Bu
hafta Amerikada demokratlar haftasi bo’ldi. Saylovoldi qurultoyida partiya
Barak Obamani bir ovozdan prezidentlikka nomzod etib tasdiqlab, Bush ma’muriyatining
salkam sakkiz yillik siyosatini keskin qoraladi.
Obama AQSh tashqi siyosatini
tubdan o’zgartiradi, kelishmovchiliklarni qurol bilan emas, diplomatiya orqali
hal eta boshlaydi deydi demokratlar.
Obama va uning safdoshlari firkicha terrorga qarshi kurash
Iroqda emas, aynan Afg’on- Pokiston chegarasidagi hududlarda olib borilishi
lozim, chunki Tolibon va Al-Qoida, razvedka ma’lumotlariga ko’ra, shu mintaqaga joylashib olgan.
So’nggi oylar
ichida Afg’onistonda vaziyat tang, terror xurujlari ko’payib, xalqaro
koalitsiya kuchli zarbaga uchramoqda. Barak Obama Afg’onistonda NATO kuchlariga
yordamni oshirish kerak deydi.
Obama Iroqda ahvol biroz barqarorlasha boshlaganini tan
oladi. Bush ma’muriyati Iroq hukumati bilan qo’shinlarni u yerdan 2012 yilgacha
olib chiqishga kelishib olgan. Obama prezidentlikka saylansa, armiyani ertaroq
qaytarish niyatida.
Yana bir masala - bu Amerikaning xalqaro
nufuzi tushib ketganidir. Obama fikricha bunga AQShning Iroqqa xalqaro hamjamiyat bilan
hisoblashmay bostirib kirgani, Guantanamo va Iroqning Abu-G’arib
qamoqxonalaridagi qiynoqlar, Saudiya Arabistoni kabi repressiv davlatlar bilan
neft sabab olib boriladigan hamkorlik, muvozanatsiz siyosat sabab bo’lgan.
Barak Obamaning maslahatchisi Filip
Krovli Bill Klinton prezidentlik davrida davlat xavfsizligi masalalari bilan
shug’ullangan.
Krovlining tushuntirishicha, Obama jahon ahli bilan bog’lanmoqchi. "Davlatlar
bilan aloqalarda faqat harbiy yoki faqat iqtisodiy emas, ko’p-tomonlama
hamkorlik qilishni istaydi", -deydi u. "Chunki Amerika beradigan yordam ko’p
hollarda xalqqa emas, bevosita amaldorlar cho’ntagiga ketadi".
Keksa demokrat, sobiq prezident Jimmi Karter fikricha, dunyo hozir Amerikaga
umuman ishonmay qo’ygan. “Biz kimmiz boshqalarga aql o’rgatadigan? Bush davrida
Amerikaga bo’lgan hurmat, sodiqlik hissi butunlay chilparchin bo’ldi”, - deydi
82 yoshli arbob.
"Barak Obama prezidentlikka saylansa, inauguratsiya marosimidayoq jahon ahliga
qarata, “Men prezident ekanman, AQSh hech kimni qiynoqqa solmaydi. Men
prezident ekanman, aniq sababsiz biror davlatga o’t ochmaymiz. Men prezident
ekanman, inson huquqlarini hamma narsadan ustun qo’yamiz”,- deya so’z berishi
kerak. Shu so’zlari bilanoq Obama dunyo xalqlarini eritishi
mumkin".
Prezidentlik uchun Respublikachilar partiyasi nomzodi Jon Makkeyn Obamani
“aqlli, ammo xom siyosatchi” deb ataydi. Uningcha Obama global masalalarini,
ayniqsa xavfsizlik bilan bog’liq muammolarni tushunmaydi.
”Makkeynning bu tanqidi asossiz va o’rinsiz”,- deya javob beradi Obamaning
maslahatchisi Filip Krovli.
“Eron masalasini olaylik. AQSh 30 yildan beri bu
davlat bilan aloqada emas. Makkeyn fikricha terror homiysi deb ataluvchi Eron
bilan hech qanday munosabat yuritmaslik lozim. Obama esa global tinchlik
yo’lida AQSh har bir davlat bilan gaplashishi, kelishmovchiliklarni yechish
uchun diplomatiyaga zo’r berish kerak degan fikrda. Gaplashmasangiz, muammoga
yechim qaydan keladi”?- deya so’raydi Krovli.
Respublikachi kongressmen Erik Kantor esa Obama va uning o’rinbosari bo’lish
uchun nomzod Jo Bayden xavfli davlatlar bilan yuzma-yuz muzokara qilib, hammani
tahdid ostiga qo’yadi deydi.
”Hizbulloh va Xamas singari qonxo’r guruhlarni moliya bilan ta’minlab, bizni va
bizning Isroildek sodiq ittifoqchilarimizni nishonga olib kelayotgan tomonlar
bilan bir davrada o’tirish AQShga yarashadigan ish emas, bu sharmandalik bo’ladi”,- deydi kongressmen
Kantor.
Shimoliy Koreyani atom qurollaridan voz kechtirish masalasida ham demokratlar
va respublikachilar turlicha strategiya taklif qilmoqda. Obama muzokaralar
davom etsin deyapti, Makkeyn esa Pxenyanga nisbatan keskinroq talablar qo’yish
tarafdori. Gapga ko’nmasa, bu davlat BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan
jazolanishi kerak, deydi Makkeyn.
Barak Obama ham, Jon Makkeyn ham Rossiya-Gruziya urushida
Kremlni ayblagan va har ikkisi nazarida Rossiya eski ittifoqni tiklashga va
demokratiya yo’llarini to’sishga urinmoqda.
Makkeyn va Obama senator sifatida tashqi siyosat va aloqalar bilan shug'ullanuvchi qo'mitalarga a'zo.
Makkeyn Markaziy Osiyo bo’ylab ko’p marta safar qilgan va mintaqa hukumatlari
bilan yaqindan tanish. Uning fikricha Qirg’izistondan boshqa hech bir davlatda
demokratik o’zgarishlar ko’zga tashlanmaydi. Harakatlar bor, deydi u, lekin fuqaro
jamiyati bosim ostida va huquqqa hurmat past.
Makkeyn O’zbekistonni strategik jihatdan juda muhim davlat deb hisoblaydi va
Islom Karimovni eng zolim rahbarlardan biri deb ataydi. 2005 yildagi Andijon voqealarini
keskin qoralagan va O’zbekistonga nisbatan sanksiyalar qo’yish taklifi bilan
chiqqan. Saylansa, nohukumat tashkilotlarga yordamni oshirishi va hukumat bilan
ochiq muloqot qilishga, xavfsizlik yo’lida birga ishlashga harakat qilishi
mumkin.
Obama Markaziy Osiyoga nisbatan qanday siyosat olib borishi
mumkinligi haqida hozircha biror aniq izoh yo’q, ammo demokratlar diqqatni inson
huquqlari, ijtimoiy yordam va madaniy aloqalarga qaratish zarur deb keladi.