![[insert caption here] [insert caption here]](/uzbek/images/azamov.jpg) |
A'zam Turg'unov
|
Nukusda muxolifatdagi "Erk" partiyasi
vakili, "Mazlum" inson huquqlari tashkiloti rahbari A`zam Turg`unov ustidan
sud jarayoni boshlangan.
A`zam Turg`unov ikki oycha avval pora talab
qilganlikda ayblanib hibsga olingan edi.
Huquq himoyachilari mamlakatda tazyiqlar
kuchaygani va mamlakat qamoqxonalaridan birida qiynoqlar tufayli yana bir
mahbus vafot etgani haqida ma'lumot tarqatmoqda.
Turg`unov ustidan boshlagan sud jarayonini
kuzatgan faollardan biri Dilorom Isoqovaning aytishicha:
"A`zam akani bugun sudda ko`rdik. Juda
ozib ketgan, lekin ruhi tetik. Sud 15 minutlar bo`ldi, shaxsi bilan tanishildi.
Keyin 4 sentyabrga qoldirildi. Men advokati bilan gaplashdim. A`zam aka tergov
payti qattiq kuygan, lekin tergovchilar uni kim kuydirganidan xabarsiz", -
deydi Isoqova.
Advokat Rustam Qorayevga ko`ra Turg`unovga
qo`yilgan ayblarning birortasi tasdiqlanmagan. "Bu jinoiy ishning
uyushtirilganiga shubha yo'q",- deydi u.
Nukusda uch oycha muqaddam narkotik moddalar
saqlaganlikda ayblanib hibsga olingan huquq himoyachisi Solijon Abdurahmonov
ustidan ham tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda. Endilikda ayblov
o'zgartirilib, u qoradori sotganlikda gumon qilinmoqda.
 |
| Soli Abdurahmonov |
Solijon Abdurahmonov muxbirlik bilan ham
shug'ullangan. Undagi jurnalistik material va boshqa adabiyotlar musodara
qilingan. Uning advokati Bahrom Abdurahmonovga ko`ra hozirda bu materiallar
ekspertiza qilinmoqda.
"Ko'p narsa shu ekspertiza natijalariga
bo`qliq. Hozirdan bir narsa deyish qiyin. Ingiliz tilidagi bir kitob ham
chiqqan edi. Shu kitobni konstitutsiyaviy tuzumiga qarshi yoki qarshi
emasligi ham o`rganib ko`rilmoqda", - deydi Bahrom Abdurahmonov.
Mahalliy faollar nazarida esa Solijon
Abdurahmonov Qoraqalpog'iston Avtonom Respublikasida ter to'kayotgan so'nggi mustaqil
jurnalistlardan biri edi. U organlar tomonidan aynan shu sabab nishonga
olinmoqda, deydi Abdurahmonovning safdoshlari.
![[insert caption here] [insert caption here]](/uzbek/images/muzaffar.jpg) |
Muzaffar To'ychiyev mart oyida Angren hibsxonasida jon bergan
|
O`zbekiston Huquq Himoyachilari Alyansi
bergan ma'lumotlarga ko'ra esa Angren shahridagi hibsxonada mart oyida vafot
etgan Muzaffar To'ychiyev - qiynoqlardan o'lgan.
"Muzaffar To'ychiyevni 24 mart kuni
ko`chada ushlab, Nurobod tumani ichki ishlar boshqarmasiga, keyinchalik negadir
Angrendagi hibsxonaga olib borishgan. Angrenga olib borishgandan keyin 15 ga
yaqin mast holdagi militsionerlar unga "ishlov beramiz" deb urib,
vahshiylarcha qotillik sodir etgan. Hozirda uni urib o`ldirgan militsiya
xodimlari ustidan emas, negadir uni ko`chada ushlab ketgan militsiya xodimlari
ustidan jinoiy ish qo'zg'atilgan. Bu ish hali ham sudga oshirilmagan, tergov
ketayapti xolos ", - deya qayd etadi alyans vakili Rasul Tojiboyev.
O'zbekistonda keyingi paytda bir necha
faollar qamoqdan ozod etilganiga qaramay vaziyat hamon og'ir.
Huquq hukumat e'tiboridagi mavzulardan
biriga aylangani kuzatiladi. Mamlakatda inson huquqlari bo`yicha xalqaro
konvensiyaning 60 yilligiga bag'ishlangan tadbirlar o'tmoqda. Matbuotda bu
haqda muntazam maqolalar chop etilmoqda.
Lekin, deydi ayrim sharhlovchilar, bu quruq
targ'ibot. Tadbirlar va maqolalar inson huquqlari bilan bog'liq vaziyatni
yaxshilanishi uchun emas fuqaro huquqlari tinimsiz poymol
etilayotganini yashirish uchun xizmat qilmoqda.