“Amerika Ovozi” O’zbek
xizmatining Qirg’izistondagi muxbiri Alisher Soipov o’tgan yil 24 oktabrida
O’shda noma’lum shaxslar tomonidan otib ketilgan edi. Jinoyat haligacha fosh
etilmagan.
Marhum jurnalistning otasi Avaz
Soipov Qirg’iziston rahbari Qurmanbek Bakiyev va O’zbekiston prezidenti Islom
Karimovga maktub yo’llab, tergov jarayoni yuzasidan e’tiroz bildirgan.
Qirg’iziston Ichki ishlar
vazirligi esa qotillikni fosh qilish uchun faol choralar ko’rilayotganini
bildiradi.
Qurmanbek Bakiyev qotillik
yuzasidan tergovni shaxsan o’z nazoratiga olishga va’da qilgan edi, ammo Avaz
Soipovning aytishicha tergovga mas’ul rasmiylar vazifasiga loqaydlik bilan
qaramoqda. Unga ko’ra tergov jarayonida muhim dalillar ataylab yo’q qilingan.
Guvohlar ko’rsatmasi asosida tuzilgan fotosurat haqiqatni aks ettirmaydi.
“Boshidanoq qotilni topish
o’rniga Alisherni qoralashga tushishgan. Ko’rsatilgan suratda esa Alisherning
ishiga taalluqli bo’lmagan odamlar”, - deydi Avaz aka. Uning nazarida qotillik
Qirg’iziston va O’zbekiston maxsus xizmatlari hamkorligida amalga oshirilgan,
uzoq va puxta rejalangan siyosiy jinoyatdir.
Qirg’iziston Ichki Ishlar
vazirligi matbuot xizmati vakili Bakit Sayidov tergov davom etayotganini
ta’kidlaydi.
“Yangi ichki ishlar vaziri
kelishi bilan u Alisher Soipov va qator boshqa jinoyatlar bo’yicha taftishni
o’z nazorati ostiga oldi. Tergovni O’sh ichki ishlar boshqarmasi olib bormoqda.
Tergov bo’yicha aniq bir narsa deya olmayman, ammo tergov davom etmoqda”, -
deydi qirg’iz rasmiysi.
Avaz Soipov yangi ichki ishlar vazirini
ijobiy ta’riflaydi.
“Shaxsini hurmat qilgan
insonlardan ekan, vazifaga kelganidan buyon Alisherning buyumlari va
texnikasini qaytarib olyapmiz. Buzilgan jihozlarini tuzatib berishga va’da
berdi”, - deydi marhum jurnalistning otasi.
Qirg’iziston Jurnalistlar
uyushmasi vakili Marat Tokayev Amerika Ovozi bilan suhbatda yangi tergov guruhi
tuzilganini ma’lum qildi.
“Ichki ishlar vazirligi bu ish
bilan shug’ullanyapti. Bir kishi shubha ostida. U haqda ma’lumotlar
aniqlanmoqda. Jinoyatda gumon qilingan kishi qidirilmoqda. Bundan tashqari
yangi tergov guruhi tuzilgan”, - deydi Marat Tokayev.
Uning nazarida nisbatan erkin matbuotga ega mamlakatda jurnalistika kasbi
qattiq bosim ostida. Shu sabab qotilliklar borasida gapirish oson emas.
“Jurnalistika juda ham xavfli
kasb bo’lib qoldi. Akayev davrida ham jurnalistlarga hujum qilinar edi, biroq
javobgarlarni darrov topishar edi. Yangi hukumat kelgach, aybdorlar
javobgarlikka tortilmaydigan, hukumat esa ishiga loqaydlik bilan qaraydigan
bo’lib qoldi. Matbuot erkinligi haqida gapiradigan bo’lsak, senzura davlat
darajasida ham, har bir matbuot idorasida ham mavjud”, - deydi jurnalist.
Alisher Soipovning o’limi
borasida aniq ma’lumot berilmayotganidan norozi Avaz Soipov ham shu fikrga
qo’shiladi.
“O’shdagi jurnalistlar, radio va televideniye kabi
axborot vositalari katta bosim ostida. Qo’shni O’zbekiston matbuotida
jurnalistlarga qarshi tashviqot ketyapti. Ayrimlar yana bir narsani o’ylayapti
shekilli”, - deya tashvishlanadi Avaz Soipov.