AQShning turli shtatlarida o’qib istiqomat qilayotgan bir
guruh yosh musulmonlar yaqinda Vashingtonda yig’ilib, siyosatchilar bilan
muloqot qilgan. Amerika siyosatining shakllanishida musulmonlarning roli va
faollik haqida fikr almashgan.
Musulmon jamoalari bilan ishlash kengashi rahbari Salam
al-Marayati, yosh musulmonlarning fuqarolik burchiga bo’lgan munosabati
o’zgarmoqda, deydi. Ular davlat boshqaruvi va siyosatda ancha faollashgan.
“Hukumat idoralarini olasizmi, ommaviy axborot
vositalari yoki boshqa soha bo’lsin, ko’proq musulmonlarni jalb qilishga ahd
qilganmiz. Ularning tajribasi va bilimi bugungi kunda AQSh jamiyati va
musulmonlar orasida mavjud muammolarga yechim topgan bo’lardi”, - deydi
Marayati.
 |
Kit Ellison, AQSh kongressida ilk musulmon qonunchi
|
Vashingtonda shu mavzuda tashkil qilingan sammit
faol va siyosatga qiziqqan yoshlarni jalb qildi. Vashington siyosatini
tebratuvchi arboblar bilan ularni qiynayotgan mavzularda fikr almashdi.
Demokrat kongressmen Kit Ellison - ilk musulmon
qonunchi. Bu jamiyatda har bir insonning o’z o’rni bor, deydi u.
“Amerikada musulmon jamoalari siyosiy jihatdan
faollashib bormoqda. Ular mamlakat kelajagiga befarq emasligini namoyon qilib,
ziddiyatli mavzular yuzasidan birgalikda yechim topishga intilmoqda.”
Musulmon yoshlar, deydi Ellison, bu jamiyatda o’zini
begona his qilmasin. Ayniqsa 11 sentabrdan keyin arab va musulmonlarga nisbatan
hosil bo’lgan kayfiyat ularning fuqarolik huquqlarini cheklaganday ko’rinsa
ham. Musulmonlar ana shu huquqlar uchun kurashishi, chetda o’tirmay qonunchilar
bilan tez-tez muloqotda bo’lishi lozim.
“Ishonch va sof niyat… mana shu xislatlarga tayanib
ish ko’rilsa, aniq fikr bayon eta olinsa, musulmonlar oldida turgan to’siqlar
o’z-o’zidan yo’qoladi. Musulmonlar fikr bildirish bilan birga, birovlarning
fikriga ham quloq tutishni o’rganishi lozim”, - deydi qonunchi.
Talaba Eram Ibroxim asli Chikagodan. Hozirda
Vashingtonda amaliyot o’tamoqda.
“Qonunchilar bilan yuzma-yuz muloqot qilib, ulardan
ko’p narsani o’rganadi kishi. Meni ancha ruhlantirdi.”
Biroq, deydi Kaliforniyalik talaba Nabil al-Shurafa,
hamma musulmonlar ham o’z qonunchisi bilan yuzma-yuz ko’risha olmaydi.
“Uchrashganda ham ko’plab mavzularda fikrlarimiz
turli ekanini ko’ramiz. Bu tabiiy hol. Tortishamiz, murosa qilamiz, biroq
o’zaro hurmat yo’qolmaydi. Shunga amal qilishga har doim intilamiz.”
Sammit maqsadlaridan biri, deydi al-Shufara,
prezident saylovlari oldidan faollikni oshirish. Har bir musulmon saylovchiga
nomzodlar haqida yetarlicha ma’lumot berish, pozitsiyalarini tushuntirish.