 |
Jahon Banki nazarida, deydi uning O'zbekistondagi rahbari Lu Brefor (o'ngdan), O'zbekistonda asosiy maqsad qishloq hayotini yaxshilash, aholi turmush saviyasini oshirish va kishi boshiga daromadni ko'tarish kerak
|
Kambag’al
davlatlarga past foizda qarz berib, qashshoqlikka qarshi kurashishni o’z
maqsadi deb bilgan Jahon Banki O’zbekistonda yangi strategiya asosida ishlashga
qaror qildi. Asosiy diqqat, deydi bankning Toshkentdagi direktori Lu Brefor (Loup Brefort),
respublika aholisining turmush saviyasini ko’tarish va shu yo’lda moliya
ajratishga qaratiladi.
Bank mamlakatda 1992 yildan
beri ishlab keladi. Orada bir necha uzilishlar bo'lgan, ammo bank rahbariyati
hukumat bilan qator muzokaralar ketidan loyihalarni qayta boshlab, sarmoya
kiritishda davom etmoqda.
Xo'sh, yangi
strategiya nimasi bilan "yangi"?
“Jahon Banki o’tgan ikki yil ichida vaqtincha tuzilgan reja asosida ishlab keldi,"- deydi Brefor. "Endi esa bank boshqaruv kengashi ma’qullagan aniq strategiyaga binoan
keng qamrovli dasturlarni yo’lga qo’yamiz. Qishloq xo’jaligini rivojlantirish,
ekologiya muhofazasi, kishi boshiga daromadni oshirish va iqtisodiy
imkoniyatlar yaratish, maishiy xizmat ko’rsatish sohasini takomillashtirish
kabi ishlar uchun moliya ajratamiz va texnik yordam beramiz”.
 |
Lu Brefor fikricha O'zbekiston hukumati iqtisodiy o'sish nega qashshoqlik darajasini pasaytirmayapti deb o'ylana boshlagan
|
Lu Brefor qishloqlarda turmush
darajasini ko’tarish taraqqiyot kaliti deydi. Sog’liqni saqlashdan tortib,
ta’lim va mehnat, sanitariya xizmatlari va chuchuk suv bilan ta’minlashgacha.
O’zbekiston hukumati o’tgan yili
tanishtirgan ijtimoiy himoya dasturi, Jahon Banki vakili nazarida, ijobiy qadam bo’lgan.
“Ijtimoiy himoya haqidagi
qarordan bildikki, O’zbekiston hukumati, iqtisodiy ko’rsatkichlar yuqori bo’la
turib, masalan yiliga 7-9,5 foiz, nega xalq hayoti yaxshilanmayapti deya o’ylanmoqda.
Nega qashshoqlik darajasi pasaymayapti"? Jahon Banki nazarida hukumat rejasi
nazariy jihatdan ko’p narsani ko’zlasa-da, amalda nima qilmoq zarurligi haqida
aniq maqsadlar belgilanmagan.
"Ammo bu borada harakat ketayotgani, bizningcha,
ijobiy hol. Jahon Banki ana shu kamchiliklarni to’g’rilash, bo’shliqni
to’ldirish uchun o’z hissasini qo’shmoqchi. Ham jamoat, ham xususiy sektorda”,- deydi Brefor.
Jahon Banki vakili deydiki, qishloq
xo’jaligi va hayotini rivojlantirish uchun xususiy sektorni kengaytirish va
unga yangi yo’nalishlar olib kirish lozim. "Respublikada biznes yuritish
oson emas", - deydi Lu Brefor.
"O’zbekistonda xususiy
sektoridagi vaziyatni anchadan beri o’rganib kelamiz. Xalqaro Moliya
Korporatsiyasi (Jahon Banki bilan aloqador tashkilot) hukumat bilan muntazam
muzokarada va qanday muammolar borligi hech kimga sir emas. Biznes ochish, uni
yuritish bobida ozgina siljish bor, ammo umumiy ahvol hamon mushkulligicha
qolmoqda. Mahalliy tadbirkorlar oldida rasmiy va moliyaviy to’siqlar juda ko’p.
Biz hukumatga tadbirkorlik uchun imkoniyatlar yaratish, xususiy sektorga
erkinlik berish muhim ekanini eslatib kelamiz”.
Lu Brefor O’zbekistonda
oshkoralik yetishmasligi va korrupsiya chuqur ildiz otganini tan oladi. Jahon
Banki o’z hisobotlarida bu borada qayta-qayta ogohlantirgan. Bu muammolarga
qarshi kurash, deydi Lu Brefor, hukumat va aholi irodasiga havola. Bank bu
borada yordam berishi mumkin, lekin jamiyat taraqqiy etishi uchun oshkoralikni
ta’minlash, ma’muriyat va davlat organlariga ishonchni oshirish zarur deydi u.
“Mamlakat o’zi harakat qilmasa,
Jahon Banki kabi xalqaro tashkilotlar vaziyatni o’zgartira olmaydi",- deydi Brefor.
"Oshkoralik
faqat chet eldan ko’proq sarmoya jalb etish uchun emas, aholi hayotini
yaxshilash uchun zarur shartlardan biri. Toki biznes muhiti faqat yirik xalqaro
firmalar emas, mamlakatda qaddini rostlashga urinayotgan mahalliy kompaniya va
tadbirkorlar uchun xizmat qilsin. Ana shundagina iqtisodiy barqarorlik vujudga
keladi”.
O’tgan 16 yil ichida bank
O’zbekistonga 650 million dollar ajratgan. Qoraqalpog’istonda qurg’oqchilikdan
qiynalayotgan aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashga muvaffaq bo’lindi va
qishloq xo’jaligida yangi irrigatsiya tizimlari tanishtirildi deydi Lu Brefor.
Qishloqlarda tibbiy xizmat markazlari ta’mirlanayotgani va xodimlar malakasi
oshirilayotgani ham tilga olinadi. Jahon Bankining Toshkentdagi rahbari bular
“kamtarona yutuqlar” deydi.
“Oldinda qilinadigan ishlar ko’p. Rivojlanayotgan
jamiyat har tomonlama yordamga muhtoj. O’zgarishlar quyi jabhalardan
boshlanishini unutmaslik kerak”,- deydi Lu Brefor.
Jahon Bankining bosh idorasi
Vashingtondan joylashgan. Bank boshqaruv kengashi va ijrochi direktorlar
kengashi tomonidan yuritiladi. Ijrochi direktorlar kengashida 24 a’zo bor.
Ulardan besh nafari AQSh, Britaniya, Germaniya, Fransiya va Britaniyadan, ya’ni
bankka eng ko’p pul olib keladigan, shu tariqa eng ko’p ovoz va vakolatga ega
davlatlardan.
Qolgan 19 ijrochi direktor bir necha mamlakatlarni o’z ichiga
olgan guruhlar vakillaridir. O’zbekiston Shveytsariya yetakchiligidagi guruhga
kiradi.
O’zbekistonning bankdagi badal hajmi qariyb 250 million dollar. Bu bank
kapitalining 0,16 foizini tashkil etadi.