Rossiya
NATOning sharq tomon kengayishiga, Gruziya va Ukraina kabi davlatlarning alyans
safiga kirishiga qarshi. Kavkazdagi urushda G’arb Tbilisini yoqlagach, Rossiya
NATO bilan hamkorlikni to’xtatdi.
Prezident
Dmitriy Medvedev fikricha, hamkorlikdan Rossiya emas, NATO ko’proq manfaatdor.
Aloqalar uzilsa, Rossiya o’zini eplab ketadi, hatto munosabatlarni butunlay
uzishga tayyormiz, deydi Medvedev.
Rossiya
hatto NATOdagi elchisi Dmitriy Rogozinni chaqirib oldi. Rogozin nazarida NATO
Sovuq Urush davri qobig’idan chiqa olmayapti. Rossiya-NATO aloqalarini tubdan
ko’rib chiqish kerak deydi diplomat.
”NATO harbiylari ortiq Rossiyaga qadam bosmaydi, alyans kemalari Rossiya
sohillariga yo’lamaydi, qo’shma harbiy mashqlar haqida unutsa ham bo’ladi,” -
deydi Rogozin.
Lekin,
deydi Rogozin, Moskva NATO bilan muzokara qilishga tayyor. Qoradori savdosiga
qarshi kurash, xavfsizlikni ta’minlash, terrorizmni tugatish, insonparvarlik
yordami yetkazish va boshqa sohalarda avval qanday ishlagan bo’lsak, bundan
keyin ham shu tartibda ishlaymiz deydi Rogozin.
Moskvadagi
muxbirimiz Pyotr Fedinskiy mustaqil harbiy ekspert Pavel Felgengauer bilan
suhbatda bo’lganida, bu mutaxassis
Moskva NATOdan yuz o’girib, o’ziga ziyon qilmoqda degan mulohaza
bildirdi.
“Shimoliy
harbiy alyans Rossiyani o’ziga raqib deb bilib, Mustaqil Davlatlar
Hamdo’stligida ustunlik uchun kurash boshlashi mumkin. Qarabsizki, Rossiya
butun mintaqani o’ziga qarshi qilib qo’yadi,” – deydi ekspert.
NATO
Qora Dengizga harbiy kemalarini safarbar etar ekan, Rossiya tobora xavotirga
tushmoqda. Kreml shubhalanishicha, bu kemalar Gruziyaga qurol-aslaha
yetkazmoqda. Kecha AQShning ikki harbiy kemasi Gruziyaning Batumi portiga
kelgan. Asosan, ko’rpa-to’shak, gigiyena vositalari, bolalar uchun yegulik kabi
gumanitar yordam yetkazilgan.
Rossiya
generali Anatoliy Nogovitsin fikricha, Qora Dengizda yaqinda oyoq qo’yishga joy
qolmaydi. Rossiya hozircha hududga qo’shimcha harbiy kuch kirtimoqchi emas,
garchi bunga qurbi yetsa-da, deydi general.
Tahlilchi
Pavel Felgengauer nazarida Rossiya rahbariyati G’arbdagi andoza va
qadriyatlardan hayiqmoqda. Mas’uliyatli hukumat, erkin saylovlar, qonun
ustuvorligi kabi mezonlar korrupsiyaga botgan rus rasmiylariga yot. Ular Gruziya
va Ukrainadagi rangli inqiloblardan juda cho’chib qolgan deydi Pavel
Felgenxauer.
Ayrim
rus diplomatlari Uchinchi Jahon Urushi ehtimoli haqida gap ocha boshlagan.
Pavel Felgengauer fikricha, bu gap-so’zlardan maqsad g’arb jamiyatini
qo’rqitish.
”G’arb
ahli sarosimaga tushib”, - deydi tahlilchi, “Mayli, Gruziyani qurbon qilsak
qilibmizda, Rossiya bilganini qilsin” deb ish tutishi mumkin. G’arb o’zi
Gruziya haqida nimani biladi? Moskva rasmiylarining maqsadi ham shu, odamlarni
vahimaga solish”,- deydi Felgengauer.
Uning
aytishicha, Rossiya NATO bilan muomala qilmaslikka tayyor. Yevropadagi ayrim
davlatlar, Xitoy, Osiyo davlatlari Kremlni yoqlashi, dunyoda qarama-qarshi ikki
front paydo bo’lishi mumkin. Shunday bo’ldi ham deylik, Gruziya va Ukraina
NATOdan umidini uzsa ham bo’ladi, deydi rossiyalik ekspert.
Rossiya-Gruziya
mojarosi bilan bog’liq mavzular, G’arb, jumladan AQSh-Rossiya orasidagi bugungi
kelishmovchiliklar va diplomatik so’zlashuvlar, bu borada tahlilchi va
sharhlovchilar, qolaversa oddiy odamlar fikri bilan Internetda
amerikaovozi.comda ham tanishishingiz mumkin. Dasturimiz davom etadi.