David Nikuradze, Gruziyaning
Rustavi-2 Televideniyesi muxbiri, “Amerika Ovozi”ga
Tbilisidan turib, vaziyatni tushuntirar ekan, Rossiya havo kuchlari
poytaxtdagi xalqaro aeroportning radar kuzatuv markazini vayron qilganini aytadi.“Tbilisi aholisi dahshatda.
Odamlar uy-joyini tark etgan, metro va boshqa xavfsizroq maskanlarda jon
saqlamoqda. Har tarafdan bomba ovozlari eshitilmoqda”,- deya
tasvirlaydi Nikuradze.
Amerika ommasi Kavkazdan
kelayotgan xabar va tasvirlarni tashvish bilan kuzatmoqda. Oq uy va Davlat departamenti
mojaroni to’xtatish uchun diplomatik harakatlarni kuchaytirmoqda, ammo ziyolilar orasida buning o’zi yetmaydi, AQSh Rossiyaga bosimni oshirishi lozim
deya chiqayotganlar ko’p.
Amerika matbuotida chop
etilayotgan tahliliy maqolalarda Rossiya aggressor-tajovuzkor davlat sifatida
izohlanmoqda.
"Vashington Tayms" (The Washington Times) gazetasining yozishicha, Dmitriy Medvedev va Vladimir Putin boshchiligidagi zo’ravon
hukumat harbiy kuchi bilan demokratiyaga intilayotgan nimjon qo’shnilarini yer
tishlatib, u chizgan chiziqdan chiqish qon va qalqon bilan tugashini
ko’rsatmoqda. Amerikaning ayrim siyosiy
sharhlovchilari Kavkazdagi mojaroni Ikkinchi Jahon Urushiga turtki bergan
voqealarga qiyoslamoqda. “Natsistlar Germaniyasi Chexoslavakiyani qanday bosib
olganini eslaysizmi”? – deya so’raydi tarixchi Robert Kagan. Uning tahlilicha, Rossiyaning
bugungi harakati ham o'sha yovuz derjavalarga xos qadam.
Gruziyaning yosh va
G’arbga moyil prezidenti Mixail Saakashvilini uzoqni ko’zlamay, Kreml bilan
o’chakishib, o’z xalqi hayotini xavf ostiga qo’yganlikda ayblash oson deydi
olim. “Ammo Saakashvilining asosiy muammosi shuki, u eski qudratini yangilashga
ahd qilgan Rossiyaning mitti va zaif qo’shnisi”.
Bill Klinton prezidentligi
davrida Bolqondagi urushlarni tinchitish yo’lida xizmat ko’rsatgan diplomatlar
Ronald Asmus va Richard Xolbruk esa AQSh darhol to’rt ishni qilishi kerak deya
tavsiya qilmoqda. Birinchidan, Gruziyani har tomonlama quvvatlash va xalqni
Amerika u bilan ekanini ishontirish.
Ikkinchidan, Rossiyaga uning Janubiy
Osetiya va Abxaziyadagi qo’shinlari “tinchlikparvar kuch” emasligini ochiq
aytish, toki tinchlikni ta’minlash BMT zimmasiga topshirilsin.
Uchinchidan,
Gruziyani ruhan quvvatlayotgan va unga insonparvarlik yordami taklif qilayotgan
Ukrainani Rossiya hamlasidan asrash uchun oldindan choralar ko’rish.
To’rtinchi
muhim vazifa, deydi keksa diplomatlar, Kremlga G’arb, jumladan AQSh va Yevropa
Ittifoqi bilan bu qadar kelishmovchilikka borish Rossiyaning uzoq muddatli
manfaatlari uchun xizmat qilmasligini tushuntirish. Rossiya jahonda hurmat
qilinishni istasa, insoniyat va global tinchlik uchun bel bog’laganini
isbotlashi kerak.
“Aks holda”, - deydi Ronald Asmus va Richard Xolbruk
“Vashington Post“ (The Washington Post) gazetasida bosilgan sharhida, xalqaro
hamjamiyat Sochida Olimpiya O’yinlarini o’tkazmaslik haqida o’ylay boshlashi
kerak. Rossiyani Katta Sakkizlikdan chiqarish kerak deya talab qilayotganlar
ham bor.
Rossiya bosh vaziri
o'rinbosari Sergey Ivanov esa Amerika matbuotiga bergan intervyusida
Saakashvili hukumatini AQShga tamoman tobe, uning "satelliti'", ya'ni
dumi deb atadi. Ivanov bunda Gruziyaning 2003 yildagi inqilob ketidan
hokimiyatga kelgan yosh rahbarining Bush ma'muriyati tomonidan keng
quvvatlanishi va demokratiya namunasi deya ko'rsatilishiga ishora qilmoqda.
Amerika axborot vositalarida
Rossiya kallakesar, beshafqat va energetik kuchiga tayanib, manmanlik
qilayotgan davlat sifatida qoralanmoqda. Ammo Qo’shma Shtatlar xalqiga Rossiya
bilan aloqalarni sovuqlashtirish bu davlat uchun qimmatga tushishini eslatayotganlar
ham bor. AQSh siyosatchilariga maslahat beradigan siyosatdonlardan biri, Borut
Grgich qayd etadiki: “Bush ma’muriyati shu paytgacha Gruziyani mintaqada demokratik namuna
deya ko’klarga ko’tarib keldi. Mana ko’rdik, bunday quvvatlash bilan muzlab
yotgan mojarolar barham topmaydi. Vashington Abxaziya va Janubiy Osetiya
mashmashasini astoydil tinchitmoqchi bo’lsa,
Yevropa bilan hamkorlikni kuchaytirib, Rossiyaga nisbatan bosim
vositalari haqida o’ylashi va Kreml bilan ochiq muloqot qilishi lozim”.
Janubiy Osetiya va
Abxaziya Sovet Ittifoqi qulagach, Gruziyadan ajralib chiqish uchun kurash boshlagan. 1991-92 yillarda qonli urushlar kuzatilgan. Nasroniy va musulmonlar istiqomat qiluvchi har ikki mintaqa
o’zini mustaqil deb e’lon qilgan, ammo xalqaro hamjamiyat tomonidan tan
olinmagan.
Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, Janubiy Osetiyada qariyb 70 ming aholi yashaydi. Abxaziya aholisi esa taqriban 250 ming. Ko’pchilik Gruziya emas, Rossiya bilan yaqinlikni ma’qul ko’radi. Har ikki
mintaqada Rossiya pasportiga ega fuqarolar ko’pchilikni tashkil etadi.