O’zbeklar Qirg’iziston
aholisining beshdan birini tashkil etadi.
Jamoa yetakchilarining aytishicha, yaqinda prezident Qurmanbek Bakiyev
imzolagan qonun o’zbek tilida efirga chiquvchi xususiy radio va telestansiyalar
faoliyatini cheklaydi.
Yangi qonunga muvofiq Qirg’izistonda barcha
telemarkaz va radio stansiyalar efir vaqtining 50 foizini rasmiy davlat
tilidagi dasturlarga ajratishi kerak. Ko’rsatuvlarning kamida 60 foizi o’sha
stansiya mahsuloti bo’lishi shart.
Vaholanki, Qirg’iziston
janubidagi teleradiolarning aksariyati o’z auditoriyasiga qarab, o’zbek va rus
tillarida ko’rsatuv tayyorlaydi. Osh viloyatida keng tomosha qilinadigan Mezon Televideniyesi
rahbari Javlon Mirzaxo’jayev to’liq muhokama qilinmay ma’qullangan bu qonun
asosida endi o’zbek tilidagi dasturlarni keskin qisqartishga tog’ri keladi
deydi.
“Asosiy tomoshabinlarimiz
o’zbek tilidagi dasturlarimizga qiziqadi. Ular dasturlarimiz sifati, ancha
erkin namoyish etilishiga yaxshi munosabatda edi. Endi talablariga qanday qilib
javob berishni bilmay qoldik”, - deydi Mirzaxo’jayev.
Mezon TV singari Oshdagi bir
necha mustaqil televidiniye va radio stansiyalarning shikoyatnomalari
Qirg’iziston Oliy Sudi tomonidan rad etilgan. Prezident Kurmanbek Bakiyev qonunga tuzatishlar
kiritilishi mumkin deydi, lekin Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti,
Jurnalistlarni Himoya Qilish Qo’mitasi va Chegara Bilmas Muxbirlar Tashkiloti
mustaqil axborot vositalari kelajagi xavf ostida deya ogohlantirmoqda. Javlon Mirzaxo’jayevning aytishicha,
Qirg’iziston parlamentidagi o’zbek qonunchilar mazkur qonun loyihasini
o’zgartirishga uringan.
“Ular bilan suhbatlashganimizda, qonunga
kichik band kiritilganini atyishdi. Mahalliy tillarda dasturlar tayyorlash
mumkin, degan. Endi agar filmlarni qayta dublyaj qilib berasizlar deyishsa, o’zbek
tilida kinolarni efirga berolmay qolamiz”, - deydi Mezon televideniyesi
rahbari.
Janubiy Qirg’izistondagi
o’zbek axborot vositalari o’z faoliyatini saqlab qolish uchun mutaxassislar
bilan maslahatlashmoqda.
“Qozog’iston tajribasidan foydalanishimizga
tog’ri keladi. Hech kim televizor ko’rmaydigan vaqtlarni tanlab, qirg’iz
jurnalistlarni ishga olib, ular tayyorlagan dasturlarni efirga berishga to’g’ri
keladi. Biroq bu bilan tomoshabinlarimizga nisbatan bexurmatlik qilgan, bo’lamiz”,
- deydi Javlon Mirzaxo’jayev.
Qirg’iziston janubida, deydi
jamoatchilik vakillari, matbuot nisbatan erkin. O’zbek tilidagi ko’rsatuv va
eshittirishlar kamaysa, aholi qo’shni O’zbekiston telekanal va radiolarida
efirga uzatiladigan mafkuraviy dasturlarga qaram bo’lib qolishi tabiiy deydi
jurnalistlar.