Senator Barak Obama AQSh Demokratik partiyasidan
prezidentlikka nomzodlikni qabul qildi. Partiyaning Kolorado shtatida dabdaba
bilan o'tgan qurultoyida Obama siyosatni boshdan oyoq yangilashga so'z berdi.
47 yoshli siyosatchi Amerikaning ilk qora tanli prezidenti bo'lishi
mumkin.
Demokratik partiyadan nomzodlikni qabul qilish
marosimida Barak Obama Denver stadionida yig'ilgan 85 ming kishi oldida nutq
so'zladi. AQSh tarixida ilk bor yirik siyosiy partiya afro-amerikalik arbobni
davlat rahbarligiga ko'rsatmoqda.
"Saylov urush va iqtisodiy tanazzulni boshdan
kechirayotgan AQShni oyoqqa turg'izish uchun imkoniyatdir", - deydi Obama.
"Mamlakat yuzlashayotgan qiyinchiliklarning
barchasida hukumatni ayblab bo'lmaydi. Biroq prezident Jorj Bush
boshchiligidagi Respublikachilar partiyasi, amaldagi hukumat noshud ekani
ayon".
Respublikachilar nomzodi Jon Makkeyn prezident etib
saylansa Bush siyosatini davom ettiradi, deydi Obama. "Respublikachilar so'nggi
sakkiz yil mobaynida nimaga qodir ekanini ko'rsatib bo'ldi, Oq uyga demokratni
saylash lozim", - deydi u.
Obama Amerikaning o'rtahol oilalari uchun soliqlarni
kamaytirishga va kelasi 10 yil ichida xorij neftiga tobelikdan qutulishga va'da
bermoqda.
"Tashqi siyosatga kelganda, Iroqdagi urushni tezroq
yakunlash, Afg'onistonda esa Al-Qoida va Tolibonga qarshi kurashni kuchaytirish
lozim. Oliy qo'mondon sifatida AQSh xavfsizligini ta'minlash asosiy maqsad
bo'ladi", - deydi Obama.
Demokratlar nomzodi, shuningdek, AQShning dunyodagi
obro'sini ko'tarishga, dushmanlar bilan yuzma-yuz gaplashishga, xalqaro sahnada
ittifoqchilar bilan doimo maslahatlashib ish tutishga so'z bermoqda.
O'z qurultoyiga tayyorgarlik ko'rayotgan
respublikachilar "Obama nutqida katta va'dalar berib xalqni adashtirmoqda"
deydi.