Prezident Bushning ta’kidlashicha, Qo’shma Shtatlar va uning
bo’lajak rahbarlari inson huquqlari va demokratiyani targ’ib qilish siyosatiga
sodiq qolishi lozim.
AQSh dushmanlari, deydi prezident, savodsizlik,
qashshoqlik va umidsizlikdan foydalanib o’z safini doimo kengaytirish
harakatida.
AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi oldida nutq so’zlagan Bush
bo’lg’usi prezidentga maslahat-o’git bergan kishi bo’ldi.
Amerika xalqi oldida muhim vazifalar turibdi dedi Bush.
Korrupsiya, kasallik, kambag’allik, ochlik va zulmdan azob tortgan davlatlar
yordamga muhtoj deydi AQSh rahbari.
Mana shu yurtlarda umidsizlikka barham berish, Bush
fikricha, yangi prezident va Kongress uchun ham qarz, ham farz.
Bu AQSh xafvsizligi uchun ham muhim. Zero jinoiy
tashkilotlar xalq orasida hukm surayotgan chorasizlikdan o’z qabih maqsadlarida
foydalanadi. Kasallik va ochlikka qarshi kurash ham ustuvor vazifa, deydi Oq uy
rahbari. Xalqaro savdoni jadallashtirish orqali bu illatni yo’q qilish mumkin.
Inson huquqlari muammosi muhim jang maydoni bo’lib qolmoqda
dedi prezident Bush.
Uning fikricha, ayrim davlatlarda, jumladan Eron va Suriyada
erkinlik va tenglik uchun kurash ko’zga tashlanmoqda.
Bu insonlar yolg’iz emas. Qo’shma Shtatlar va butun dunyo
ahli erkinlik yo’lida bosh ko’targan insonlarni yoqlaydi, deydi Bush.