AQSh va Qozog’iston hukumatlari Aktau port shahri
atrofida joylashgan yadro inshootidan 300 tonna ishlatilgan
yadroviy yonilg’ini ko’chirishga taraddud ko’rmoqda.
Agar qayta ishlansa, undan 3 tonna toza plutoniy
olish mumkin, deb yozadi Vashington Tayms gazetasi.
Rejaga muvofiq, 300 tonna ishlatilgan yadroviy
yonilg’i 5 qismga bo’linib, 60 tonnali konteynerlarda temir yo’l orqali
Semipalatinsk poligoniga yetkaziladi.
Qozog’iston o’z vaqtida yadroviy qurol zaxiralari
bo’yicha dunyoda to’rtinchi o’rinda turgan. Semipalatinsk poligonida 1949-1991
yillar oralig’ida 450 dan ziyod yadroviy bomba sinalgan.
1999 yilda Qozog’iston va Qo’shma Shtatlar Kaspiy
dengizi bo’yidagi Aktau shahrida Sovet Ittifoqidan meros bo’lib qolgan yadroviy
ishootni yopishga kelishib olgan edi. Ushbu qaror ortidagi asosiy omil shuki,
deydi mutaxassislar va sobiq rasmiylar, Vashington reaktorning geografik
jihatdan Eronga yaqinligini tahdid deb biladi.
Ma’lumki, G’arb davlatlari Eronni atom quroli ishlab
chiqarishga urinayotganlikda ayblab keladi. Atom dasturini to’xtatishga
ko’ndirish harakatlari hozircha natija bermayapti.
Atom bombasi yaratish uchun 5-7 kilogram plutoniy
kifoya, deya yozadi Vashington Tayms gazetasi. Shunday ekan, Aktau reaktorida
400 bomba ishlab chiqarish uchun yetarli yonilg’i mavjud.
Qozog’istonning AQShdagi elchisi Erlan Idrissov
Eronning maqsadlari borasidagi tashvishlar ehtimol bo’rttirib ko’rsatilmoqda
deydi.
“Tehron bir paytlar Aktau shahrida diplomatik idora
ochishni rejalagan, lekin nazarimda bu ko’proq savdo-tijoratga taalluqli masala
edi”, - deydi elchi Idrissov.
AQSh rasmiylariga ko’ra yadroviy yonilg’ini
Qozog’iston shimoli-sharqiga ko’chirish taxminan 30 million dollarga tushadi va
uni Qozog’iston hukumati qoplaydi. Qo’shma Shtatlar esa mamlakatdagi yadroviy
inshootlarni ta’mirlash uchun mablag’ ajratgan.