Rossiya-Gruziya orasidagi urush tugadimi yo’qmi
bu hozircha noaniq. Kavkazdan kelayotgan xabarlar mintaqa hamon alanga ostida
ekanidan darak bermoqda. Kreml harbiy harakatlar to’xtatildi deya qayd etmoqda.
Xalqaro masalalar haqida yaxshi bilmaydigan amerikaliklar mojaro zaminini
tushunishga harakat qilmoqda. Mamlakat matbuotida AQShning Rossiya va Gruziyaga
nisbatan siyosati keng tahlil ostida.
Amerika siyosatdonlari Gruziyani
himoya qilish uchun Rossiyaga qarshi biror bosim vositasiga ega emasmiz der
ekan, Vakillar Palatasida xalqaro masalalar bilan shug’ullanuvchi qo’mita
a’zosi Xovard Berman “Kremlni qilmishlari haqida o’ylatishga kuchimiz yetadi”,-
deya ishonch bildirmoqda.
Uning aytishicha, Rossiya AQSh
bilan atom energiyasi sohasida hamkorlik bitimi imzolashni istaydi va bu
boradagi qonun loyihasi hozir Kongress qo’lida.
Qonun qabul qilinmasa, Rossiya milliardlab dollar sarmoyadan
ayriladi deydi kongressmen. Shuningdek, deydi AQSh qonunchilari, Rossiyani
Katta Sakkizlikdan chiqarish, uni Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo’lishiga yo’l
qo’ymaslik, qolaversa 2014 yil Sochida o’tadigan Qishki Olimpiya o’yinlarini
boykot qilish, hatto Xalqaro Olimpiya Qo’mitasiga musobaqalarni u yerda
o’tkazmaslikni tavsiya qilish mumkin.
Rossiya hukumati bu kabi ogohlantirishlardan
cho’chimayotgan ko’rinadi. Nega cho’chishi kerak, deya hayron bo’ladi siyosiy
sharhlovchi Richard Koen.
Bu urush Bush ma’muriyati
Rossiya, qolaversa sobiq ittifoq davlatlariga nisbatan qanday siyosat
yuritishni bilmasligini yana bir bor isbotladi, deydi Richard Koen. "Rossiya
ko’p jihatdan qudratli va uning atrofidagi davlatlar iqtisodiy va xavfsizlik
bobida unga tobe".
Xalqaro muvozanatni ta’minlovchi muhim faktorlardan biri
shuki, deydi tahlilchi, katta davlatlar va kichik davlatlar o’rni qayerda
ekanini bilishi kerak. Gruziya Rossiya bilan o’chakishib, nimaga erishmoqchi
bo’ldi? Undan ajralib chiqishga ahd qilgan mintaqalar bilan “yosh boladek”
muomala qilish strategik xato deydi sharhlovchi.
Amerika hukumati eshitishni
istamaydigan yana bir haqiqat, deydi Richard Koen, AQSh Lotin Amerikasini o’z
hovlisi deb hisoblaydimi, demak Rossiyaning ham Sharqiy Yevropa, Kavkaz,
qolaversa Markaziy Osiyo singari mintaqalarda o’z ta’sirini saqlashga
urinayotganini tan olish kerak.
Rossiya geografik va shu tariqa iqtisodiy
jihatdan bu hududlarda ustunlikka ega. “Rossiyaga ana shu haqiqatni tan
olishimizni izhor eta olsak, balki u bilan til topishish osonroq kechar”,-
deydi Richard Koen. Uning fikricha Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin o’zini
G’arbni yoqtirmaydigan rahbardek tutsa-da, aslida uning ko’p tomonlariga havas
bilan qaraydi. Rossiya uchun achchiq haqiqat shuki, G’arb Putinni yoqtirmay
qo’ygan. Bu esa Rossiya uchun katta minus, deydi Koen.
Gruziya aholisining urush
dahshatida qolganini televizorda tomosha qiliayotgan amerikaliklar hukumatni
Mixail Saakashviliga yordamga shoshishga undamoqda. Oq Uy diplomatiyaga zo’r
berayotganini aytadi.
Ziyolilar esa “Rossiya agar
Britaniya, Fransiya yoki Germaniyaga hujum qilganida darhol harbiy yordamga
borgan bo’lardik. Lekin Gruziyaga bunday ko’mak taklif qilish uchun hali erta”,
- deydi, ya’ni ular nazarida Saakashvili hukumati hali AQShning qudratli va
ishonchli hamkorlari qatoriga kirmaydi.
BMT Xavfsizlik Kengashi, jahon
tinchligini ta’minlash uchun javobgar eng oliy tizim ham Amerika matbuotida
keskin tanqid ostida. Deyarli bir haftadan beri davom etayotgan qonli mojaro
haqida hali bir fikrga kela olmagani, bu tashkilotning keraksiz ekanidan
dalolat, deydi siyosiy sharhovchi Jorj Uill, “Vashington Post” (The Washington
Times) gazetasida chop etilgan maqolasida.
Sobiq SSSRning birinchi va oxirgi
prezidenti sifatida tarix sahifalariga kirgan Mixail Gorbachev G’arb
gazetalarida bosilgan maqolalarida AQSh va Yevropani aqlsiz siyosatda tanqid
qilmoqda. Gruziyaga quruq va’dalar berib, o’zlari yaxshi tushunmaydigan
mintaqaga aql o’rgatish global tinchlikka nisbatan tahdid emasmi, deya so’raydi
Gorbachev.
Uning fikricha Janubiy Osetiya va Abxaziya muammosi portlashni kutib
yotgan bombalar edi. Tomonlarni gijgijlamasdan, tinch muzokaralar orqali yechim
qidirish o’rniga, deya mushohada qiladi Gorbachev, Rossiyadek yirik harbiy
kuchga ega davlat biqinida mayda etnik guruhlarga zo’ravonlik qilish va
Kremlning g’ashiga tegish Gruziyaga qimmatga tushmoqda.
O’zini demokratik va erkin
jamiyat namunasi deya faxrlanuvchi Gruziya qo’shnilar bilan chiqisha olmasa,
barqarorlik va tinchlik bo’lmasligini anglashi lozim, deydi Gorbachev. Gruziya
hududiy yaxlitligini saqlab qolmoqchi bo’lsa, mintaqalarga keng erkinlik va
vakolatlar beradigan federal tuzum haqida o’ylashi kerak deydi u. AQSh oldida
turgan asosiy vazifa, Gorbachev nazarida, ob’yektiv yondashuv va Gruziya
qurolli kuchlariga yordamni to’xtatish.
Svante Kornell, Kavkaz masalalari
bo’yicha tahlilchi, "Nyu-York Tayms" (The New York Times) gazetasida yozgan maqolasida deydiki, Gruziya tavakkal qilib boy berdi, ammo Rossiya agressiv
qadamlari uchun jahon hamjamiyati oldida javob berishi kerak.
Uning
fikricha AQSh Rossiyaga o’zga davlatga bostirib kirish rivojlangan davlatga xos
bo’lmagan qadam ekanini uqtirib, uni Katta Sakkizlikda chiqarib yuborishi
kerak.
Gruziya NATOga qabul qilinishi kerak, toki u kattaroq davlatlar
himoyasiga o’tsin, deydi Kornell.
Tahlilchi nazarida Gruziya sobiq ittifoq hududidagi
AQShga eng sodiq davlat. Iroqqa ikki ming askarini yo’llab, Amerikaga samimiy
yordam berib kelayotgan, unga tayanib erkin jamiyat qurishga intilayotgan xalq
deydi Kornell.
Ko’pchilik bir narsada
yakdil: hozirgi urush uzoq yillardan beri ikki tomonda yig’ilib qolgan g’azab
va kelishmovchilik mahsuli.