Rossiya Gruziyaning bo'lginchi hududlarini mustaqil
deb tan olgach, rasmiy Tbilisi Moskva bilan diplomatik aloqalarni uzishga qaror
qilgan. Rossiya qaror yuzasidan afsus bildirsa-da, Tbilisidan o'z
diplomatlarini ham chaqirib olmoqda.
Germaniya matbuotiga bergan intervyusida, Rossiya
Bosh vaziri Vladimir Putin Kavkazdagi voqealarga xolis baho berishni hamda
Yevropa Ittifoqidan Rossiyaga sanksiya qo'ymaslikni so'ragan. 1 sentyabr kuni
ittifoq a'zolari Bryusselda yig'ilib, Rossiya bilan munosabatlarni qayta ko'rib
chiqadi.
Gruziya Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, Rossiya
fuqarolariga viza berish to'xtatilgan. Gruziyaning Moskvadagi elchixonasi
xodimlari vatanga qaytmoqda. Mamlakat parlamenti bu qarorni yoqlab ovoz bergan.
Gruziya hukmron partiyasi a'zolaridan David
Darchiashvili "hujjat ramziy ma'noda qabul qilindi" deydi. Ikki mamlakat
o'rtasida diplomatik aloqalar allaqachon uzilgan.
"Mazkur yilning aprel oyida NATOning Buxarestdagi
anjumanida Gruziya va Ukrainaning harbiy tashkilotga a'zo bo'lish to'g'risidagi
arizasi ko'rib chiqilgan edi. Unda ishtirok etgan Rossiyaning amaldagi bosh
vaziri Vladimir Putin NATOning sharq tomon kengayishiga keskin qarshilik
bildirgan. Sammit ketidan Rossiya va Gruziya o'rtasida ziddiyatlar avj oldi va
iyul oyida elchini chaqirib olgan edik", - deydi qonunchi David Darchiashvili.
Unga ko'ra Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili
Rossiya qo'shni davlat ekanini tushunadi. "Ammo Rossiya suveren davlat
hududlarini o'ziga qo'shib olish harakatida ekan, aloqani uzishdan boshqa chora
yo'q".
Bu orada BMT qochqinlar agentligi mojaro
zonasida yashayotgan aholi taqdiridan xavotir bildirmoqda. Qurollangan
guruhlar, deydi agentlik xodimlari, Janubiy Osetiya mintaqasi va Gori shahri
o'rtasida joylashgan olis qishloqlarni talamoqda. Aholi bu joylarni tark
etishga majbur.