O’zbekistonda, deya
bildiradi ayrim xalqaro moliya tashkilotlari, xususiy sektor uchun qulay
sharoitlar yaratilmoqda va iqtisodiy islohotlar samara bera boshlagan.Ammo ayrim
tadbirkorlar bu xulosalarga qo’shilmaydi. Qonunchilikdagi o`zgarishlar va amaldagi vaziyat bir-biriga mos emas, deydi
ular.
O’zbekiston matbuotida
Xalqaro Moliyaviy Korporatsiya e`lon qilgan yillik hisobot keng yoritilmoqda.
Dunyoning
170 dan ortiq mamlakatida tadbirkorlar uchun yaratilgan muhitni tahlil qilgan
bu hisobotda O`zbekistonga ijobiy baho bergan.
Mamlakatda kichik
korxonalarni davlat ro`yxatidan o`tkazish soddalashtirilgan, litsenziya va
ruxsatnomalar muddati uzaytirilgan, soliq foizlari muntazam tushib bormoqda,
biznesni ixtiyoriy tugatish jarayoni tartibga keltirilgan va hokazo deyiladi
unda.
Xalqaro Moliyaviy
Korporatsiyaga ko`ra, kichik biznesni rivojlantirish uchun amalga
oshirilayotgan islohotlar O`zbekistonni mintaqada yetakchi davlatga
aylantirishi mumkin.
Mahalliy tadbirkorlar
fikricha, O`zbekistonda tadbirkorlar uchun sharoit bundan 10-15 yil avvalgi sharoitga
qiyoslaganda ancha og`irlashgan.
“93-94 yillarda juda ham
yaxshi edi, hozir unchalik emas. U paytda ustav fondi ming so`mgacha tushirilgan,
hatto ustav fondisiz ham korxonani ro`yxatga olish mumkin edi. Turli tekshirishlarga
barham berilgan edi. To`siqlar juda ko`p”, - deydi kichik biznes bilan
shug`ullanuvchi tadbirkorlardan biri.
Yaqinda Xalqaro Moliyaviy
Korporatsiya vakillari O`zbekistonda bo`lgan va “Uzbek Leasing International”
kompaniyasi bilan kichik biznesni rivojlantirish maqsadida 3 million dollar
miqdorida kredit shartnomasi imzolashgan edi.
Keyingi paytda O`zbekiston
bilan hamkorlikni tiklayotgan Xalqaro Valyuta Jamg’armasi, Jahon Banki kabi
tashkilotlar qatoriga Xalqaro Moliyaviy Korporatsiya ham qo`shilmoqda.
Sharhlovchilarning
aytishicha, xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan tiklanayotgan aloqalar
iqtisodiy muhitdagi o`zgarishlar bilan emas, G`arb-O`zbekiston muloqotining
jonlanishi bilan izohlanadi.
Tadbirkor nazarida xususiy
biznes rivoji uchun qabul qilinayotgan qaror, qonunlarga e`tiroz bo`lmasligi
mumkin, biroq bu qonunlar faqat qog`ozda.
“Qonunlar yaxshi, lekin
ularning ijrosi… Raqobat ham bor, halol raqobat bo`ladi, g`irrom raqobat
bo`ladi, ish soatlari aniq belgilanmagan, maoshlar oz”, - deydi tadbirkor.
Ta`kidlanayotgan fikrlarga
ko`ra, hozirgacha qabul qilingan qarorlar minglab tadbirkorlarni biznes
sohasidan siqib chiqargan, savdo-tijorat yo`nalishi asosan hokimiyatga yaqin
qatlam qo`lida.
O`zbekiston xalqaro tashkilotlarning tanqidiy hisobotlariga
e`tibor bermay keladi. Biroz avval Xalqaro Tinchlik Fondi 2008 yilda dunyo
davlatlarida ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni tahlil etib hisobot e`lon qilgan edi.
Bu hisobotda asosiy
mezonlar - iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy vaziyat va demokratik
ko`rsatkichlar.
Tahlilga ko`ra, iqtisodiy
o`sish to`xtab qolgan, qonunlar ishlamaydi, korrupsiya yuqori, daromad ko`rish
sanoqli doira vakillariga tegishli, shuningdek, mamlakatdan millionlab odamlar
chiqib ketmoqda – bularning barchasi O`zbekistonni dunyodagi eng zaif davlatlar
qatoriga qo’shmoqda.
Mustaqil iqtisodchi Jahongir
Shosalimov iqtisodiy vaziyat bois aholi tashqaridan non topishga majbur deydi.
“Ayniqsa, cho`l zonalarida
shunaqangi tahlikali vaziyat yuzaga kelganki, aholi mamlakatdan qochib chiqib
ketayapti. Bu muammoni hukumat oldiga chiqarishning iloji bo`lmagani uchun ham
odamlar ketishga majbur”, - deydi Shosalimov.
Iqtisodiy o`sish haqidagi
rasmiy hisob-kitoblarga ko`ra, O`zbekiston MDH doirasida yetakchi davlatlardan
biri, biroq sharhlovchilar mamlakatdagi real iqtisodiy ahvol rasmiy
ma`lumotlardan keskin farq qilishini ta`kidlab keladi.