AQSh va koalitsiya qo'shinlarining sa'y-harakatiga
qaramasdan, Afg'onistonda Tolibon kuchga to'lmoqda. Bu xulosa AQSh Mudofaa
vazirligining mamlakatdagi ahvol yuzasidan hisobotida aks etgan.
Unda yozilishicha, toliblar Afg'oniston sharqi va
janubidagi makonlarini boy bermayapti va hatto boshqa hududlarni ham qo'lga
kiritishga urinyapti.
AQSh harbiylari nazarida Tolibon Pokistonda erkin
harakat qilayotgani va chegara osha hujumlar uyushtirayotgani bois,
Afg'onistonda xavfsizlikni mustahkamlash og'ir vazifa.
Ma'lumki Pokistonning yangi hukumati Tolibonga
xayrihoh mahalliy qabilalar bilan tinchlik bitimlari imzolamoqda. Chunki shu
paytgacha harbiy strategiya ish bergani yo'q, deydi hukumat vakillari. Bush
ma'muriyati nazarida esa bunday bitimlar Afg'onistondagi ahvolni
og'irlashtiryapti.
AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts "bu yili
Afg'onistonda xurujlar ko'lami 40 foizga oshgan", - deydi. Bu aynan
afg'on-Pokiston chegarasida nazorat sustligi va qo'shin kamligi bilan
izohlanmoqda.
Pentagon chiqargan hisobot afg'on armiyasini
tayyorlash ishlariga ijobiy baho beradi. Ammo politsiyachilarni tayyorgarlikdan
o'tkazish dasturi murabbiylarga muhtoj. Shuningdek, korrupsiya va yulg'ichlik
qoradoridan qutulishga yo'l bermayapti.
Afg'oniston armiyasi mazkur yilda 70 ming,
kelasi yil esa 80 ming kishini tashkil etishi rejalangan.