Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Abxaziya va
Janubiy Osetiya mustaqilligini tan olishga qaror qilar ekan, AQSh Davlat
kotibasi Kondoliza Rays bu o’ta katta xato deya afsus bildirmoqda.
AQSh, deydi Rays, BMT Xavfsizlik Kengashida bu
boradagi har qanday hujjatni veto qilishga tayyor va Rossiya harakatlarini
to’xtatish uchun barcha diplomatik choralarni ishga soladi. Prezident Jorj Bush
Medvedevga qo’ng’iroq qilib, uni Kavkazdagi mojarolar yechimi yo’lida xalqaro
hamjamiyat bilan hamkorlikka chorlagan. Gruziyaning hududiy yaxlitligini hurmat
qilishga chaqirgan.
Gruziya va Rossiya o’rtasidagi urushni to’xtatish
uchun vositachilik qilgan Fransiya ham Kreml qarorini qoralamoqda. Britaniya va
Germaniya hukumatlari ham shu mazmunda bayonotlar bergan. Yevropada Xavfsizlik
va Hamkorlik Tashkiloti nazarida Rossiya bu separatist mintaqalarni tan olib,
Yevropa xavfsizligi bilan bog’liq qonunlarni buzmoqda.
Abxaziya va Janubiy Osetiyada mustaqillik tantanasi
avjida. Osmonga o’qlar otilgan, Suxumi va Sxinvalida odamlar raqsga tushgan.
Vashington Tbilisini quvvatlashda davom etarkan,
vitse-prezident Dik Cheyni bu mamlakatga safar qilish arafasida. Cheyni
Gruziyadan tashqari Ukraina va Ozarbayjonda ham bo’ladi. So’ng Italiyaga,
xavfsizlik forumiga yo’l oladi. AQSh rasmiylari nazarida Rossiya hamon sulh
shartlariga amal qilmayapti. Kreml bosimga javoban NATO bilan barcha aloqani
uzishga tayyor.
Sulh shartlaridan biri shuki, Gruziya va Rossiya
qo’shini urushdan oldingi pozitsiyalariga qaytishi shart. AQSh Davlat
departamenti rasmiysi Robert Vud “Rossiya rahbari bergan va’daga qaramasdan,
uning askarlari mojaro zonasidan tashqaridagi hududlarda joylashib olgan”, -
deydi. Xususan Poti bandargohi ular nazorati ostida va Gruziyaga kirib
kelayotgan yuklarni tekshirishga kirishgan.
AQSh diplomatiga ko’ra Rossiya barpo etayotgan
harbiy punktlarga hojat yo’q. Mintaqada Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik
tashkilotining kuzatuvchilari ish boshlamoqda.
Sal avval, Rossiya qonunchilari Abxaziya va
Janubiy Osetiya mustaqilligini yoqlab, rezolyutsiya qabul qilib, uni prezident
Medvedevga taqdim etgan edi. Duma va Federatsiya Kengashida so’zga chiqqan
qonunchilar Gruziyani agressiyada, Osetiya aholisiga nisbatan genotsidda, AQSh
va G’arb dunyosini esa Kavkazda ayyor va hiylakor siyosat yuritayotganlikda
ayblagan.
Duma raisi Boris Gryzlov so’zlariga ko’ra “Kavkaz
doimo Rossiyaning strategik manfaatlari doirasiga kirgan va Rossiya bu
manfaatlarni jon-jahdi bilan himoya qiladi”.
Rossiya parlamentida Janubiy Osetiya va Abxaziya
prezidentlari Eduard Kokoyty va Sergey Bagapsh ham so’zga chiqqan. Abxaziya
rahbarining ta’kilashicha bu mintaqalar endi hech qachon Gruziyaga qaytmaydi.
Rossiya qarorini AQSh, Yevropa Ittifoqi va Gruziya
rahbariyati keskin tanqid qilmoqda. Prezident Mixail Saakashvili fikricha
hujjat Sovet Ittifoqini tiklash uchun qo’yilgan yana bir agressiv qadam.
Rossiyalik huquq himoyachisi Lyudmila Alekseyeva
“Amerika Ovozi” bilan suhbatda “Abxaziya va Janubiy Osetiyaning mustaqil deb
tan olinishi Xelsinki Shartnomasiga zid”, - deydi. 1975 yilda imzolangan
hujjatda xalqaro chegaralarning daxlsizligi belgilangan, deya eslatadi.
“Rossiya Federatsiya Kengashi o’zini o’zi mustaqil
deb e’lon qilgan, ammo hech kim tan olmagan hudud yetakchisining taklifi bilan
ish tutmoqda, buni qanday tushunish mumkin”, - deya ajablanadi huquq faoli.
Kreml ta’biricha esa Kosovoning tan olingani
Xelsinki shartnomasi allaqachon buzilganiga yaqqol misol. AQSh rasmiylariga
ko’ra Kosovo taqdirini xalqaro hamjamiyat birgalikda maslahatlashib hal qilgan.
Kavkazdagi voqealar boshqa joylarda ham etnik,
hududiy mojarolarga turtki berishi mumkin. Masalan, neftga boy Tataristonning
Ittifoq partiyasi Rossiyadan mustaqil bo’lish taklifini olg’a surmoqda.
Respublika aholisining 53 foizi tatar, 40 foizi ruslardan iborat.
Ittifoq partiyasiga ko’ra, 1992 yilda bu
avtonomiyada ko’pchilik mustaqillik uchun ovoz bergan, lekin Kreml bosimi ostida
bu mustaqillikni hech kim tan olmagan. Abxaziya va Janubiy Osetiya ham o’sha
yillarda o’zini Gruziyadan mustaqil deb e’lon qilgan.