Amerika Ovozi ▪ Uzbek
Xolis axborot manbai

Matnning o'zi
Search

 
AQSh: Afg'oniston Markaziy Osiyo yordamiga muhtoj


24/04/2008
Lavhani tinglang - Download (Real) audio clip
Lavhani tinglang - Tinglang (Real) audio clip

Boucher

AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati Richard Boucher joriy yil Vashingtonning mintaqadagi davlatlar, shu jumladan O’zbekiston bilan aloqalari ancha mustahkamlanadi deydi.

Amerika nazarida Qozog’iston hozir Markaziy Osiyoning eng ilg’or mamlakati va iqtisodiy islohotlar bobida qo’shni davlatlar unga ergashishi kerak.

Boucher, AQSh Davlat kotibi muovini, O'zbekiston hukumati bilan qayta til topishish uchun harakat boshlangan deya cheklanadi xolos.

Yaqinda Boucherning o’rinbosari Pamela Spratlen Toshkentga safar qilib, yuqori lavozimli rasmiylar bilan uchrashgan. Yangicha hamkorlik qanday shartlar asosida olib borilishi yoki huquq, demokratiya va siyosiy islohotlar ahvoli haqida izohlar berilmaydi.

AQShning Toshkentdagi elchisi Richard Norlandning aytishicha, munosabatlarda yangi sahifa ochilmoqda va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlar yaratilishi kutilmoqda.

Afg'oniston
Elchidan bu borada hisobotlar olib turuvchi Richard Boucher O’zbekistonning Afg’onistonda NATO harakatlariga yordam taklif qilganini ijobiy baholab, Islom Karimov rahbariyati qo’shni davlatga yaqindan ko’maklashishi kerak deydi.

“O’zbekiston bilan kelishuvga asosan NATO va xalqaro kuchlar  Termizdagi baza orqali rasmiylarni tashishi mumkin. AQSh harbiylari NATO tarkibidagina bu bazadan qo’llanishi mumkin. Bu AQSh O’zbekistonda o’z harbiy bazasiga ega degani emas”.

Richard Boucher shu kunlarda Pokiston- Afg’oniston chegarasida yashovchi qabilalar bilan muzokara olib bormoqda. Qabilalar, deydi u, Tolibonga qarshi kurashda AQSh bilan hamkorlikka tayyor ekanini bildirgan.

Afg'oniston
Boucherning aytishicha, Afg'oniston tinchlansa va u yerda iqtisodiyot qad rostlay boshlasa, Markaziy Osiyo uchun uzoq davrdan beri yopilib qolgan savdo yo’llari ochiladi.

“Markaziy Osiyo davlatlari Yevropa, Rossiya va Xitoy qatorida Pokiston va Hindiston kabi yirik hamkor bo’la oladigan mamlakatlar bilan biznes aloqalarini kengaytirishi mumkin. Afg’oniston orqali Pokiston portlariga, dengiz yo’llariga chiqa oladi”.  

Markaziy Osiyoda iqtisodiy muammolarning cheki yo’q. Ishsizlik, sarmoya yetishmasligi, mamlakatlar orasida savdo aloqalarining ko’p hollarda noqonuniy va murakkab ko’rinishga ega ekani sir emas.

Afg'oniston
Qozog’iston nazarida mintaqa o’zi alohida ittifoq tuzishi kerak. Qirg’iziston bu taklifni yoqlagan. Turkmaniston va Tojikiston ham yo’q demayapti.

Biroq 22 aprel kuni Ostonada Nursulton Nazarboyev bilan uchrashgan Islom Karimov bu g'oyani quvvatlamasligini aytdi.

Karimov fikricha, mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasi teng emas va ular turlicha siyosat yuritmoqda.

Richard Boucherning aytishicha, AQSh bu boradagi bahsu-munozaralarga aralashmoqchi emas. O’zbekiston shirin tarvuzlarini jahon bozoriga qanday chiqarish haqida o’zi bosh qotirishi kerak deydi u.

Karimov, Nazarboyev
“Erkin savdo, boj va soliq masalalari, vizasiz qatnov - o’zaro hamkorlikni qay tarzda rivojlantirish respublikalarning o’ziga havola. Yirik davlatlar bunga aralashmasligi kerak deb o’ylayman. Iqtisodiy islohotlar farovonlik olib keladi. Yordam kerak bo’lsa, beramiz”,- deydi AQSh rasmiysi.   

AQSh Kongressida Rossiya va Xitoy yetakchilik qilayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga G’arbga qarshi blok sifatida qaraydiganlar, undan xavfsiraydiganlar ko’p.

Eronning bu tashkilotga kirishni istayotgani Amerikani xavotirga solib qo’ygan. Xavfning oldini olish uchun balki AQSh ham bu tashkilotga qo’shilishi kerakdir yoki u bilan yaqin aloqa o’rnatishi kerakdir deyayotganlar ham bor.

Boucher "AQSh Shanxay-6 rasmiylari bilan so'zlashib turadi, ammo unga a'zo bo'lish yoki kuzatuvchi sifatida kirish niyatimiz yo'q",- deydi.

“Men oxirgi marta Pekinda bo’lganimda, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kotibiyati a’zolari bilan muloqot qildim. Maqsadi mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash ekan, ishiga rivoj tilaymiz. Maqsadidan chetga chiqib, masalan, bizga, AQShga, qarshi bayonotlar bilan chiqqanida norozilik bildirganmiz”. 

Qozog’iston mintaqada iqtisodiy lider sifatida sahnaga ko’tarilar ekan, prezident Nazarboyev “Yevropa tamoyillari va me’yorlari asosida rivojlanamiz”,- deya qayd etmoqda.

Bush ma’muriyati neft zaxiralariga boy bu davlatni har tomonlama quvvatlab keladi.

Richard Boucherning aytishicha, Qozog’iston 2010 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilish shartlaridan biri demokratik islohotlarni amalga oshirish ekanini biladi. Vashington Qozog’iston kelasi yillarda har jihatdan erkinlashadi deya umid bog’lagan.

emailme.gif Xabarni jo'nating
printerfriendly.gif Bosma uchun

  Bosh mavzu
Rossiyaga oltin, Gruziyaga kumush, AQShga esa bronza?

  Boshqa xabarlar
Rossiya Gruziya kuchlarini Abxaziya va Osetiyaga yo'latmaydi
NATOning nimaga qodirligi sinovdan o'tmoqda
O'zbeklar tarixi haqida yangi kitob  Audio Clip Available
Paxtakorlar: O'quvchilarsiz hosilni kim teradi?
Polsha AQSh mudofaa tizimini qabul qilishga tayyor
Rossiya Gruziyadan chiqishga undayotgan hujjatga veto qo'yadi
Rossiya tinchlikparvar kuchlari Janubiy Osetiyani tark etmaydi
So'zlar urushi: AQSh "ko'zbo'yamachi"; Rossiya "buzg'unchi"
O'zbekiston Janubiy Osetiyaga insonparvarlik yordami beradi
O'zbekiston aholisining qariyb uchdan biri xorijda
Tahlilchilar: Gruzin va osetinlar siyosiy o'yinlar qurboni
Millatchilik - Kavkazdagi mojaro zaminida yotgan omil
Rossiya AQShga: Yo biz bilan hamkorlik, yo "demokratik proyekt"
Rossiya MDHning istalgan davlatini istilo qilishi mumkinmi?
Bushning yosh mustaqil davlatlarga nisbatan siyosati qoralanmoqda
Hukumatni muloqotga chorlagan muxolifatchi badarg'a qilingan
Sharh: Rossiya agressor, ammo Gruziya ham farishta emas