Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida mintaqa suvidan
foydalanish bilan bog'liq munozarani hal etish - dolzarb muammolardan biri. Qurg'oqchilik
esa ziddiyatlarni yanada chuqurlashtirishi mumkin.
Keyingi paytda suv zaxiralariga bag'ishlangan mintaqaviy uchrashuvlar
o'tkazilgan bo'lsa-da, bu yo'nalishdagi hamkorlik aniq ijobiy natija beryapti
deb bo'lmaydi.
Mintaqada
suvdan foydalanish bo'yicha xalqaro konsorsium tuzish anchadan buyon
muhokamadagi masala. Qator xalqaro tashkilotlar va G'arb davlatlari yordam ko'rsatishga
ham tayyor. Mintaqa davlatlarida sekinlik bilan bo'lsada muhokamalar
kechayotgani seziladi.
Yaqinda
Qozog'istonda suvdan foydalanish bo'yicha uchrashuv o'tgan. Avvalroq Qozog'iston
va O'zbekiston prezidentlari uchrashuvida ham bu haqda gap borgan.
Sharhlovchilarga masala yechimi bevosita mintaqa rahbarlarining siyosiy
irodasiga bog'liq.
O'zbekiston
Fanlar Akademiyasi olimi, professor Bekjon Toshmuhammedovning aytishicha,
mintaqa suvi bilan bog'liq vaziyat dunyoning boshqa davlatlarida ham kuzatilgan.
Kelishmovchiliklar xalqaro bitimlar yordamida hal qilingan.
"Asosiy
muammo mintaqagi suv irmoqlaridan qanday foydalanish kerakligida - energetik
rejimdami yoki irrigatsiya tizimidami? Bu borada davlatlarning o'zaro kelishishi
juda qiyin ekan, har holda umumiy konsensusga kelish ehtimoli yaqin", -
deydi akademik.
Uningcha
ayni paytda muammo olimlar yoki jamoatchilik ishtirokini emas, asosan davlat
rahbarlarining siyosiy irodasini talab qiladi.
"Chegara
daryolar haqidagi xalqaro bitimlarga ko'ra chegara daryolardan energetik
maqsadda foydalanmoqchi bo'lgan tomon bu borada ikkinchi tomon bilan kelishuvga
borishi kerak. Suvni sotish masalasida esa, deylik meni hovlimni oldidan ming
yillardan buyon oqayotgan suvni qanday sotish mumkin, bu juda og'ir
masala", - deydi akademik Toshmuhammedov.
Suvdan
foydalanish masalasida kelishmovchiliklar davom etayotgani bois buning asorati
mintaqa qishloq xo'jaligida sezilmoqda.
Qozog'iston-Qirg'iziston
o'rtasida suv hajmini ko'paytirish to'g'risidagi kelishuv, suv Tojikiston va O'zbekiston
orqali Qozog'istonga o'tishi tufayli ham to'liq amalga oshmagan.
Qozog'iston
Qirg'izistondan nisbatan qimmatroq narxda elektroenergiya sotib ola boshlagach,
Qirg'iziston tomoni Qozog'iston uchun suv hajmini ko'pytirishga rozilik bergan.
Mutaxassislar
butun mintaqa suvga ehtiyoj sezayotgan bir paytda ikki tomonlama bunday
kelishuvlar uzoqqa bormasligini ta'kidlashmoqda. Mintaqa suvining boshida
joylashgan Qirg'iziston va Tojikiston suv uchun ma'lum imtiyozlar, haq
talab qilayotgan bo'lsa, O'zbekiston va Qozog'istonning pozitsiyasi suv
mintaqaning umumiy boyligi ekanidan iborat.
Hozirgacha
davom etayotgan muhokamalar tomonlar pozitsiyasida biror o'zgarish
borligini ko'rsatmaydi.
Sharhlovchilar
fikricha mintaqa davlatlari o'rtasida kelishuv yo'qligi bois keyingi
yillarda suvsizlik muammosi yanada keskinlashadi. "Ekosan" xalqaro jamg'armasi
rahbari Yusuf Shodimetovga ko'ra muammo sababi ayrim hollarda
kelishmovchiliklarda emas.
"Xalqaro
suv energetik konsorsiumi bo'yicha hamkorlik bor, bu yerda ko'p kelishuvlar bo'lishi
kerak. Ayrim vaqtda subyektiv holatlar bo'lishi mumkin, masalan qishda suvni qo'yib
yuborish, yozda berkitib qo'yish - bular diplomatik yo'llar bilan hal
qilinyapti. Lekin muammo bunda emas, muammo iqlim o'zgarishi va suv zaxirasi kamayishida",
- deydi Shodimetov.
Akademik
Bekjon Toshmuhammedovga ko'ra mintaqada davriy qirg'oqchilik hukm suryapti. Keyingi
yillarda suv ko'payishi mumkin, biroq yechim katta mablag' talab qiladigan
yangi texnoligiyalar qo'llanilishiga bog'liq.
Mutaxassislar suvdan foydalanish bo'yicha mutlaq
yangi strategiya ishlab chiqish lozimligini ta'kidlashadi.