Rossiya
Gruziyaga qarshi urush boshlab, o’z manfaatlarini qurol bilan himoya qilishga
qodir ekanini isbotlagach, NATO – Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi sharq
tomon kengayish rejasi ustida ancha o’ylanib qolgan.
Aprel oyida Buxarestda
o’tgan sammitda tashkilot a’zolari Gruziya va Ukrainani o’z safiga qabul qilish
niyatini bildirgan edi. Reja dekabr oyida yana muhokamaga qo’yiladi. Rossiya
bunga qat’iyan qarshi.
NATOga kirish Gruziya va Ukraina uchun nimaga muhim? Kreml nega bundan xavfsiramoqda?
NATO 1949 yilda tuzilgan va asosiy maqsadi Yevropani
Sovet Ittifoqidek yirik harbiy qudratga ega mamlakatdan himoya qilish bo'lgan.
1991 yilda SSSR bo'linib ketgach, Moskva va NATO aloqalari yaxshilana
boshlagan. Ammo harbiy ittifoq endi biz kerak emasmiz deyayotgani yo'q. Xuddi
shu o'rinda Rossiya ham undan xavfsirashda davom etmoqda.
Endi mana o'zini Yevropaning bir qismi deb biluvchi
Gruziyani o'z qanoti ostiga olmoqchi ekan, Rossiyaning bu mamlakatga bostirib
kirgani NATO va Kreml orasida o'tgan yillarda ancha sovuqlashgan munosabatlarni
yanada keskinlashtirdi.
![[insert caption here] [insert caption here]](/uzbek/images/uzbek_sxeffer_nato_gruziya.jpg) |
NATO Bosh kotibi Yap de Xup Sxeffer
|
NATO matbuoti kotibi Jeyms Appaturay "Amerika Ovozi"
bilan suhbatda "aloqalar juda tarang", - deydi.
"Rossiya rasmiylari bilan uchrashganimizda iliq gaplashar, o'zaro manfaatlar
haqida o'rtoqlashar edik. Hozir esa bu muloqotlar o'rnini achchiq so'zlar
egallagan. NATOning kengayishi, Kosovo mustaqilligi, Gruziyadagi mojarolar
bobida ikki tomon pozitsiyasi tubdan farq qiladi",- deydi Jeyms Appaturay.
NATO sobiq Sovet Ittifoqi hududida joylashgan, Yevropa hamjamiyatiga kirishni
istagan jamiyatlarni, agar a'zolik shartlariga javob bersa, tarkibiga olishni
maqsad deb biladi.
Bu degani ular Shimoliy Atlantika xavfsizlik
zonasining bir qismiga aylanadi. Rossiya esa bu nima uchun kerak deya hayron.
Mamlakatning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin NATO kimdan xavfsirayapti degan
savolni o'rtaga tashlaydi. NATO hali ham Rossiyani tahdid deb bilsa, "demak
ittifoq bizga qarshi turish uchun kengayayapti", - deya xulosa qiladi u.
"Xavfsizlik va barqarorlik hamma uchun birdek ahamiyat kasb etsa, NATOning
kengayish rejasi hech qanday mantiqqa ega emas",- deydi Vitaliy Churkin.
"Bunday kengayish xavfsizlik muammolarini
ko'paytiradi xolos. Rossiya ham tinchlik tarafdori. Uning ham manfaatida
bo'lgan yangi turdagi bitimlar kerak",- deydi Rossiya diplomati.
Rossiya NATOda o'z elchisiga ega. Bu lavozim egasi Dmitriy Rogozin "davlatim
NATOning uning chegarasiga yetib kelishiga yo'l qo'ymaydi",- deydi.
"NATO-Ukraina, NATO-Gruziya aloqalari deya bong urilganda, NATO-Rossiya
aloqalarini ham unutmang",- deydi Rogozin. "Manfaatlar muvozanatda saqlanmasa,
oqibati voy bo'ladi. NATOdek harbiy tizimni bizga yaqinlashtirar ekansiz,
bizning fikrimizni ham inobatga oling",- deydi diplomat.
Alyansning sharq tomon kengayishi ustidan a'zolar ham bir fikrda emas. Ba'zilar
Ukraina va Gruziya qabul qilinsa, NATO
ularni, masalan, Rossiya hujumidan himoya qilishga qodirmi deya so'ramoqda.
Shimoliy Atlantika Bitimining 5-moddasiga muvofiq, a'zo davlatga qilingan xuruj
butun ittifoqqa qarshi hujum demakdir. AQSh Ukraina va Gruziyani a'zolikka
tayyor desa, Fransiya va Germaniya bu qarashdan yiroq.
 |
Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin
|
Rossiyaning NATOdagi elchisi esa
ular a'zolikka olinsa, hozirgi vaziyat va muvozanat salbiy tus oladi deya qayd
etmoqda.
"Aloqalar yanada keskinlashib, Amerika va NATO
boshqa masalalarda Rossiya hamkorligidan ayriladi",- deya ogohlantiradi Dmitriy
Rogozin.
Rossiya NATOning Afg'onistondagi missiyasida yordamlashib kelmoqda. Alyans 53
minglik qo'shini bilan bu mamlakatni Tolibondan tozalash va barqarorlikni
ta'minlash yo'lida qator qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda.
Xalqaro bo'hronlarning oldini olish va ularni o'rganish bilan mashg'ul tashkilot
vakili Nik Grono fikricha NATO hozircha Afg'onistondagi vazifasini o'tay
olmayapti.
"Tinchlikparvar kuchlar qancha ter to'kmasin, Afg'onistonda jangari
hujumlar avjida. Demak, NATO hozirgi strategiyasini qayta ko'rib chiqishi
kerak",- deydi tahlilchi.
NATOning Brusseldagi qarorgohida o'tirgan rasmiylar yaqin kelajakda ikki muammo
hal etilishi kerak deya tan oladi: biri
Afg'onistonda tinchlikni ta'minlash, ikkinchisi esa ittifoqni kengaytirish
bilan bog'liq kelishmovchiliklarga barham berish. Bu maqsadlarga erishish
uchun, deydi ular, Rossiya bilan til topishmasdan iloj yo'q.