Global
tarmoq – Internet yil sayin har bir xonadonga kirib bormoqda. Internet orqali odamlar nafaqat bir-biri bilan gaplashadi va xat almashadi, balki ishlaydi va bozor qiladi ham.
1990-yillarning oxiridan
boshlab global tarmoq ta’lim muassasalarini ham qamrab olgan.
Virtual
ta’lim maktab va oliygohlarni bilim berishning yangicha metodlari bilan chiqishga
majbur qilmoqda.
Internet paydo
bo’lganidan beri maktablar ham shaklan, ham mazmunan o’zgardi. Bugun
Amerikaning 42 shtatida uzoqdan turib o’qitish dasturlari mavjud.
Indiana
Universiteti qoshidagi Ta’lim va Sifatni Tahlil qilish Markazi e’lon
qilgan hisobotga ko’ra, 18 shtatda darslar boshdan oyoq internet orqali
o’tiladigan kollejlar ishlamoqda. Bu kollejlarning binosi va pochta manzilini
topa olmaysiz, hammasi global tarmoqda.
Talabalar istagan payt domla bilan gaplasha oladi – internet orqali. Video va
audio muloqot o’rnatilgan.
1997 yilda Florida shtati
AQShdagi ilk va eng yirik Internet maktabni ishga tushirgan edi. Florida Virtual
Maktabi bugun o’quvchiga 90 dan ortiq fan taklif qiladi. O’tgan yili ta’lim
dargohi talabalari soni 56 mingni tashkil etdi. Studentlar bir yoki ikkita
fandan saboq olishni ma’qul ko’radi. Ko’pi bir vaqtning o’zida haqiqiy kollej
va universitetlarda o’qimoqda.
Yaqinda esa Florida Virtual
Global Maktabi ish boshladi. Boshqa davlatda yashaydigan studentlar ham bemalol
dars olishi mumkin. "Afrikada va hatto Yaponiyada talabalarim bor",- deydi ingliz tili
o’qituvchisi Janey Xeyking.
Ular AQSh kollejiga o’qishga
kirishdan oldin internet orqali tayyorlov kurslarida ishtirok etmoqda.
Internetdagi kollej va
universitetlar haqida har xil qarashlar bor. Indiana Universiteti hisobotiga
ko’ra, Florida Virtual Maktabi talabalari boshqa tengdoshlariga qaraganda
yuqori baho olmoqda. Biroq Kanzas va Koloradodagi online kollej studentlarining
baholari qoniqarsiz.
Sohada ishlay oladigan murabbiy
kadrlar hali u qadar ko’p emas. Indiana Universiteti hisobotini o’rgangan
muallimlar virtual maktablar ustida hali biroz ishlash lozim degan fikrda.