Amerika Ovozi ▪ Uzbek
Xolis axborot manbai

Matnning o'zi
Search

Tahlilchilar: O'zbekistonda korrupsiya - tirikchilik


01/07/2008

Oliy Majlis
Oliy Majlis ratifikatsiya bilan respublikaga chet eldan sarmoya kela boshlaydi deb umid qilayotgan bo'lishi mumkin, ammo qonun hozircha faqat qog'ozda. Shu paytgacha ma'qullangan o'nlab xalqaro hujjatlar qatorida chang bosib yotibdi.
O’zbekiston Oliy Majlisi BMTning korrupsiyaga qarshi kurash bo’yicha xalqaro konvensiyasiga qo’shilish haqidagi qonunni ma’qullagan.

Konvensiyaga qo’shilish, deya bildiradi Oliy Majlis matbuot xizmati, sud va huquq tizimi va davlat xizmatini takomillashtirish va investitsiya muhitini yaxshilash uchun xizmat qiladi. 

Sharhlovchilar nazarida esa xalqaro hujjatni yoqlash bilan O’zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash boshlandi deya olmaymiz. Chunki, deydi ular, mamlakatda korrupsiya ildiziga bolta uruvchi vositalar – matbuot va nohukumat tashkilotlar juda zaif. 

Ommaviy axborot vositalari siyosiy bosim ostida faoliyat yuritadi. Mamlakatda hukumatni yoqlagan tashkilotlargina ishlay oladi.

O'zbekistonda korrupsiya ildiz otmagan sohani topish qiyin. Korrupsiya tirikchilikning bir qismi va aholi turmush tarziga singib bo'lgan.

Mutaxassislar davlat boshqaruvining o'zi korrupsiyaga asoslangan deydi. 

"Korrupsiya hukumatning umurtqa pog'onasi hisoblanadi, ya'ni har bir lavozimga tayinlash uchun pora olish... Bularni yo'qotadigan bo'lsa, tuzumning o'zi ham yo'qoladi. Ratifikatsiya qilingan qonun hech narsani bildirmaydi. Tepadagi rahbarlarda korrupsiyaga qarshi kurashish uchun siyosiy irodaning o'zi yo'q. Bitta buyruq bilan bu boradagi milliy qonunni qabul qilish mumkin edi. Ratifikatsiya qilingani bilan bu milliy qonun bo'lmasa, u qanday amalga oshadi ", - deydi sharhlovchi Toshpo'lat Yo'ldoshev.

Bundan sal avval Oliy Majlis odam savdosiga qarshi kurash bo'yicha qonun loyihasini muhokama qilgan edi. Bu borada qabul qilingan qonunlar samarasi ham shubha ostida.

Tahlilchilar nazarida Toshkentda keyingi paytda bir qator xalqaro konvensiyalarning ratifikatsiya qilinishi asosan xalqaro hamjamiyat ko'zi uchun, xo'jako'rsinga qilinayotgan harakatlardir. 

Toshpo'lat Yo'ldoshev fikricha bu qonunlar ijrosi uchun zarur mexanizmlar - ijro vositalari mavjud emas.

"Butun siyosat o'zgartirilganidan keyingina ijro mexanizmi bo'ladi. Qonunlar ijrosi jamoatchilik va matbuotga borib taqaladi. O'zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish uchun zarracha ham sharoit yo'q", - deydi sharhlovchi.

Keyingi paytda viloyat va tuman miqyosida bir necha hokim ishdan olindi. Ularning ayrimlari korrupsiyaga aloqadorlikda ayblanib sudga tortilgan.

"Hokimlar yoki boshqa yuqori amaldorlarga nisbatan jinoiy ishlar qo'zgatilishi muntazam davom etishi kerak. Mamlakatda yulg'ich amaldorlarning soni juda ko'p. Bu narsaning vaqti-vaqti bilan qilinishi qonun tanlov asosida ishlayapti degan xulosaga olib keladi. Hukumat doirasidagi korrupsiya hech kimga sir emas. Buni yuqori lavozimdagilarning o'zi ham biladi.  Shuning uchun ratifikatsiya qilishdan boshqa imkoniyat ham qolmagan bo'lsa kerak", - deydi tahlilchi Abdusalom Ergashev.

Sharhlovchilarga ko`ra mamlakatdagi iqtisodiy muhitga ishonch kam. Oliy Majlis ratifikatsiya bilan respublikaga chet eldan sarmoya kela boshlaydi deb umid qilayotgan bo'lishi mumkin, ammo qonun hozircha faqat qog'ozda. Shu paytgacha ma'qullangan o'nlab xalqaro hujjatlar qatorida chang bosib yotibdi.

emailme.gif Xabarni jo'nating
printerfriendly.gif Bosma uchun

  Bosh mavzu
Avtokratiyadan demokratiya sari... Siyosiy tajribalar

  Boshqa xabarlar
Rahbariyat o'zgarishi qaltis va murakkab jarayon
Yevropa Barak Obamadan qanday o'zgarishlar kutmoqda?
Xillari Klintonga O'zbekistonda umid bilan qarashmoqda
Inqiroz paytida umid badavlat va saxiy odamlarga bog'langan
AQSh Pokistonni Mumbay xuruji bo'yicha hamkorlikka chaqirmoqda
Obama ma'muriyati Afg'onistonda yangi strategiya bo'yicha ish ko'radi
Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuvdan oddiy xalq nima naf ko'radi?
Bush prezidentlik yillarini sarhisob qilmoqda
AQSh iqtisodiyoti rasman tanazzulda
O'zbekiston-Rossiya aloqalari rasmiy darajada rivojlanmoqda xolos
Xillari Klinton - davlat kotibi lavozimiga nomzod
AQSh Mumbaydagi terror xurujini tergov qilishga yordam beradi
Lora Bush: AQSh Afg'onistonni yakka tashlab qo'ymaydi
"Amerika Ovozi" muxlislar savollariga javob beradi
Mintaqa davlatlari birlashishiga umid bormi?