Pokistonda prezident Parvez Musharraf, demokratiya dushmani
degan ayblovlar ostida, o’z xohishi bilan ishdan ketishga qaror qilgan. “Aybsizman, biroq ortiqcha tortishuv va beqarorlik Pokiston xalqiga ziyon
qilishi mumkin,” - dedi Musharraf.
AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays
terrorizmga qarshi kurash yo’lida Pokiston bilan hamkorlik davom etadi demoqda.
Bugun televideniye orqali xalqqa murojaat
qilgan Parvez Musharraf iste’fosini e’lon qilgan. Birmuncha hayajonlanib
gapirar ekan, prezident 9 yillik faoliyati va yuritgan siyosatini maqtadi.
65 yoshli Musharraf unga qo’yilayotgan ayblovlarni asossiz
deya rad etsa-da, har qanday qarshilik parokandalikka olib kelishi mumkin
deydi.
Parvez Musharraf 1943 yilda Hindistonning Dehli shahrida
dunyoga kelgan. Mamlakat Britaniyadan mustaqil bo’lgach, 1947 yilda oilasi
Pokistonga ko’chadi.
Bosh vazir Navoz Sharif davrida Musharraf armiya generali
lavozimida ishlagan. 1999 yilda Navoz Sharifni hokimiyatdan ag’darishga
boshchilik qilgan va shu tariqa rahbarlikka kelgan. Musharraf davrida harbiy va
siyosiy boshqaruv markazlashdi. Uning asosiy xatosi, deydi tahlilchilar,
mamlakat demokratiyasini yemirgani.
O’tgan yili Pokistonda xalq va qonunchilar bosh ko’targach,
prezident favqulodda holat e’lon qildi, sudyalarni ishdan bo’shatdi. Biroq
to’polon tinchish o’rniga kuchaydi, xalqaro hamjamiyat Musharrafdan ochiq va
erkin siyosat yuritishni talab qila boshladi. 2007 yilda Pokistondagi parlament
saylovlarida uning partiyasi mag’lubiyatga uchradi.
Pokiston Xalq Partiyasi a’zosi, senator Rizo Rabboniy
Musharrafning ketishini demokratiya g’alabasi deya ta’riflaydi.
Pokiston siyosiy tarixida birinchi bor xalq irodasi va xohishi hokimiyatdan
ustun keldi deydi u.
Hozirda mamlakat iqtisodiyoti tang ahvolda, oziq-ovqat
qimmat, elektr ta’minoti izdan chiqqan, qimmatbaho qog’ozlar bozori kasodga
uchrash yoqasida, milliy valyuta – rupiya qadrsizlanmoqda. Muxolifat nazarida
bularning barchasida prezident Musharrafning noqobil siyosati aybdor.
Navoz Sharif boshchiligidagi Musulmonlar Ligasi matbuot
kotibi Ehson Iqbol fikricha Musharraf ketgach, vaziyat yaxshilanadi. “Yangilik
sabab qimmatbaho qog’ozlar bozorida
ijobiy siljish kuzatilgan. Valyuta qadri ham ko’tarilmoqda. Sudyalar lavozimida
tiklansa, ahvol bundanda yaxshilanadi”, -deydi Ehson Iqbol.
Prezident Parvez Musharraf matbuot va fuqaro erkinligini cheklaganlikda ham
ayblanadi. Ayrimlar nazarida prezidentni jinoiy javobgarlikka tortish zarur.
Biroq Musharraf ishdan bo’shagach, har qanday javobgarlikdan ozod qilinishi
yohud boshqa davlatdan panoh topishi mumkin.
Musharraf “tadqirimni Pokiston xalqi hal qilsin” deydi.
AQSh Musharrafni terrorizmga qarshi kurashda yaqin hamkor
deb biladi. Biroq Vashington Pokistonning ichki masalalariga aralashmay, o’zgarishlarni kuzatishga qaror qilgan.
“Pokiston demokratik mamlakat va oxir-oqibat xalq xohishi ustun kelishini
kutamiz”,- deydi Amerika diplomatlari.