AQSh hukumati Eronda kichik vakolatxona ochish
haqida o’ylanar ekan, rasmiy Tehron bunday taklifga ochiq ekanini bildirgan.
Ikki davlat qariyb 30 yildan beri diplomatik aloqa
yuritmaydi. AQSh rasmiylari fikricha vakolatxona xalqlarni bir-biriga
yaqinlashtirgan bo’lar edi.
Lekin “Tehronda vakolatxona ochish rejasi Bush
ma’muriyatining mamlakatni yakkalash siyosatiga zid emasmi?” - deb so’ramoqda
sharhlovchilar. Vashington, malumki, ittifoqchilaridan va xalqaro moliyaviy
tashkilotlardan Eron bilan hamkorlik qilmaslikni so’rab keladi.
AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays “aniq reja
haqida gapirishga hali erta, masala muhokamada” deya cheklanmqoda.
Eronda 1979 yilgi inqilob ketidan
AQSh bilan aloqalar uzilgan. O’shanda Amerikaning Tehrondagi diplomatlari
garovga olingan; 400 dan oshiq kun o’tib ular ozod etilgan va mojaro oqibatida
elchixona yopilgan edi. Hozirda Eron Vashingtonda, Pokiston elchixonasi qoshida
kichik idoraga ega.
Davlat departamenti rasmiysi Tom Keysining
aytishicha, AQShning Eron yadro dasturi va boshqa masalalar yuzasidan
tanqidlari Eron xalqiga qaratilmagan. “Eron xalqi va madaniyatini hurmat
qilamiz, turli sohalarda hamkorlik qilib kelyapmiz”, - deydi Keysi.
Hozirda AQShga viza olish uchun
Eron fuqarolari Dubayga borishga majbur. Tehronda esa Shveytsariya elchixonasi
AQShga doir masalalar bilan shug’ullanadi.
Oq uy Eron bilan to’g’ridan-to’g’ri siyosiy
muzokara boshlashga tayyor. Shart shuki, Eron uran boyitishni to’xtatishi
kerak. Tehron esa bu dasturni yuritishga o’zini haqli deb biladi.