Rossiya
va Yevropa Ittifoqi yangicha hamkorlik borasida fikr almashmoqda. Ittifoq
rahbariyati va Kreml inson huquqlari va demokratik tamoyillar yo'lida birga
ishlash ustida o'ylanmoqda.
Toshkentdagi ayrim sharhlovchilar nazarida Rossiyada demokratik islohotlar boshlansa, bu bevosita
O`zbekistondagi siyosiy boshqaruvga ham ta`sir etmay qolmaydi.
Tanqidchilar izohicha Rossiya va O'zbekistonning avtoritar tuzumi bir-biriga suyanib keladi.
"[Yevropa Ittifoqi bilan] uchrashuvda
Medvedov Putinning avvalgi gaplarini takrorladi, ya'ni munosabatlarda biror yangilik
bo'lishi kutilmaydi. Agarda hozir Rossiya Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni yaxshilab,
Yevropa standartlariga o`tsa, buning O`zbekistondagi vaziyat uchun katta ta`siri
bo'ladi", - deydi "Birlik" partiyasi rais o'rinbosari Po'lat Oxun.
Rossiya
tarkibidagi muxtor respublikalardan biri - Tatariston prezidenti Mintemir
Shaymiyev gubernatorlarni Kreml tayinlamasdan, ularni xalq saylasin deb chiqmoqda.
Tahlilchilar fikricha Tatariston rahbari bu undov bilan markaziy hukumat ta'sirini kamaytirish lozim demoqda.
Muxolifatdagi
"Birlik" partiyasi rais o`rinbosari Po`lat Oxunga ko`ra Mintemir Shaymiyev
Kremlning keskin nazoratiga qaramasdan mustaqil siyosat yuritishga urinayotgan tajbirali arbob.
"Chechenlar
oxir oqibatda Rossiya bilan fuqarolik urushigacha bordi. Lekin Tatariston
urushsiz ko`p imkoniyatlarga ega bo`ldi. Bu albatta Shaymiyevning juda tajribali
siyosatchi ekanidan dalolat. Yeltsin o`sha paytda kelib, "xohlagacha
mustaqillik olinglar" degan davrlardan boshlab, Tatariston Rossiya
ichida ancha mustaqillika erishdi. Regional rahbarlar ichida Shaymiyevning
nufuzi baland. Putin kelgach, shularni ham hisobga olib, regional
rahbarlarning vakolatlarini cheklashga tushdi va ularni o`zi tayinlaydigan bo`ldi", - deydi Po`lat Oxun.
Tatariston prezidenti jumladan muxtoriyat rahbarini markaz emas,
balki tatarlarning o`zi saylasin deb xalq manfaatlarini himoya qilmoqda deydi kuzatuvchi.
"Putun prezidentligining oxirgi yillarida Shaymiyevning o'rniga Ichki ishlar vaziri
Rashid Nurgaliyevni tayinlash haqida gaplar yurdi. Ehtimol shunday bayonot bilan
Shaymiyev Tatariston xalqiga ham murojaat qilmoqda. Yangi prezidentni o'zingiz tanlang deya undamoqda", - deydi Po'lat Oxun.
Sharqshunos
olim Abdusattor Jumanazarga ko`ra esa turkiylarni katta bir qismini tashkil etuvchi
tatarlar Rossiyadagi asosiy mahalliy xalqlardan biri.
"Hozirgi
Volga daryosi bo`ylab qadimda bulg`orlar degan xalq yashagan. Bulg`orlar
hozirgi tatarlar. Ularning tarixi mashhur Atilladan ham avvalga borib taqaladi. Bir
saltanat kelib gullab-yashnaydi va keyinroq inqirozga uchraydi. Tatarlarda ham shunday. Avval buyuk saltanatlar qurgan bo`lsa, Ivan Grozniy davridan boshlab turkiy
dunyo inqirozga uchray boshladi. Oltin o`rda xonligi tugatildi. Rossiyada
ruslar davri boshlandi. Qudratli Rossiya imperiyasiga asos solindi. Shu paytdan
boshlab tatarlar ham parchalanib ketdi", -
deydi olim.
Kreml Tatariston rahbarining chaqiriqlariga javob bermagan. Tahlilchilar nazarida Mintemir Shaymiyev mavridi kelmaganda bunday bayonot bilan chiqmagan bo'lardi. "U ehtiyotkor siyosatchi",- deydi ular.