Eron va G'arb mamlakatlari
o'rtasidagi qarama-qarshilik bugun eng chigal masalalardan biri bo'lib
qolyapti. Tehron yaqinda unga taklif etilgan iqtisodiy yordamni rad etib, uran
boyitishni davom ettirishga qaror qildi. Bunga javoban, Yevropa Ittifoqi, AQSh
qistovi ostida, Eronga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirgan. Masalani hal etish uchun kuch qo'llash takliflari ham yo'q
emas.
Bush ma'muriyati faqat diplomatiyaga tayanamiz deya
qayta-qayta takrorlasa-da, so'nggi paytlarda harbiy chora masala yechimi
sifatida yana tilga olina boshlandi.
Yaqinda Isroil keng ko'lamli harbiy mashg'ulotlar
o'tkazgan. AQSh va Isroilning ismi oshkor etilmagan rasmiylari fikricha Isroil
Erondagi yadro inshootlarni yo'q qilishni mashq qilgan.
"Isroilning toqati toq bo'ldi",- deydi tahlilchi Ken
Katzman. Uning aytishicha Eron G'arb davlatlarining tahdidlaridan
cho'chimasligi borasida bayonotlar berishda davom etar ekan, Isroil "masalani
tez orada hal qilmasa bo'lmaydi" qabilida ish tutmoqda. "Harbiy mashg'ulotlar
o'tkazib, AQShni tezkor chora ko'rishga da'vat etyapti",- deydi Katzman.
Lekin Isroil, mutaxassislar ta'biricha, AQSh
hamkorligisiz Eronga hujum qila olmaydi.
Sobiq razvedkachi Veyn Vaytning aytishicha, Isroil
jangovar samolyotlarining uzoq masofaga ucha olish salohiyati cheklangan.
"Eronning yadroviy inshootlarini harbiy yo'l bilan ishdan chiqarish uchun AQSh
yordamidan foydalanishga to'g'ri keladi",- deydi u.
Operatsiya amalga oshgan taqdirda, Isroil
samolyotlariga ehtimol Iroq osmonida, parvoz chog'ida yonilg'i quyiladi. Bu
hudud hamon AQSh nazorati ostida ekan, operatsiya Vashington ishtirokisiz
o'tishini tasavvur qilish qiyin, deydi mutaxassislar.
Vashingtonda joylashgan Yaqin Sharq Instituti
yaqinda "So'nggi chora" nomli izlanish chop etdi. Unda Eronga ehtimoliy havo
hujumi strategiyasi va oqibatlari tahlil qilingan.
Izlanish muallifi Maykl Eyzenstad Eronga qarshi urush
ochilsa, uzoqqa cho'ziladi deya xulosa qiladi. "Chunki mamlakat yadro
inshootlari turli jadval va tartib asosida ishlaydi. Eron ham jiddiy javob
choralarini ko'rishga qodir mamlakat",- deydi u.
Sobiq razvedkachi Veyn Vayt deydi-ki, ehtimoliy
operatsiya 2 minggacha parvozni o'z ichiga olishi mumkin. "Birinchi navbatda
Eronning Fors ko'rfazidagi havo va dengiz kuchlari, harbiy ob'yektlari nishonga
olinadi. Shuni unutmaslik kerakki, Eron zarba ketidan inshootlarini tiklashga
ham kirishishi mumkin".
Tahlilchilar nazarida Eron yadro qurolini
tarqatmaslik to'g'risidagi bitimni rad etib, ochiqchasiga yadro qurolini ishlab
chiqarish uchun xuddi shunday bir hujumni kutib turgan bo'lsa ajabmas.
Hujumga javoban Tehron Iroq va Afg'onistondagi
harbiy harakatlarini faollashtirishga urinishi mumkin. Diniy rahnamosi Oyatulla
Xomenei, shuningdek, dunyo bo'ylab AQSh manfaatlariga zarba berilishini
ta'kidlagan.