Neft tobora qimmatlashib, unga bo'lgan ehtiyoj
oshib borar ekan, bugun muqobil manbalar haqida o'ylash payti yetgan. Arzon va
ekologiyaga zararsiz energetik manbalarni topish uchun neft iste'mol qiluvchi
davlatlar milliardlab dollar sarflamoqda.
Yaqinda o'zbekistonlik bir guruh muhandislar
suvdan yangicha usulda elektr toki olish ustida ishlab, xalqaro energetik
tanlovda g'olib chiqqan.
Muqobil energiya manbalarini
ishlab chiqishga ixtisoslashgan "Erg" nomli muhandislik-tadqiqot guruhiga
German Treshalov rahbarlik qiladi. Guruhga O'zbekiston, Qozog'iston va Rossiyada
yashovchi turli soha vakillari kiradi.
German Treshalovning aytishicha ular "katta
bosimsiz, oddiy oqar suvdan quvvat olishning shunday bir yo'lini kashf
qilganki, amalda qo'llansa arzon elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin".
Treshalov kashfiyot haqida O'zbekiston va Rossiya
Fanlar Akademiyasi, O'zbekistondagi energetika sohasi mutasaddilari va
Qozog'istondagi tegishli agentliklarni xabardor qilgan.
"Loyihani takomillashtirish uchun bizga texnologik
baza, ya'ni uskuna va jihozlar hamda sinov uchun laboratoriyalar kerak", -
deydi "Erg" guruhi rahbari.
Mintaqa olimlarining suvdan
yangicha usulda quvvat olish bo'yicha ilmiy ishi yaqinda Bryusselda, energetika
sohasida xalqaro tanlov g'olibi bo'ldi. "Energy Globe Award" tanlovi Yevropa
Komissiyasi tomonidan har yili o'tkaziladi. O'zbekistonlik kashfiyotchilar ishi
bu yili komissiyaga taqdim etilgan 853 loyiha ichidan tanlab olingan.
Olim Treshalovning aytishicha, guruh ilmiy ishni
davom ettirishi uchun texnologik bazaga muhtoj ekan, xorijiy tashkilotlar va
sarmoyadorlarni O'zbekistonga jalb qilmoqchi. Bu yo'lda muzokaralar olib
borilmoqda.
"Ammo kashfiyotga mahalliy ommaviy axborot
vositalari e'tiborini jalb qilish oson bo'lmayapti", - deydi Treshalov.
Yonilg'i tobora qimmatlashib borayotgan bir paytda,
butun dunyoda muqobil energiya sanoatini rivojlantirishga e'tibor katta.
O'zbekistonda quyosh nuridan quvvat olina boshlangan. Mamlakat, deydi
mutaxassislar, katta tabiiy va ilmiy salohiyatga ega, ammo sarmoya yetishmaydi.