Rossiya
AQShga qarata "yo biz bilan hamkorlikni tanlang yo Gruziyani” deya shart qo’yar
ekan, Amerika ommasi Kremlni ayyorlikda va so’zida turmaganlikda ayblamoqda.
"Nyu-York
Tayms" (The New York Times) gazetasi “Medvedev o’zi hokimiyatni boshqaryaptimi yoki Gruziyaning
demokratik tuzumini ag’darish uchun vaqtni ataylab cho’zyaptimi”? - degan savolni
o’rtaga tashlamoqda.
Bush ma’muriyati Rossiyaning “asl rahbari” Vladimir Putin
tomonidan tuzilgan reja amaliyoti Kreml uchun siyosiy-iqtisodiy talofat
keltirishini aniqroq tushuntirishi kerak, deya qayd etadi "Nyu-York Tayms"
va "Vashington Tayms" (The Washington Times) gazetalari.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov nazarida
Gruziyaning amaldagi hukumati AQShning “demokratik” loyihasi. Amerika vaziyatga
xolis yondashib, quvvatlagan loyihasi ish bermayotganini, Mixail Saakashvili layoqatsiz
rahbar ekanini tan olsin, deydi u. Kreml Janubiy Osetiyada urush aynan Gruziya
aybi bilan boshlandi deya ta’kidlashda davom etmoqda.
“Bizga qo’shni mintaqa aholisi, u yerdagi rossiyaliklar
hayoti xavf ostida ekan, chora ko’rishga va tartib o’rnatishga majbur bo’ldik.
Harbiylarimiz u yerda qolishining sababi shuki, Gruziya armiyasi Janubiy
Osetiyani vayron qilgan. Biz esa aholiga yordam berayapmiz”,- deydi
Lavrov.
Rossiya pozitsiyasi shuki, G’arbda demokratik lider deya
ko’klarga ko’tarilayotgan Saakashvili Janubiy Osetiya va u kabi Gruziyadan
mustaqillik talab qilayotgan Abxaziya bilan til topisha olmaydi va u
hokimiyatda ekan, mintaqa - urush maydoni bo’lib qolaveradi.
G’arb nazarida esa Rossiya - aggressor.
AQSh prezidenti Jorj Bush
Rossiyani Gruziya va balki butun
mintaqani egallab olishga urinayotganlikda ayblamoqda. “Rossiya urushni
to’xtatishga va’da bergan. Sulhga amal qilsin”,- deydi Bush.
Biroq Oq Uy Amerika matbuotida sustkashlikda va Rossiyaga
nisbatan keskinroq choralar ko’rmayotganlikda ayblanmoqda.
Vashington Post
gazetasi bugungi sonida “Amerikaning tashqi siyosati demokratiya targ’ibotiga
asoslangani haqida jar soladi-yu, ammo mittigina demokratik davlat qo’shni
tajovuzkor tomonidan bosib olinishini kuzatib o’tiribdi”, - deya Bushni Kremlga
qarshi tura olmayotganlikda tanqid qiladi.
Gruziya rahbari bugun Vashington Post gazetasida
chop etilgan maqolasida Rossiyani dunyoda erkinlik va demokratiyaga rahna
solayotgan qonxo’r derjava deb tasvirlab, Janubiy Osetiyaga G’arb tinchlikparvar
kuchlari kiritilishi kerak deya taklif qilmoqda.
“Gruziya”, - deydi u
“bo’lginchi hududlar bilan muzokara qilishga urinayotgan edi. Rossiyaning bunga
aralashishga haqqi yo’q. Biz hech kimni o’qqa tutmadik. Rossiya yoppasiga
hujumlar boshlagach, biz xalqni himoya qilishga harakat qildik”,- deydi
Saakashvili. Rossiya esa Gruziyani osetinlarni va Rossiya fuqarolarini qirishga
uringanlikda ayblamoqda.
G’arb Saakashvili tomonida ekanini bildirgan, ammo Gruziya
rahbari fikricha buning o’zi yetarli emas.
"Biz bosib olinganmiz. Biz g’arbcha demokratiya va erkinlik
yo’lini tanlab, Rossiya nafratiga uchradik. Nahotki unga qarshi endi bir
o’zimiz kurashishga majburmiz? G’arb bizni va shu tariqa o’zini bu dushmandan
himoya qilishi kerak”,- deya undaydi Saakashvili.
Kavkazdagi kelishmovchiliklarni yaqindan
o’rgangan siyosatshunos Ariel Koen
fikricha Rossiya o’z ta’sir maydonini kengaytirish uchun agressiv harakatlar
boshlagan va u Gruziya bilan cheklanib qolmaydi.
"Rossiya, XIX asrda qanday yo’l tutgan bo’lsa, shuni
qilmoqchi, ya’ni harbiy qudratini namoyon qilib. Sobiq Sovet Ittifoqiga kirgan
barcha davlatlarni o’ziga bo’ysundirish, Kremlning yaqin va uzoq muddatdagi
asosiy maqsadlaridan biri”,- deydi tahlilchi.
O’zini iqtisodiy jihatdan ancha tiklab
olgan Rossiya o’z xavfsizligini ta’minlash uchun atrofidagi davlatlar kim bilan
qanday aloqa yuritayotgani, orzu-istak va tanlagan yo'lini yaqindan kuzatib, o’z
manfaatlari yo’lida ish tutmoqda deydi ayrim siyosatdonlar.
NATO Ukraina va Gruziyani kelajakda a’zolikka olish
niyatida ekanini bildirarkan, Rossiya harbiy alyansning uning chegarasiga bu
qadar yaqinlashishini istamaydi. Buning ustiga AQSh Polsha va Chexiyada mudofaa tizimlari
o’rnatish maqsadida.
Siyosiy fanlar doktori Rut Vejvud nazarida Rossiya G’arbga
iqtisodiy va siyosiy chegaralar qayerda bo’lishini ko’rsatib qo’ymoqchi, ya’ni
ulardan o’tish qimmatga tushadi deyapti.
Sobiq prezident Bill Klintonga tashqi siyosatdan
maslahat bergan Charlz Kupchan esa o’zaro manfaatlar, ya’ni ham G’arb, ham
Rossiya uchun birdek muhim masalalar haqida gapiradi.
Eronning atom quroliga ega bo’lish
ehtimoli, Afg’onistondagi notinchliklar, Iroq va butun Yaqin Sharqdagi
mojarolar… Bularning hammasi ham AQSh, ham Yevropa, ham o’zini alohida bir
dunyo deb biluvchi Rossiyaga birdek xavf soladi”, - deydi Kupchan.
Siyosatdon fikricha Rossiya yuqoridagi
muammolarga G’arb boshidagi g’alvalar deb qarasa, katta xato qiladi. Rossiya
bugun neft va gaz hisobiga boyib qolgan bo’lishi mumkin, ammo yakkahokimlikka
asoslangan davlat ekan, siyosiy va ijtimoiy jihatdan hali ancha zaif,
parchalanish ehtimoli yuqori, deya tahlil qiladi u.
Gruziya- Rossiya urushi dunyo bo’ylab keng siyosiy bahs va
tortishuvlarga sabab bo’lmoqda. Kreml va Tbilisi orasida axborot
urushi ham avjida. Har ikki tomon jahon matbuoti, televideniye va
radiolarida o’z pozitsiyasi va dardini tushuntirish bilan ovora. Faqat
bir tomonni tinglagan kishi, albatta, vaziyat bilan bafurja tanisha olmaydi.