![[insert caption here] [insert caption here]](/uzbek/images/uzbek_william_burns.jpg) |
AQSh Davlat kotibi muovini Vilyam Berns shanba kuni
Jenevada Eron rasmiysi Said Jaliliy bilan muzokarada qatnashadi
|
AQSh Davlat kotibi muovini Vilyam Berns joriy hafta oxirida
Jenevaga safar qilib, Eron rasmiysi Said Jaliliy bilan muzokarada qatnashadi.
G’arb davlatlari Erondan uranni boyitishni bas qilishni so’rab, evaziga imtiyoz
taklif qilmoqda. Hal qiluvchi muloqot chog’ida Tehron o’z javobini aytadi.
Davlat departamenti matbuot kotibi Shon Makkormak so’zlariga
ko’ra, AQSh diplomati Vilyam Berns Eron vakili Said Jaliliy bilan yuzma-yuz
muloqot qilmaydi. Ammo Amerika diplomatining ishtiroki Vashingtonning
xayrixohligidan dalolatdir.
Kelayotgan shanba Jenevada rejalangan muzokarada Yevropa
Ittifoqining Tashqi siyosat bo’yicha vakili Xavyer Solana ham qatnashadi.
Bush ma’muriyati shu paytgacha Eron bilan bevosita muloqot qilishdan bosh
tortib kelgan edi. Dastlab Tehron yadro dasturini tugatsin deya talab
qo’yilgan. Rasmiy Vashington nazarida Eron yadro quroli ustida ishlamoqda.
BMT Xavfsizlik Kengashining 5 doimiy a’zosi va Germaniya
Eronni ko’ndirish uchun qator imtiyozlar va’da qilmoqda. Jenevadagi uchrashuvda
Tehron ana shu taklifga javobini e’lon qiladi.
Imtiyoz deganda esa quyidagilar nazarda tutilmoqda: Eron
tinch maqsadda yadro energiyasi ishlash chiqarishi va hatto G’arb bu sohada
ko’mak berishi mumkin. Bundan tashqari Eron havo yo’llari va samolyotlarini
yaxshilashda ko’mak taklif qilinmoqda. Uranni boyitishni bas qilsa, BMT
Xavfsizlik Kengashining sanksiyalari ham bekor qilinadi.
AQSh Davlat Departamenti matbuot kotibi Shon Makkormak
so’zlariga ko’ra, muzokarada Amerika diplomatining ishtiroki ramziy ma’no kasb
etadi. Biroq Vashingtonning pozitsiyasi hamon o’sha-o’sha.
”AQSh masalaga yangicha yondashishga, diplomatik chora
qo’llashga harakat qilmoqda”, - deydi Makkormak.
Yevropa Ittifoqi vakili Xavyer Solana Tehron bilan hozirdanoq muzokara
boshlamoqchi. Buning uchun Eron Natanz
zavodida sentrifugalar sonini ko’paytirmasligi zarur. BMT Xavfsizlik Kengashi
esa bunga javoban qo’shimcha sanksiya qo’ymay turadi.