![[insert caption here] [insert caption here]](/uzbek/images/uzbek_americaneast.jpg) |
| “Amerika va Sharq” (AmericanEast) nomli komik dramada Qo’shma Shtatlarda arablarga
bo’lgan salbiy munosabat va hayot uchun kurash tasvirlanadi |
Amerika minglab arablarga vatan. Ular taqdiri haqida hikoya qiluvchi yangi
film – “Amerika va Sharq” (AmericanEast) deya nomlanadi. Unda 2001 yil 11
sentyabrdan so’nggi hayot, musulmon va arablarning AQSh xalqiga noma’lum
hislatlari haqida hikoya qilinadi.
AQShda suratga olingan filmlarning ko’pida arablar va
musulmonlar salbiy ruhda tasvirlab kelingan.
Biroq oxirgi paytlarda unday emas. “Amerika va Sharq” filmi
– arab va amerikaliklar ijodi mahsuli.
Bosh qahramon – Mustafo Marzuk qiyofasida Los-Anjelesdagi
arab muhojirlari gavdalanadi.
Marzuk Habibi nomli kafe sohibi. Yaqin Sharqlik
muhojirlar bu yerda tez-tez to’planib turadi. U yahudiy oshnasi Sem bilan birga
yirik restoran ochishni orzu qiladi. Biroq har ikkisining oilasi birga ish
yuritishga qarshi.
Qarshilik va e’tirozlarga qaramay, Marzuk va Sem “Amerika va
Sharq” nomli restoran ochadi. Sem rolini amerikalik aktyor Toni Shalub ijro
etgan.
Film 11 sentyabr voqealaridan so’ng arablar va musulmonlarga
bo’lgan salbiy munosabat aks ettirilgan deydi ssenariy muallifi Said
Badriya.
”Bu yerda voyaga yetayotgan yosh avlod turli qiyinchiliklar bilan yuzlashmoqda.
Matbuot va televideniye arablar haqida tinmay sayraydi. Jahon Savdo Markazini portlatgan
odamning ismi Muhammad. Muhammad bo’lishga qo’rqadi odam. Film shu haqda.”
Hoshim Issaviy - film rejissyori. Filmda musulmon
bo’lishning mazmun-mohiyatini, o’zga yurtga moslashish zarurati kabi mavzular
ko’tarilgan deydi u.
Kinoasarda Mustafoning singlisi Salva boshqa din vakiliga
ko’ngil qo’yadi.
”U Amerikada katta bo’lsa-da, an’anaviy musulmon jamiyati
vakilasiday fikrlaydi. Musulmon qiz musulmon yigit bilan turmush qurishi kerak.
Mana shu qarama-qarshilikni yengib o’tib, biror qaror qabul qilishi kerak.”
Matbuotda terrorizm va islom dunyosi bir-biridan ajratilmas
ekan, AQShda musulmonlar hayoti ostin-ustun… Mustafoning o’g’li Muhammad
otasini tinmay savolga tutadi. Biz kim deya.
”Amerika va Sharq” kartinasi Gollivuddagi arab va musulmon
aktyorlar yuzlashayotgan muammolarni ham tilga oladi.
”Umar Gollivudda suratga tushadi. Tinimsiz terrorchi rolini
ijro etishdan charchagan. U menejeridan yaxshiroq rol topishni so’raydi, ammo
“hozircha bori shu” degan javob oladi.”
Filmda Falastin muammosi ham tilga olinadi. Ba’zida bu
muhokamalar kinoya va kesatiq bilan yakunlanadi.
Filmdan sahna: ”Floridada yahudiylar to’liq yotibdi. Hammasini Isroilga haydash
kerak. Falastinliklarni esa Floridaga ko’chirish kerak. Tamom.”
Bir film bilan Qo’shma Shtatlarda arablarga munosabat
o’zgarib qolmaydi, ammo odamlarni o’ylantirishi aniq deydi kartina mualliflari.
Kimgadir umid beradi.
”Film haqiqat sari bosilgan qadam deb hisoblayman.
Arzimagan, jajji qadam bo’lsa ham harna. Amerikada film yaratib, bu yurtni arab
muhojirlari nuqtai-nazaridan tasvirlash bizning vazifamiz.”