AQShning BMTdagi missiyasi
siyosiy mahbuslar mavzusida davra suhbati o’tkazmoqda. Unda Belarus, Birma,
Suriya, Eritreya, Kuba va o’zbekistonlik huquq faollari va sobiq siyosiy
mahbuslar bu davlatlardagi ahvol haqida axborot beradi.
Muxolifatdagi “Serquyosh
O’zbekiston” koalitsiyasi rahbari Sanjar Umarovning o’g’li G’ulom Umarovning
aytishicha, otasining ahvoli juda yomonlashgan. Sanjar Umarov uch yildan buyon
qamoqda saqlanadi.
“O’tgan hafta uni ko’rgani ukam
va xolam bordilar. Juda ozib ketgan. Savollarga javob bermaydi. Badanida qiynoq
alomatlari bor. Uni qamoqdan chiqarish kerak, aks holda otamni yo’qotib
qo’yishimiz mumkin”, - deydi G’ulom Umarov.
Sanjar Umarovning oilasi shu
hafta prezident Islom Karimovga ochiq xat yozib unda faolni qamoqdan ozod
etishni so’ragan.
“Otamiz qotil yoki terrorchi
bo’lmasa, uni qamoqda ushlab turishning nima keragi bor? Uyda uni besh
farzandi, jumladan ikki go’dagi kutib o’tiribdi”, - deyiladi xatda.
“U hukumatga hech qanday xavf
solmayotgan bo’lsa, nega uni ushlab turishibdi? U ham mayli, qiynoqqa
solishning nima keragi bor”, - deb so’raydi Sanjar Umarovning o’g’li.
AQShning BMTdagi missiyasida
bo’ladigan tadbirda G’ulom Umarov otasining misolida O’zbekistonda siyosiy
mahbuslar taqdiri, qiynoqqa solish amaliyoti haqida so’zlaydi.
G’ulom Umarovning aytishicha,
O’zbekistonda inson huquqlari bilan bog’liq muammolarni hal qilish uchun
Qo’shma Shtatlar hukumat bilan muloqot qilib turishi kerak.
Yaqinda O’zbekistonga AQSh
Davlat kotibi muovini Richard Baucher tashrif buyurgan. Ayrim kuzatuvchilar
nazarida Qo’shma Shtatlar bilan munosabatlarini tiklashga intilayotgan
O’zbekiston hukumati Baucher tashrifi davomida Ahmadjon Odilov va Mo’tabar
Tojiboyeva kabi mahbuslarni ozodlikka chiqargan.
G’ulom Umarov buning bahonasida
otasining ham ozod etilishiga umid qilmoqda. Ammo afsuski, deydi u, bir kishini
qamoqdan chiqarib, uning o’rnini ikki kishi bilan to’ldirishmoqda.
AQShning BMTdagi vakolatxonasida
bo’ladigan davra suhbati muhim ahamiyat kasb etadi, deydi AQSh Davlat
kotibining ijtimoiy masalalar bo’yicha yordamchisi Grover Riz.
“Avvalambor, bu kabi tadbirlar
xalqaro jamoatchilik diqqatini inson huquqlariga qaratadi. Qo’shma Shtatlar
jahon bo’ylab siyosiy mahbuslarning chiqarilishini talab qiluvchi rezolyutsiya
tashabbusi bilan chiqdi. 64 davlat uni imzoladi”, - deydi Jozef Riz.
AQSh rasmiysi nazarida inson
huquqlari muammolarini hal qilish maqsadida tashkil etilgan ayrim xalqaro
tuzilmalar o’z vazifasini sidqidildan bajarmayapti. BMT Inson huquqlari
kengashi shular jumlasidan.
“Inson huquqlarini muntazam ravishda buzadigan
davlatlar kengashda til biriktirib, huquq himoyasiga qaratilgan hujjatlarni
o’tkazmaydi. Kengashdan o’ziga nisbatan tanqiddan himoya sifatida foydalanadi”,
- deydi elchi Riz.