![[insert caption here] [insert caption here]](/uzbek/images/uzbek_bush_fukuda.jpg) |
AQSh prezidenti Jorj Bush va Yaponiya Bosh vaziri Yasuo Fukuda
|
AQSh prezidenti Jorj Bush yozgi Olimpiya
o’yinlarining ochilish marosimida ishtirok etishini bildirmoqda.
Uning
aytishicha Xitoyda inson huquqlari ahvolini yaxshilash uchun ancha ishlar
qilinishi kerak, biroq yozgi o’yinlar siyosatdan ayri masala.
Bush Katta Sakkizlik guruhiga a’zo mamlakatlar
sammitida ishtirok etyapti. Guruhga AQSh, Yaponiya, Rossiya, Fransiya,
Britaniya, Kanada, Italiya va Germaniya a’zo.
Jahonning eng taraqqiy etgan davlatlari sammitiga bu
safar Yaponiya mezbonlik qilyapti. Narx-navoning o’sib borayotgani, iqlim
o’zgarishi hamda Zimbabvedagi saylovlar – kun tartibiga qo’yilgan asosiy
mavzular.
![[insert caption here] [insert caption here]](/uzbek/images/uzbek_yaponiya_g8_namoyish.jpg) |
Globallashuv jarayoniga qarshi guruhlar namoyishi
|
Prezident Bush yig’ilishni “Katta Sakkizlik
doirasida qabul qilingan qarorlarni ijro etishdan boshlash kerak”, - deydi.
Ikki yil ilgari, Afrika mamlakatlariga 22 milliard dollar miqdorida yordam
va’da qilingan edi. Insonparvarlik tashkilotlari hisobiga ko’ra, shuning 14
foizi yetkazilgan, qolgani qog’ozda qolib ketgan.
Bush, Yaponiya Bosh vaziri Yasuo Fukuda bilan
alohida uchrashuvda Shimoliy Koreya atom dasturini muhokama qilgan.
“Shimoliy Koreya atom inshootlarini yopishga rozilik
berib, so’ralgan hujjat va hisobotlarni taqdim etgani uchun terrorizmni
quvvatlovchi davlatlar ro’yxatidan chiqarilgan. Biroq boshqa majburiyatlarini
bajarishi shart. Aks holda iqtisodiy sanksiyalar joyida qoladi”, - deydi AQSh
rahbari.
Global harorat ko’tarilishini to’xtatish bo’yicha
chora-tadbirlar sammitdagi bosh mavzulardan.
AQSh prezidenti fikricha atmosferada zaharli
gazlarni kamaytirishga qaratilgan global shartnomalar Hindiston va Xitoyni ham
o’z ichiga olsagina samara berishi mumkin.
O’tgan yilgi sammitda zaharli
gazlarni 2050 yilga borib 50 foizga
kamaytirish tashabbusi olg’a surilgan, biroq AQSh taklifga qarshi chiqqan edi.
Katta Sakkizlik sammitida Zimbabveda o’tgan saylov
jarayoni va oltinchi marotaba prezident etib saylangan Robert Mugabe keskin
tanqid ostiga olinishi kutilmoqda. Muxolifat rahbari Morgan Tsvangiray va G’arb
davlatlari saylovni adolatsiz deb baholagan.