qiladi.   Ular, deydi professor Maykl Makdonald, saylovchilarga ham bir qarorga kelishga ko’maklashadi.

"Agar saylovchilar qo’lida nomzod haqida yetarli ma’lumot bo’lmasa, boshqalar kimni ma’qul topgan deb qaraydi, izlanadi. Shu tariqa nomzod haqida bilib oladi",- deydi Makdonald.

Kasb-kori va faoliyati turlicha shaxslarni o’z tomoniga og’dirib, nomzod xalqqa mahorat va kuchini ham namoyish etadi.

Masalan senator Xillari Klinton prezidentlikka intilar ekan, 30 ga yaqin sobiq admiral va generallar maqtoviga erishgan. Ayol kishi ham bosh qo’mondon bo’la olishini isbotlash uchun.

Saylov kampaniyasida kino yulduzlari va el tanigan shaxslar ham chetda qolmaydi. U yoki bu nomzod yonida turib, shuhratini ishga soladi.

Masalan televideniye yulduzi, dunyodagi eng badavlat ayol Opra Uinfri demokrat Barak Obama prezidentlikka eng ma’qul nomzod deb bong urmoqda.   

”Men yillar davomida, ham respublikachilarga, ham demokratlarga ovoz berib kelganman. Gap qaysi partiyani xush ko’rishimda emas. Bu men uchun shaxsiy qaror. Barak Obamaga ishonchim baland. U Amerikani o’zgartira olishini bilaman”,- deydi Uinfri. 

Saylovchilarga qaratilgan bu murojaatlar kampaniya uchun mablag’ to’plashda ham muhim, deydi siyosatshunos Ben Ginsberg.

"Nomzodga pul tikayotgan fuqarolar ham, tashkilot va kompaniyalar ham bir narsaga mushtoq – g’alabaga! Saylovchi sarmoya qilishdan oldin, kim-kimni quvvatlayapti deb atrofga qaraydi",- deydi Ginsberg.

Poyga qiziganda ba’zi nomzodlar yutqazib, undan chiqishi tabiiy. Lekin yutqazganlar ham ko’pincha avvalgi raqiblariga, o’z partiyasidan chiqqan siyosatchilarga yordam berishga o’tadi.

Respublikachi sobiq nomzod Mitt Romni bunga yaxshi misol.

"Men yiqqan barcha ovozlarni senator Jon Makkeynga o’tkazaman. Uning prezidentlikka nomzodini to’liq qo’llab-quvvatlayman",- dedi u Makkeynni quvvatlab chiqar ekan. 

Nomzodlar, shuningdek, lobbichi guruhlar va kasaba uyushmalari ko’nglini ovlaydi, chunki ularning a’zolari son jihatdan ham katta kuch.

Lekin siyosiy sharhlovchilar saylovoldi reklama va targ’ibotlar o’z yo’liga.

Saylovchi baribir o’zi bilganidan qolmaydi. Unga eng muhimi nomzodning shaxsiyati va xalqni qiynayotgan masalalarga qanday yechim taklif etayotgani.   

emailme.gif Xabarni jo'nating
printerfriendly.gif Bosma uchun

  Bosh mavzu
Avtokratiyadan demokratiya sari... Siyosiy tajribalar

  Boshqa xabarlar
Rahbariyat o'zgarishi qaltis va murakkab jarayon
Yevropa Barak Obamadan qanday o'zgarishlar kutmoqda?
Xillari Klintonga O'zbekistonda umid bilan qarashmoqda
Inqiroz paytida umid badavlat va saxiy odamlarga bog'langan
AQSh Pokistonni Mumbay xuruji bo'yicha hamkorlikka chaqirmoqda
Obama ma'muriyati Afg'onistonda yangi strategiya bo'yicha ish ko'radi
Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuvdan oddiy xalq nima naf ko'radi?
Bush prezidentlik yillarini sarhisob qilmoqda
AQSh iqtisodiyoti rasman tanazzulda
O'zbekiston-Rossiya aloqalari rasmiy darajada rivojlanmoqda xolos
Xillari Klinton - davlat kotibi lavozimiga nomzod
AQSh Mumbaydagi terror xurujini tergov qilishga yordam beradi
Lora Bush: AQSh Afg'onistonni yakka tashlab qo'ymaydi
"Amerika Ovozi" muxlislar savollariga javob beradi
Mintaqa davlatlari birlashishiga umid bormi?