Rossiya harbiy yuk
mashinalari sekin-asta Gruziyani tark etar ekan, G'arb dunyosi Kremldan
jarayonni tezlashtirishni so'ramoqda. Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev
operatsiya bugun yakunlanadi degan.
Uning aytishicha Gruziya hududida faqat 500
zobit qolishi kerak. Bu orada, Rossiya parlamentida Abxaziya va Janubiy Osetiya
mustaqilligini tan olish masalasi ko'tarilmoqda. Bush ma'muriyati nazarida har
ikki mintaqa Gruziya tarkibida qolishi kerak.
Prezident Bush ta'biricha, Rossiya Gruziyani istilo
qilib, uning demokratiyasini oyoq osti qilishga urindi.
"AQSh Gruziya rahbariyati va bu mamlakatdagi ijobiy
o'zgarishlarni qo'llab-quvvatlaydi. Uning butun xalqiga, jumladan osetin va
abxazlarga ham insonparvarlik yordami beradi. Rossiya", - deydi Bush, "Abxaziya va
Janubiy Osetiyani Gruziyadan ajratish harakatlarini bas qilishi lozim".
Biroq Rossiya parlamentining yuqori palatasi –
Federatsiya Kengashi – kelayotgan dushanba kuni favqulodda majlis o'tkazib,
Gruziyadan ajralishga urinayotgan ikki mintaqa mustaqilligini tan
olish-olmaslikni muhokama qilmoqchi. Abxaz va osetinlar o'z taqdirini o'zi hal
qilishi kerak deydi prezident Dmitriy Medvedev.
Ayni paytda AQSh va Yevropaning kuchli noroziligiga
sabab bo'layotgan masala – Rossiyaning Gruziyani tark etishga shoshmayotgani,
kerak bo'lsa vaqtni boy bermasdan Gruziya infratuzilmasini, jumladan harbiy
bazalari va portlarini barbod qilayotganidir.
Rossiya qurolli kuchlar shtabi rahbarining
o'rinbosari Anatoliy Nogovitsyn dastavval Gruziyaning o'zi va'dalarini bajarsin
deydi. Uning aytishicha Gruziya tilka-pora bo'lgan armiyasini tiklab, oyoqqa
turg'izib, yangi agressiv hujumlarga tayyorgarlik ko'rmoqda.
Kavkazdagi mojaroning asl sabablari, kim jarbiyda va
kim agressor, kim qanday maqsadlarni ko'zlamoqda – bu savollar G'arb matbuoti
sahifalaridan tushmay kelmoqda.
Sobiq SSSRning birinchi va oxirgi
prezidenti deya tilga olinadigan Mixail Gorbachevning tanqidiy maqolalari Amerika
gazetalarida chop etilmoqda. Gorbachev
Rossiyani tushunishga chaqirib, uni himoya qilib chiqmoqda, shundaymi?
Gorbachevning "Nyu-York Tayms" (The New York Times) gazetasida
yozishicha, "Rossiya hech qachon urush boshlashni xohlamagan. Mojaroning asl
sababchilari Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili va uning xorijdagi
homiylari". Uning tahlil qilishicha, G'arbning Gruziyani qurollantirgani va
unga harbiy yordam bergani mintaqani tinchlikka emas, urushga yetaklagan.
Mixail Gorbachev fikricha
Kavkazdagi mojaro kuch bilan hal bo'lmaydi. Aksincha, tomonlar kuch
ishlatmaslik to'g'risida kelishuv imzolashi, G'arb dono bo'lsa, mazkur
kelishuvning ro'yobga chiqishi uchun ko'maklashishi zarur deydi Gorbachev.
Agarda AQSh Rossiyani ayblab, Gruziyani qayta qurollantirsa, ziddiyat yana
alanga olishi tayin.
Kavkazdagi mojaro Olimpiya musobaqasi bo'lganda, deya yozadi
sharhlovchi Tomas Fridman "Nyu-York Tayms" gazetasida, Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinga vahshiy
ahmoqlik uchun oltin medal, Gruziya prezidenti Mixail Saakashviliga o'ylamasdan
chiqargan qarorlari uchun kumush medal hamda AQShning tashqi siyosat bo'yicha
arboblariga kaltafahmlik uchun bronza medali tekkan bo'lardi.
Sovet Ittifoqi qulagach, AQSh Rossiyada kurtak otgan
demokratik harakatlarni quvvatlash, uni Yevropa bilan yaqinlashtirish o'rniga,
NATOni kengaytirishga kirishdi – bu xato siyosat, ayniqsa Rossiyaning bu
tashkilotga a'zolik yo'li yopiqligini hisobga olganda, deya yozadi Tomas
Fridman.
Sharhlovchi nazarida G'arb yuritgan bunday siyosat
Vladimir Putinning hokimiyatga kelishiga, AQShning neftga tobeligi mahsulot
narxini ko'tarib Rossiya kuch-qudratining tiklanishiga hamda Putin ranj-alamini
Gruziyadan olishiga zamin yaratdi.
G'arbning NATO bo'yicha siyosati o'zgarmas ekan, XXI
asr Rossiyani jilovlash harakati bilan o'tadi, deya xulosa qiladi
siyosatdonlar.