Yaqin Sharq masalalari AQSh tashqi siyosatining
ajralmas bir qismi. Iroqda urush davom etar va Isroil-Falastin mojarosi hamon
o’z yechimini kutar ekan, Amerika o’quv maskanlarida arab jamiyatlariga
qiziqish tobora ortib bormoqda.
AMIDEAST nomli xususiy tashkilot amerikalik
talabalarga bu davlatlarni o’rganish uchun yangi dasturlar taklif qilmoqda.
Diqqat asosan madaniyat va turmush tarziga qaratilmoqda.
AMIDEAST tashkilotiga 1951 yilda asos solingan.
Maqsadi AQSh va Yaqin Sharq orasida madaniy aloqalarni kuchaytirish. Xilma-xil
dastur orqali Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika yoshlari ingliz tili kurslarini
olib, AQShda o’qish uchun
tayyorgarlikdan o’tadi.
Tashkilot hozirda yangi imkoniyatlar taklif
qilmoqda. “Amerikalik talabalar uchun”, - deydi AMIDEAST xodimi va AQShning
Siriyadagi sobiq elchisi Teodor Katuf.
“Yaqin Sharqda hozir 23 bo’limimiz bor. Amerikada
Yaqin Sharqqa borib ta’lim olishni istayotgan talabalar soni ko’paygan. Bugunga
kelib bir millionga yaqin”.
Yoshlar nafaqat arab tilini o’rganmoqda, balki
madaniyat va tarixdan ham saboq olmoqda.
“Odamlar avvalo bir-birining madaniyati va turmush
tarzini tushunishi kerak. Shundagina bir-birimizni yaxshiroq tushuna
boshlaymiz. Xolisroq qarorlar qabul qilina boshladi”.
Amerikalik talabalar, hozirigi dasturlar asosida,
arab oilalarida yashashi mumkin.
“Arab tili lahjalarga boy. Tilni o’rgatishda ana shu
jihatlarga e’tibor beramiz. Siyosiy, diniy va ijtimoiy tarix va bugungi hayot
haqida to’liq ma’lumot berishga harakat qilamiz”, - deydi dastur
tashkilotchilaridan biri Jerri Bukin-Vayner.
Marokash, Tunis, Misr, Iordaniya va Quvaytda yangi
almashinuv dasturlari yo’lga qo’yilmoqda.
Internet yangi tashabbuslarga turtki bermoqda. Arab
mamlakatlariga safar qilish, u yerda bilim olish va do’stlar orttirish
imkoniyatlari ham aynan Internet orqali keng targ’ib qilinmoqda.