O’zbekiston hukumati bilan muloqot qilishni taklif
qilib kelayotgan muxolifatchilardan biri Po`lat Oxun mamlakatdan majburan
chiqarib yuborilgan. Bir necha yil chet elda yashagan oppozitsioner qariyb ikki
yil avval vatanga qaytgan edi.
Sharhlovchilarga ko`ra rahbariyat muxolif qarashdagi insonlarni ta'qib qilishda
davom etmoqda. Ulardan biri, shoir Yusuf Juma, qamoqxonada va oilaning
aytishicha, uning qiynoqqa solinayotgani haqida isbot yetarli.
"Birlik" partiyasi vakillariga
ko'ra Po'lat Oxun majburan mashinaga ortilgan va Bishkek yaqinidagi bir
yalanglikka tashlab ketilgan.
"Uning uyiga pasporti masalasida
chaqirtirilayotganini aytib bittasi kelgan. Keyin go`yoki militsiya tomonidan
Qirg`iziston nomeridagi bir mashinaga chiqarilgan va Bishkek yaqinidagi cho`lga
tashlab ketilgan. U kishi o`sha yerdagi mahalliy aholidan qayerdaligini bilib
bizga xabar berishga muvaffaq bo`ldi. Hozirda Bishkekda BMT Qochqinlar
qo`mitasiga murojaat qilgan", - deydi "Ezgulik" jamiyati vakili
Abdurahmon Tashanov.
Muxolifatchi aslida mamlakatga pasportini almashtirish uchun qaytgan
edi. O`zbekiston huquq tartibot organlari Po`lat Oxunning pasporti masalasida
hozirgacha aniq javob bermagan.
"Birlik" faollaridan
biri Hamdam Sulaymonga ko`ra keyingi paytlarda partiya yig`ilishini
o'tkazishga to'sqinlik qilinmagan. Ammo "Ezgulik" huquqni himoya qilish jamiyati vakili
Abdurahmon Tashanov fikricha hamisha hukumat bilan muloqotga kirishishga chorlab kelgan Po`lat Oxunning mamlakatdan bu tarzda chiqarib yuborilishi siyosatda biror iliqlik bo'lishidan
darak bermaydi.
"U doim hukumatni muxolifat
bilan konstruktiv ravishda muloqot qilishga chaqirib kelgan. Po'lat Oxunning takliflari inobatsiz qolgan. Hukumat hech qachon
muxolifat bilan muloqotga bormasligini namoyon etgan", - deydi Tashanov.
Sharhlovchilar nazarida rasmiy Toshkent uni demokratik qadam tashlashga undan kelayotgan AQSh
bilan munosabatlarini yaxshilayotgan bo'lsa-da, mamlakatda vaziyat hamon tarang. Hukumatga muxolif faollar va huquq
himoyachilari tazyiq ostida.
Hukumatni
keskin tanqid ostiga olgan she'rlari va chiqishlari bilan tanilgan va ayni paytda "Jasliq" qamoqxonasida
saqlanayotgan Yusuf Juma, oilasining aytishicha, qiynoqqa solinayotgan bo'lishi mumkin.
Bu haqda yaqinda shoir bilan
qamoqxonada uchrashgan qizi Feruza shunday ma`lumotlar beradi:
"Dadamni ko`rib tanimay qoldim. Judayam ozib ketgan. 40 kilogram ham chiqmaydilar. Dadamni shunday ahvolda
ko`raman deb o`ylamagan edim. Ahvollari juda og'ir. Ko`krak qafasi shishib
ketgan. Boshlari g`urra... Oyoqlari shishib ketgan. Oyoqlarini tagiga
dubinka bilan urib qiynashar ekan. Dadamning qayerdaligini zo`rg`a topdim, lekin
ukam haqida indashmayapti".
Yusuf Juma o`g`illari - Bobur va Mashrab bilan
birga O`zbekiston prezidentini iste`fosini talab qilib o`tkazgan piketidan
keyin, mlitsiya xodimiga hujum qilish va haqoratlashda ayblanib 5 yil qamoq
jazosiga hukm qilingan edi.
Shoirning ikki o`g`li ham qamalgan. Keyinchalik ulardan biri Bobur amnistiya bilan ozodlikka
chiqdi. Mashrabning esa qaerdaligi noma`lum qolmoqda.