![[insert caption here] [insert caption here]](/uzbek/images/uzbek_vilyam_berns.jpg) |
Eron bilan muzokarada qatnashadigan AQSh Davlat kotibi muovini Vilyam Berns Davlat Departamentida maqomi jihatidan uchinchi
muhim rasmiy sanaladi
|
Ertaga Jenevada Eron yadro dasturiga doir anjuman ish
boshlaydi. Unda AQSh ham ishtirok etishga qaror qilgan. Eron Tashqi ishlar
vaziri Monuchehr Mo’ttaki bu qarordan mamnun ekanini aytmoqda.
Rasmiy Tehron
muzokaralar muvaffaqiyatli o’tishiga umidvor deydi Mo’ttaki.
AQSh Davlat
kotibasi Kondoliza Rays ta’biricha, xalqaro hamjamiyat Eron bilan murosa qilish
tarafdori va Qo’shma Shtatlar bu tashabbusni har jihatdan qo’llab-quvvatlaydi.
Eron uranni boyitishni to’xtatsa, shunga yarasha
taqdirlanadi.
Bu – g’oyat jiddiy taklif ekanini isbotlash uchun Qo’shma
Shtatlar Jenevaga o’z vakili -- Davlat kotibi muovini Vilyam Bernsni
jo’natmoqda. Ba’zilar buni AQSh siyosatidagi tub burilish deya ta’riflaydi.
Umuman, Jenevadagi muzokarada g’oyat salmoqli
arboblar qatnashmoqda - Yevropa
Ittifoqining Tashqi siyosat bo’yicha vaziri Xavyer Solana, BMT Xavfsizlik
Kengashining 5 doimiy a’zosi va Germaniya diplomatlari.
Joriy yilning iyunida BMT Xavfsizlik Kengashi imtiyoz va kafolatlar bitilgan
hujjatni Eronga taqdim etgan edi. Eron vakili Said Jaliliy ertaga ana shu
taklifga javob beradi.
![[insert caption here] [insert caption here]](/uzbek/images/uzbek_eron_mottaki.jpg) |
Eron Tashqi ishlar
vaziri Monuchehr Mo’ttaki muzokaralar muvaffaqiyatli o’tishiga umidvor
|
Davlat Kotibasi Kondoliza Rays fikricha, Eronga noyob imkoniyat berilmoqda.
Tehron dunyo davlatlari davrasiga qaytishi mumkin, lekin avval shartni
bajarishi lozim deydi Rays.
BMT Xavfsizlik Kengashi taklifi doirasida Eron tinch
maqsadda yadro texnologiyasi va yonilg’i ustida ishlash huquqini qo’lga
kiritib, siyosiy imtiyozlar bilan siylanadi.
Ammo Eron ta’kidiga ko’ra, amaldagi dastur ham tinch
maqsadda amalga oshirilmoqda. Uranni boyitishga haqlimiz deydi Eron rasmiylari.
Ayrim xabarlarga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Tehronda diplomatik idora ochishni
rejalamoqda. Biroq Davlat Departamenti bu xabarni tasdiqlaganicha yo’q.