AQSh tarixiy
damlarni boshdan kechirmoqda. Mamlakatda ilk bor prezidentlikka qora tanli arbob nomzod sifatida
ma'qullandi. 47 yoshli Barak Obama bilan deyarli ikki yil nomzodlik uchun
kurashgan Xillari Klinton Demokratik partiya qurultoyida safdoshlaridan sobiq
raqibining prezidentlikka rasman ko'rsatilishini so'radi.
"Kelajakka umid bilan, birdamlik va g'alaba uchun, partiyamiz va yurtimizga
sodiq holda, Barak Obamani nomzodimiz
deb tan olaylik, chunki bugun faqat u AQShni boshqara olishga qodir
inson",- deya undadi Klinton.
AQSh Vakillar Palatasi spikeri Nensi Pelosi yetakchiligida demokratlar bir
ovozdan Klintonning chaqirig'ini ma'qulladi.
AQShning 232 yillik
tarixida hech bir siyosiy partiya afro-amerikalikni prezidentlikka ravo ko'rmagan.
Asrlar davomida qul sifatida sotilgan,
ekspluatatsiya qilingan va kamsitilgan, hatto bugungacha jamiyatda teng huquqli fuqaro
sifatida o'z o'rnini topishga qiynalayotgan qora tanlilar uchun Obamaning tanlanishi nafaqat faxr, balki ularning avlodlariga armon bo'lib qolgan orzuning ro'yobga chiqishidir.
Barak Obamaning tarafdori bo'lgan va bo'lmagan barcha amerikaliklar nazarida
bugun Amerika uchun yangi sahifa ochilmoqda.
Obama 2004 yilda AQSh
Senatiga saylangan. Gavayi orollarida tug'ilgan. Onasi oq tanli, otasi esa
Keniyadan bo'lgan. Oila ajrashib ketgach, bobosi va buvisi qo'lida katta
bo'lgan.
Obama Amerikaning yetakchi oliygohlarida o'qigan. Jamoatchi faol sifatida
kambag'al oilalar bilan ishlagan. Illinoys shtatida qonunchi bo'lgan.
Yaqingacha ham rafiqasining Obamaga mag'lub bo'lganini ochiq tan olmagan sobiq prezident Bill Klinton,
"Barak bu diyorimizning asl farzandi", - deydi.
"Barak Obama uchun AQSh konstitutsiyasi eng oliy nizom. U bu yurtga g'amxo'rlik
qilib, uni har tomonlama himoya qila oladi. Unga ishoning va ergashing",- deydi
Bill Klinton.
Barak Obama vitse-prezidentlikka keksa va tajribali senator Jo Baydenni
tanlagan.
Jo Bayden amaldagi prezident, respublikachi Jorj Bushni AQShni egri yo'lga
yetaklaganlikda, tashqi siyosatni eplay olmaganlikda, iqtisodiy tanazzulga olib
kelganlikda ayblaydi. "Amerika nurli kelajak istasa, bu safar demokratlarni Oq
Uyga saylaydi",- deydi Bayden.
"Amerikani to'g'ri yo'lga yetaklab, xalqimni xavfsizlik, to'q va farovon hayot
sari yo'naltirish hayotiy maqsadim",- deydi Barak Obama.
Nomzod qurultoy oxirida 85 mingga yaqin amerikalik oldida so'zlab, respublikachi
raqibi senator Jon Makkeynni Amerika oldida turgan jamiki masalalar bo'yicha bahsga chorladi.
Makkeyn kelasi hafta o'z partiyasi qurultoyida so'zga chiqib,
xalqdan uni prezidentlikka saylashni so'raydi. Saylov 4 noyabrda o'tadi.