![[insert caption here] [insert caption here]](/uzbek/images/uzbek_odamlar_xalq.jpg) |
Mutaxassislar fikricha, O'zbekistonda o'z huquqni talab qilish madaniyati shakllanmagan,
odamlar ziddiyatga borishdan ko`ra aylanib o`tishni afzal biladi
|
Jamoatchilik fikrini o`rganuvchi “Ijtimoiy fikr” markazi navbatdagi
so’rov natijalarini e’lon qilgan. Unga ko’ra, O`zbekiston prezidenti
tashabbusida o`tkazilayotgan huquqiy islohotlarni 90 foiz aholi e’tirof etmoqda.
“Ijtimoiy fikr” xulosasiga muvofiq, inson huquqlari bo`yicha xalqaro
deklaratsiyaning 60 yilligi munosabati bilan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan
aholining deyarli barcha qatlamlari xabardor, huquqiy savodxonlik oshmoqda.
Biroq
tanqidchilar nazarida “Ijtimoiy fikr” markazi davlat buyurtmasini bajargan,
amalda vaziyat butunlay boshqa.
So`rovda O`zbekiston prezidentining
2008 yildan boshlab kuchga kirgan “O`lim jazosini bekor qilish” va “Qamoqqa olish
sanksiyasini sudlar vakolatiga o`tkazish”ga doir qarori, shuningdek, inson
huquqlari bo`yicha xalqaro deklaratsiya qabul qilinganining 60 yilligi
yuzasidan O`zbekistonda rejalangan tadbirlarga aholi munosabati o`rganilgan.
Xulosa esa shunday: so`rovda qatnashganlarning 90 foizdan ko’pi
prezident qarorlarining inson huquqlarini ta`minlashda muhim ahamiyat kasb
etishini e`tirof etgan.
“Ijtimoiy fikr”ga ko`ra, aholining xalqaro huquq borasidagi
xabardorligi oshmoqda, inson huquqlari deklaratsiyasi munosabati bilan
o`tkazilayotgan chora-tadbirlardan 97 foiz aholi xabardor, kamida 50 foiz aholi
esa inson huquqlari deklaratsiyasi matni bilan tanish.
Huquq himoyachilari markaz xulosalarini yolg’on deb
baholamoqda.
Inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovning
aytishicha, qamoqqa olish sanksiyasining sudlar vakolatiga o`tishi amaldagi
tajribani o`zgartirmagan.
“Odamlarga biror ayb qo`ymasdan, sudyaga olib kirishadi,
sudya ularni biror aybi bo`lmasada ma`muriy javobgarlikka tortib, 10-15
kunlik qamoqqa hukm qiladi. Albatta, sudya bunday qarorni Milliy Xavfsizlik
Xizmati yoki Ichki Ishlar Vazirligi bosimi ostida qabul qiladi. Hibsxonada
ularga nisbatan jinoiy ish qo`zg`atish uchun qiynoq qo`llanadi”, - deydi
Ikromov.
Uning aytishicha, o`lim jazosi haqidagi qaror ijobiy,
samarali. Sud mustaqilligi ta`minlanmagan mamlakatda begunoh odamlarning
o`limga hukm qilinish ehtimoli kuchli.
Ijtimoiy markaz aholining huquqiy savodxonligi, jumladan,
xalqaro huquq normalaridan xabardorlik o`smoqda deya xulosa qiladi.
“Xalqaro qonunlarga ko`ra ko`rilsin, desangiz sudya,
prokurorning o`zi hech narsani tushunmasa, oddiy aholi haqida nima deyish
mumkin? Masalan, uyiga militsiya kirib kelayapti--qonunga ko`ra mumkin emas! Nima
qilishsa qilishayapti, oddiy odamlar, xalq bilmaydi o`z huquqini. Bu narsalar
hatto oliygohlarda o`tilmasa, qanday qilib oddiy aholi bilishi mumkin. Shuning
o`zi “Ijtimoiy fikr” xulosasining yolg`onligini ko`rsatadi ”, - deydi Surat
Ikromov.
Qiynoqlarga tezkor javob berish guruhining analitik-tahlil
markazi vakili Suhrob Ismoilov fikriga ko`ra, keyingi paytda o`zbek matbuot
inson huquqlari mavzusiga ko’proq o`rin bermoqda, biroq bunday targ`ibot
aholiga yetib bormaydi, maqsadga erishish uchun mamlakatda inson huquqlari
buzilayotganini ko`rsatish kerak.
“Faqat shundagina jmiyatda, har bir fuqaroda inson
huquqlariga, erkinligiga munosabati o`zgarib boradi. Targ`ibotning faqat yaxshi
tomonlarni ko`rsatish bilan olib borib bo`lmaydi”, - deydi u.
Suhrob Ismoilov so’zlariga ko`ra, “Ijtimoiy fikr” markazining
huquqiy faollik haqidagi xuloslari shubhali, O`zbekistonda teskari jaryon
kuzatiladi.
“O`z huquqlarini talab qilish madaniyati shakllanmagan,
odamlar ziddiyatga borishdan ko`ra aylanib o`tishni afzal biladi. O`z haqini
talab qilayotgan kishilar nafaqat davlat idoralari bosimiga uchrashi, balki
atrofdagilar, jamiyat tomonidan ham qoralanishi tufayli ziddiyatga borishni
xohlashmaydi, boshqa yo`llar qidiradi”, - deydi Ismoilov.
Sharhlovchilar ta’biricha, “Ijtimoiy fikr” markazi haqiqy
vaziyatni ko`rsatish uchun emas, davlat buyurtmasini bajarish uchun so’riv
o’tkazgan.