Yevropa Ittifoqi va Rossiya hamkorlik bitimi
imzolashga doir muzokaralarni boshlash arafasida.
Xanti-Mansiysk shahrida o’tgan sammitda energetika va xavfsizlik bosh mavzular. Bu
Dmitriy Medvedevning Rossiya prezidenti sifatida Yevropa rahbarlari bilan ilk
uchrashuvi.
Yevropa Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barroso
Rossiya va Yevropa bir-biriga tayanadi deydi.
“Rossiya Yevropa Ittifoqining asosiy yonilg’i
ta’minotchisi. Ittifoq davlatlari esa Rossiya mahsuloti uchun ulkan bozor.
Savdo va hamkorlikdan har ikki tomon birdek manfaatdor”, - deydi Barroso.
4 iyul kuni Moskva-Bryussel hamkorlik bitimini
yangilash bo’yicha muzokaralar boshlanadi.
Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vaziri Xavier Solana
fikricha iqlim o’zgarishi, terrorizm, ommaviy qirg’in qurollarini tarqatmaslik
kabi masalalar yechimi Rossiya va Yevropa ishtirokini taqozo etadi. Moskva Eron
bilan muzokaralarda ham vositachi.
Qo’shma Shtatlar Yevropada raketa hujumiga qarshi
mudofaa tizimi o’rnatishni rejalar ekan, Rossiya rahbari Dmitriy Medvedev
“bunday masalalarni qit’a davlatlarining o’zi, birgalikda hal qilsin” deydi.
Kreml nazarida “AQSh mudofaa tizimi Yevropani Eron
kabi davlatlardan himoya qiladi” degan gaplar o’rinsiz. Ammo Bush ma’muriyati
tizimni tobora targ’ib qilar ekan, Rossiya norozilik belgisi sifatida Yevropada
oddiy qurollarni kamaytirish bo’yicha kelishuvni tark etgan.
Dmitriy Medvedev Yevropa xavfsizligini
ta’minlovchi yangi tizim barpo etishni taklif qilmoqda.