AQShda muhojirlar masalasi
bilan shug’ullanadigan qo’mitaga ko’ra, o’tgan bir yil ichida qochqinlar soni jahonda 14
millionga oshgan. O’zga yurtda
qo’nim topishga harakat qilayotgan bu insonlar nojoiz muomala, loqaydlik va
e’tiborsizlik bilan yuzlashmoqda.
Ayniqsa, Iroqdan bosh olib ketgan insonlar ko’p.
Hozir bu
raqam 2 yarim milliondan ziyod, aksariyat iroqliklar Iordaniya va Suriyadan
boshpana topgan. Biroq qonunga ko’ra, bu qochqinlarning ishlashga haqqi
yo’q.
AQSh Qochqinlar va Muhojirlar Qo’mitasi raisasi Laviniya Limon so’zlariga
ko’ra, Iroqda malakali mutaxassislarning 40 foizi mamlakatni tark etgan.
“O’qituvchi, vrach va muhandislar… Bu insonlar Suriya va Iordaniya xalqi bilan
madaniyat, din va til jihatdan mushtarak. Agar ularning ishlashiga ijozat berilsa,
iqtisodiyot foyda ko’rar edi. Vaholanki, bugun iroqlik qochqinlar noqonuniy
mehnat bilan band”,- deydi Maviniya Limon.
AQSh senatori Ben Kardinning aytishicha 9 million aholilik
Shvetsiya o’tgan yili 18 ming iroqlik
qoshqinni qabul qilgan. 300 million aholi yashaydigan Qo’shma Shtatlar esa 2003
yildan beri atigi 5 ming iroqlikka panoh bergan. “AQSh boshlagan urush tufayli
tinchini yo’qotgan bu insonlarga yordam berish niyatimiz bormi o’zi”,- deb
so’raydi senator Ben Kardin.
Amerika bu yil 12 ming qochqinni qaramog’iga olishni
rejalamoqda. “Hujjatlarni to’g’rilash jarayonini tezlashtirishga harakat
qilayapmiz”,- deydi rasmiylar.
Shimoliy koreyalik muhojirlarni haydab chiqargan Xitoy,
o’zbekistonlik qochqinlarni vataniga qaytargan Rossiya, minglab birmaliklardan
yuz o’girgan Tailand singari davlatlar boshpanasiz xorijliklarga qo’pol
munosabatda bo’layotgan mamlakatlar deb tanqid qilinmoqda.
AQSh Qochqinlar va Muhojirlar Qo’mitasi inson huquqlari
hurmat qilinsin, zo’ravonlik va xavfdan jon saqlab kelgan insonlarni qabul
qilib, ularga yordam berilsin deya undamoqda. Buning xarajati og’ir albatta,
deya tan oladi tashkilot.
Shu bois ham xalqaro hamjamiyat bu mashaqqatni
birgalikda yengishga harakat qilishi kerak deydi qo’mita rasmiylari.