Dunyoda oziq-ovqat va yonilg’i narxi oshar ekan,
ba’zi davlatlar ocharchilikka yuz tutmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining
“Ming Yillik Rivojlanish” dasturida belgilangan maqsadlar amalga oshishi uchun
katta mablag’ zarur.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun hukumatlar, BMT
agentgliklari, donor davlatlar va xususiy sektorga murojaat qilar ekan,
“qishloq xo’jaligi rivoji uchun va fermerlarga yordam tariqasida har yili 25-40
milliard dollar mablag’ ajratish zarur”, - deydi.
BMTning “Ming Yillik Rivojlanish” dasturida
kasalliklar, ocharchilik va
kambag’allikni 2015 yilgacha 50 foizga kamaytirish mo’ljallangan. Ammo
bu yo’lda oxirgi 10 yilda erishilgan yutuqlarni bir lahzada boy berish mumkin.
Oziq-ovqat narxining oshishi natijasida 100 million
odam qashshoqlik va ocharchilik bilan yuzlashmoqda. Bu o’z navbatida
mojarolardan endi oyoqqa turayotgan jamiyatlarda tinchlikni mustahkamlash
say’-harakatlarini yo’qqa chiqaryapti.
Pan Gi Mun iqlim o’zgarishi oqibatlariga ham
to’xtalgan. “Dunyoning ayrim qismlarida tinimsiz yog’ingarchilik, boshqa
nuqtalarda esa qurg’oqchilik suv xo’jaligi va irrigatsiya tizimlarini ishdan
chiqarib, hosildorlikni pasaytirmoqda”.