![[insert caption here] [insert caption here]](/uzbek/images/uzbek_us_flag.jpg) |
O'zbekiston hukumati doimiy dushman
orttirish yoki doimiy do’stlarga ishonib yurish unchalik aqlli siyosat emasligini tushunib yetgan deydi, sharhlovchilar.
|
AQShning O’zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi
Richard Norland Toshkentda O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan
uchrashdi. Elchi O'zbekiston-AQSh munosabatlari rivojlanib borayotganini
ta'kidlab, ikki tomonlama hamkorlik bundan keyin ham o'zaro manfaatdorlik
asosida kechishiga ishonch bildirgan.
O`zbekiston televideniyesi “Axborot” dasturida ko`rsatilgan
mazkur uchrashuvda tomonlar AQSh va O`zbekiston o`rtasidagi munosabatlar
rivojlanayotganini e`tirof etdi.
O`zbekiston prezidentining aytishicha, uchrashuv hamkorlik
nuqtalari bo`yicha fikr almashish uchun yaxshi imkoniyat, elchi Richard Norland
mamlakatdagi vaziyat bilan boshqa manbalarga tayanib emas, balki bevosita
tanishgan.
O`zbekiston prezidenti AQSh bilan hamkorlik masalalari
bo`yicha gapirayotib AQSh Davlat kotibi yordamchisi Richard Baucherning
O`zbekistonga tashrifini, tashrif doirasida homkorlikning prinsipial yo`nalishlari
muhokama qilinganini ta`kidlab o`tdi.
AQShning O`zbekistondagi elchisi Richard Norland mamlakatda
2007 yilning noyabrida ish boshlagan.
Sharhlovchilar fikriga kora, Richard Norland faoliyati
mobaynida inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatning og’irligiga qaramasdan O`zbekiston
hukumati bilan aloqalarni tiklashda ancha faollik ko`rsatgan.
AQShning Toshkentdagi elchixonasida bo`lib o`tgan matbuot
anjumanida Richard Norland inson huquqlari masalasida hukumat bilan muloqot
qilish, muzokaralar natijasida islohotlarga erishish mumkiligini ta`kidlab
o`tgan edi.
AQSh va O`zbekiston aloqalari haqida gapirgan elchi
hamkorlikka qiziqish bildirilayotgani, bu aloqalar o`zaro ishonch va
manfaatlarga asoslanayotgani, hamkorlik jarayoni davomli tarzda amalga
oshishini bildirgan edi.
AQSh elchisi O`zbekistonda o`lim jazosi bekor qilinishi, sud
huquq tizimidagi islohotlarga bag`ishlangan xalqaro konferensiyalarda ham
ishtirok etgan, bu islohotlarning inson huquqlarini ta`minlashdagi o`rnini
yuqori baholagan edi.
Sharhlovchilar O`zbekiston prezidentining AQSh elchisi bilan
uchrashuvini tulicha izohlamoqda.
Sharhlovchi Kamron Aliyev so’zlariga ko`ra, O`zbekiston
hukumati ayni paytda aniq bir siyosiy burilishlar lozimligini tushunmoqda.
“Chunki oddiy mantiqqa qarasak ham, doimiy dushman
orttirish yoki doimiy do’stlarga ishonib yurish unchalik aqlli siyosat emas
edi. So`nggi paytda, ayniqsa, Andijon fojealaridan keyin O`zbekiston-G`arb
aloqalari juda og`irlashdi, bundan O`zbekistonga naf bo`ladi deb hech kim ayta
olmaydi”, - deydi Aliyev.
Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi vakili Po’lat Oxun
ta’biricha, geosiyosiy manfaatlarga asoslangan munosabatlar rivojlanayapti,
xolos.
“(Richard) Baucher kelgandan keyin elchining qabul qilinishi
aniq masalalar muhokamasiga qaratilgan deb hisoblayman. AQSh elchisi bilan uchrashuvda
inson huquqlari masalasi ko`tarilmasligi mumkin emas. Har holda u demokratik
qadriyatlar davlati vakili. Biroq gap bu masala uchrashuvda qay darajada
muhokama qilinganida. Keyingi paytda inson huquqlari masalasi AQSh tomonidan ham,
Yevropa Ittifoqi tomonidan ham unchalik e`tiborga olinmayapti”, - deydi Po`lat
Oxun.
AQSh va O`zbekiston aloqalari Andijon fojealaridan keyin
keskin sovuqlashdi, Afg`onistondagi harbiy amaliyotlarda foydalanilgan
AQSh harbiy bazasi O`zbekistondan chiqarib yuborildi.
O`zbekistonda AQShga qarshi qattiq qoralash kampaniyasi ham kuzatildi.
Ammo yaqinda deyarli to’xtagan aloqalar qayta jonlana boshlangan.