27 iyun O`zbekistonda matbuot va ommaviy axborot vositalari
xodimlari kuni nishonlandi. Kuzatuvchilar fikricha, O’zbekiston matbuot
nazorat qilinuvchi sanoqli davlatlardan biri bo`lib qolmoqda. Mustaqil
jurnalistlar doimiy ta`qib ostida, xorijiy muxbirlar soni cheklangan.
O`zbekistonda majburan ruhiy xastaliklar
shifoxonasiga joylashtirilgan jurnalist Jamshid Karimovning taqdiri ikki yildirki hamon
noaniq.
U Jizzax viloyatida faoliyat yurituvchi kam sonli mustaqil jurnalistlardan
biri edi.
Taxminan 20 kun muqaddam Qoraqalpog`istonda
jurnalist Solijon Abdurahmonov hibsga olindi. Giyohvand modda saqlashda
ayblanib, qo’lga olingan jurnalist ustidan tergov ishi hamon boshlanmagan.
Solijon Abdurahmonov bilan yaqinda hibsxonada ushrashgan
advokati va uning ukasi Bahrom Abdurahmonov so’zlariga ko`ra, maqsad jurnalist
faoliyatini to`xtatish bo`lgan.
“Uning o`zi bilan yaqinda uchrashdim, ahvoli yaxshi,
shikoyati yo`q. Uning fikricha ham bu narsa atayin qilingan. Kim tomonidan,
qachon uyushtirilgan - buni tegrov jarayoni aniqlashi kerak”, - deydi Bahrom
Abdurahmonov.
O`zbekiston ommaviy axborot vositalari xodimlari bayramini
Jamshid Karimov shifoxonada, Solijon Abdurahmonov hibsxonada kutib oldi.
Mustaqil jurnalistlar fikriga ko`ra matbuot bayrami, asosan,
hukumatga sodiq jurnalistlarni taqdirlash uchun tashkil etilgan, so`z
erkinligini nishonlash uchun emas.
Bayramda an`anaviy tarzda hukumat sovg`alari tarqatilib,
davlat rahbari tabrigi o`qib eshittirilgan.
Mustaqil jurnalist Dilmurod Sayidning aytishicha, bayram
kuni tanqid aytish noqulay bo`lsa-da, o’zbek matbuoti haqida boshqa fikr bildirish qiyin.
“Matbuot tarixiga qaraydigan bo`lsak, faqat so`z erkinligi
bo`lgan mamlakatdagina rivojlanish bo`lishi mumkin”, - deydi u.
Dilmurod Sayid O`zbekiston matbuotida taqiq qo`yilgan
mualliflardan biri hisoblanadi. Bir necha yil avval bosilgan tanqidiy
maqolasidan so`ng uning maqolalari matbuotda kamdan-kam chop etila
boshlagan.
“Taqiqlanganlarning qanaqadir ro`yxati berilgan bo`lishi
mumkin, lekin hozirgacha birorta muharrir menga shunday ro`yxat borligini ochiq
aytmadi”, - deydi u.
Uning aytishicha, jurnalist Solijon Abdurahmonovning hibsga
olinishi so`z erkinligi yo’qligini ko`rsatmoqda.
“Bu narsa to`g`ri gapni yozadigan har bir jurnalistning
boshida bor. Buning ortida kimning manfaati borligini izohlash ortiqcha. Shundoq
ham tushunarli, o`nlab misollar keltirish mumkin. Bu kabi holatlar keyin ham
davom etishi ehtimoldan xoli emas”, - deydi mustaqil jurnalist.
“Bugungi kunda rejim uchun eng xavfli narsa erkin matbuot,
mustaqil jurnalistika bo`lib qolmoqda. Hukumat o`zi istayotgan yopiq jamiyat
qurish uchun ularning faoliyatini to`xtatishi kerak”, - deydi jurnalistlardan
biri.
So`z erkinligini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar
hisobotiga ko`ra, O`zbekiston matbuot erkinligini bo`g`ayotgan sanoqli
davlatlardan biri hisoblanadi.