AQShda prezident saylovlariga to’rt oy qoldi. Nomzodlar -
demokrat Barak Obama va respublikachi Jon Makkeyn o’rtasida Oq Uy uchun kurash
qiziyotgan bir davr.
Siyosatdonlar nazarida Amerika tarixida nomzodlar
o’rtasidagi farq har jihatdan bu qadar katta, omma o’rtasidagi
bahsu-tortishuvlar bu darajada keng va keskin bo’lmagan. Bu - mafkura,
ijtimoiy-siyosiy tafovutlar va avlodlar-aro kurash.
Nomzodlik uchun Xillari Klintonni mag’lub qilgan Barak
Obama endi diqqatni– Jon Makkeynga qaratmoqda. Uni ham yuta olsa, AQShning
birinchi qora tanli prezidenti bo’ladi.
“Gap Vashingtonda qaysi partiya hukmronlikka kelishida emas, avvalo
Vashingtonni o’zgartirish kerakligida. Buni bizning raqiblarimiz ham yaxshi
biladi”, - deydi Obama.
Makkeyn Obamani yenga olsa, AQShda prezidentlikka saylangan eng keksa fuqaro
bo’ladi. Obamadan ustun jihati – harbiy tarjibasi va Kongressdagi uzoq yillik
xizmati.
“Senator Obamani hurmat qilaman. Ammo davlatni bu
mashaqqatli damlarda boshqarish uchun unga bilim, malaka va iroda yetishmaydi.
Mana men qodirman rahbarlikka”, - deydi Makkeyn.
Omma orasida esa Obamaning shuhrati oshib bormoqda. Demokratlarning ruhi
respublikachilarga qaraganda ancha baland. Saylovchining bugungi kayfiyati
Obamaga qo’l kelishi mumkin, deydi tahlilchi Tomas Mann.
“Xalq amaldagi respublikachi prezidentdan norozi. Omma
nazarida davlat noto’g’ri yo’ldan ketmoqda. Iqtisodiy ahvol chatoq. Iroqda esa
urush davom etmoqda. Hammaning xafsalasi pir bo’lgan”.
Ijtimoiy so’rovlar natijasiga ko’ra, Obamani oddiy ishchi
va mehnatkashlar quvvatlamoqda. Aksariyati oq tanli va demokratlarga ovoz
berishini aytmoqda.
Siyosiy tahlilchi Kley Richards bundan hayron emas.
“AQShda ishchilar faol fuqarolar. Iqtisodiy tanazzul ularga
juda og’ir tushmoqda. Obama ular nazarida prezidentlikka eng ma’qul nomzod. Bu
yilgi saylov natijasini iqtisod hal etadi. Ularning respublikachilardan umidi
so’ngan”.
Jon Makkeyn Oq Uy uchun kurash oson kechmasligini biladi. “Raqibimni mag’lub
qilish uchun jon-jahdim bilan harakat qilishga tayyorman. Omad hozircha u
tomonda”.
Makkeyn mustaqil fikrlovchi arbob. Ommaviy so’rovlar va shon-shuhrat uning
uchun muhim emas deydi tahlilchilar.
“Makkeyn ishimga, yutuqlarimga va hulq-atvorimga qarab baho
bering deydigan odam”, - deydi tahlilchi Tomas Mann.
Makkeyn urush qahramoni va terrorizmni AQSh kelajagi uchun
asosiy tahdid deb biladi. Xavfsizlik uning uchun birinchi o’rinda. Obamadan
ustun tomoni ham shu, deydi janob Mann.
“Arimlar nazarida Obama bosh qo’mondonlik uchun hali ancha
yosh. Shu sabab, odamlarni “yo’q, men
Amerikani boshqara olaman” deya ishontirish unga ancha qiyin bo’ladi”.
Obama kelishgan, yoqimtoy va so’zga chechan arbob sifatida ko’kka
ko’tarilmoqda. O’zgarishlar davri keldi degan gaplari ayniqsa yoshlarga juda
ma’qul. Lekin saylov kunigacha ko’p narsa o’zgarishi ham hech gap emas.