Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev “fuqarolarimizga qarshi
qurol ishlatganlarning ta’zirini beramiz”, - demoqda.Germaniya kansleri Angela
Merkel nazarida Rossiya qo’shini Gruziyani tark etishga shoshilmayapti. Kreml
harbiylar mamlakatdan chiqyapti desa-da, Kavkazdan kelayotgan xabarlarga ko’ra, ular haliberi joyidan
qimirlagani yo’q.
Bugun Janubiy Osetiyada parlament tarqatilib, favqulodda
holat e’lon qilingan.
Kreml armiya Gruziyani bugundan boshlab tark etadi degan
edi.
Tbilisiga safar qilgan Germaniya kansleri Angela Merkel nega buni
ko’rmayapmiz degan hayron.
Rossiya general
podpolkovnigi Anatloiy Nogovitsin esa qo’shinlar Gruziyaning Gori shahridan
chiqmoqda va Janubiy Osetiya tomon yo’nalmoqda deydi.
Sulhga ko’ra, Rossiya va
Gruziya kuchlari urushdan oldin qayerda turgan bo’lsa, o’sha nuqtalarga
qaytishi shart.
“Biz o’sha xavfsizlik zonasiga qaytamiz”,- deydi Nogovitsin.
Rossiya Janubiy Osetiyada doimiy harbiy baza ochishi mumkin. Buni mintaqa rahbari
Eduard Kokoyti Kremldan iltimos qilgan.
Tbilisidagi muzokaralar ketidan Angela Merkel “Germaniya
Gruziyaning NATOga a’zo bo’lish harakatini quvvatlaydi va bunga erishadi degan
umiddamiz”, - degan.
Prezident Mixail Saakashvili bu bayonotni mamnuniyat bilan qarshilagan.
”Rossiya harbiylarining chiqishi va sulh ijrosini Yevropa Ittifoqi yoki
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti yaqindan kuzatishi va kafolatlashi
lozim”, - deydi Saakashvili.
Gumanitar yordam yetib ketishi, xalqaro tinchlikparvar
kuchlar hududga kirishi va hammaga ma’qul hujjat ishlab chiqilishi kerak deydi
Gruziya rahbari.
BMT qoshidagi bolalar jamg’armasi – UNICEF urush tufayli uy-joyini tark etgan
aholi, xususan bolalar taqdiriga e’tiborni qaratmoqda.
UNICEF “qochqinlar asosan ayollar va bolalar” deydi.
Agentlik kelasi oydan boshlab maktablarni qayta ishga tushirmoqchi. Maktab
binolari hozirda qochqinlar uchun boshpana vazifasini o’tamoqda.