O'zbekiston mustaqillikning 17 yilligini nishonlamoqda. Rasmiylar istiqlol xalq uchun eng ulug' ne'mat - ozodlikni tuhfa etganini,
O'zbekiston mustaqil davlat sifatida dunyo hamjamiyatining teng huquqli
a'zosiga aylanganini ta'kidlaydi.
Sharhlovchilar fikricha esa mustaqillik,
istiqlol g`oyasi xalqqa hamon begona, uning ko’ngliga o’rnasha olmagan. 90-yillar
boshida kuzatilgan uyg`onish, jamiyatdagi erkinlik, demokratik to`lqin xotiraga
aylanmoqda.
Yuzlab faollar mamlakatdan quv`gin qilingan, millionlab o`zbekistonliklar
ish izlab turli mamlakatlarga chiqib ketmoqda, porloq va demokratik kelajakdan
esa hamon darak yo’q.
Sobiq Sovet ittifoqi tarqab MDH a`zolari mustaqillikka
erishgandan keyin ham O`zbekiston o`z imkoniyatlari jihatidan mintaqaning yetakchi
davlati bo’lib qolayotgan edi.
1990-yillarda o`zbek muxolifati xalqni, ziyolilarni
birlashtira olgan kuch sifatida maydonga chiqib, mintaqa davlatlarida
demokratik jarayonlarga o`rnak ham bo`ldi. O`zbekiston Oliy Majlisining
o`sha paytlardagi faoliyati, deputatlar
mustaqilligi, parlamentdagi ochiq-oshkora muhokamalar hozir ham
eslanadi.
“Mintaqada demokratik harakatlar, mustaqillik uchun kurash,
muxoliflik birinchi bo`lib bizda boshlangan edi. 1988-yil 11
noyabrda “Birlik” harakatining nizomi mening uyimda tuzilgan. Lekin o`sha
harakatlar ham tayyorgarliksiz, chala bo`lgan. Qanaqa qilib kurashish kerak? Qanday
odamlar bo’lishi kerak? Bilmasdik. Xomligimiz sababli bugungi ahvolda turibmiz.
O`shanda go`zal bir to`lqin bor edi xalqimizda, biz shu to`lqinni yo`qotib
qo`ydik ”, - deb xotirlaydi muxolifat faollaridan biri Dadaxon Hasan.
 |
|
Mamlakatda ahvol demokratik jarayonlar inqirozga uchragach
og’irlashdimi yoki iqtisodiy qiyinchiliklar sabab bo’ldimi aytish qiyin. Sharhlovchilarga
ko`ra, tuzum mustahkamalangani sari vaziyat tobora og`irlashadi.
“Mustaqillikka erishilgach, hammada bir eyforiya kayfiyati
paydo bo`ldi. Mustaqillik bilan hammasi yaxshi bo`ladi, faqat to`polon bo`lmasa
bo`ldi degan mentalitet bor edi. Shunga ko`ra, ish olib borildi. Natijada bizga
piket qiladiganlar, to`polon qiladiganlar, partiya tuzadiganlar kerakmas degan
xulosaga kelindi. Hukumatni keyinchalik sekin-sekin taqsim qilamiz, faqat
yaxshi qonunlar qabul qilsak bo`ldi degan fikrga kelindi. Keyin esa xalqni
himoya qilish uchun muxolifat, piket qiluvchilar, nodavlat tashkilotlarning ahamiyat,
o`rni borligi, faqat davlat idoralari bilan hamma ishni amalga oshirish mumkin
emasligi ayon bo`ldi”, - deydi sharhlovchi Komron Aliyev.
Hukumat O`zbekistonni mintaqaning yetakchi davlati
hisoblaydi. Xalqaro maydonda O`zbekiston avtoritar davlat sifatida
ta`kidlanadi.
Mamlakatni salkam 20 yilda uch marta qayta saylangan
prezident Islom Karimov boshqarib keladi. O`zbekistonda 4 rasmiy partiya
mavjud, biroq muxolif partiyalarning birortasi rasman ro`yxatga olinmagan.
Ayrim sharhlovchilar Islom Karimov tashabbusida mamlakatda
qator demokratik tamoyillar joriy etilganini ta`kidlaydi.
“O`zbekistonda inson huqularini himoyalash, kafolatlash
haqida juda ko`plab qonunlar qabul qilindiki, bu xalqaro ekspertlar tomonidan
e’tirof qilinayapti. O`zbekiston ko`plab xalqaro tashkilotlar a`zosi. Mamlakatda
ko`ppartiyaviylikni rivojlantirish, fuqarolik jamiyati qurish davlat rahbarlari
oldida turgan asosiy mavzulardan biri”, - deydi siyosiy sharhlovchi Muqimjon
Qirg`izboyev.
Muxolifat esa mamlakatdagi demokratik inqiroz, iqtisodiy
qiyinchiliklar sababini avtoritar boshqaruvda ko`radi.
“17 yillik iqtisodiy vaziyat haqida to`xtalish kerak,
xalqimizda bir gap bor, “bolaning tashvishi ham o`zi bilan katta bo`laveradi”.
Afsuski, mustaqillik 17 yoshga to`ldi, lekin iqtisodni yaxshilash yo`lini bu
hukumat topishiga hech kim ishonmaydi, men ham. Iqtisodiy ahvol juda chatoq,
bozorda bir kilo guruch 3,5 ming so`m. Viloyatlarda, qishloqlarda ahvol yomon.
Siyosiy vaziyat haqida gapirmasa ham bo`ladi. Haq-huquq yo`q, inson ovozini
chiqarsa qamaladi”, - deydi “Birdamlik” harakatining O`zbekistondagi
rahbari, “Erk” partiyasi faoli Dilorom Ishoqova.
2008 yil siyosiy iliqliklar boshlangani bilan ko`zga
tashlanadi degan fikrlar ham bor.
“Inson huquqlari himoyachilarining qamoqdan ozod qilinishi,
Qizil Xoch jamiyatiga qamoqxonalarni inspeksiya qilishga ruxsat berilishi,
siyosiy vaziyatning bir qadam oldinga siljigani, muxolifatga munosabatda
iliqlik paydo bo`lgani shundan nishona. Lekin bu bilan to`xtab qolish kerak
emas. Qamoqdagi barcha siyosiy mahbuslarning ozod qilinishi hukumatning siyosiy
o`zgarishlarga tayyorligini ko`rsatadi”, - degan fikrda muxolifatdagi “Birlik”
partiyasi faoli Hamdam Sulaymon.
Dilorom Ishoqova siyosiy iliqliklar haqidagi fikrni rad
etadi:
“O`zbekiston qamoqxonalarida bironta siyosiy mahbus
qolmaganda, men bu gapga ishonardim. Chunki siyosiy mahbuslarning hammasi
O`zbekiston mustaqilligi uchun kurashgan, mustaqilikni qo’msagan, vatanni
sevgan odamlar. Karimovni tanqid qildi degani O`zbekistonning dushmani degani
emas”.
O`zbekistonning 17 yillik tashqi siyosatini tahlil qilayotgan
sharhlovchilar siyosatda aniq strategiya yo`qligini ta`kidlaydi. Rasmiy
Toshkent hozirgacha dunyoning bir qancha davlatlari bilan strategik sheriklik
shartnomalari imzolagan, tashqi siyosatdagi strategik hamkorlar hukumat
kayfiyatiga qarab hamisha o`zgarib kelgan.
Siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipovga ko`ra, 17 yil mobaynida
O`zbekistonning mustaqil tashqi siyosiy doktrinasi ishlab chiqilmadi.
Mustaqillik yillari o`zbek xalqi hayotida asosan ishsizlik,
turmush tarzining og`irlashishi bilan kuzatildi. Hukumat bu davr mobaynida
rivojlanishning turli modellarini tanladi. So`nggi yillarda rivojlanishning
o`zbek modeli haqida gapirila boshladi. Hukumatning iqtisodiy o`sish muntazam rivojlanayotgani
haqidagi gaplari ishonchsizlik bilan qabul qilinadi.
Sharhlovchilar so`nggi yillarda aholi turmush tarzi bir oz yaxshilanganini
qayd etadi. Biroq bu siljish davlat ishtirokisiz, bugun O`zbekistonda eng katta
ijtimoiy harakatga aylangan mehnat muhojirlari tufayli ro’y bermoqda.
Biroq muhojirlik o`zbekistonliklarni turli haqsizlik,
xo’rliklarga chidashga majbur qilmoqda.
“Shu 17 yil ichida qanday yaxshiliklar bo`ldi deb odam
o`ziga savol beradi. Birinchi yillari ish qidirib ketayotgan odamlar unchalik
ko`p emas edi, ko`pchilik yaxshi bo`lib qolar degan umid bilan kutayotgan edi.
Keyin qarasa, ahvol og`irlashayapti, hukumat ish yaratish uchun hech narsa
qilayotgani yo`q. Shu bois keyingi yillarda muhojirlar soni keskin ko`paydi. 20
yoshdan 50 yoshgacha bo`lgan aholining yarmidan ko`pi tashqarida mehnat
qilmoqda. Muhojirlarimiz asosan Rossiyaga va Qozog`istonga ketmoqda. U davlatlarning
o’zida qonunchilik yaxshi emas, shuning uchun muhojirlarni sotish, qullikka
tushirish holatlari bor. Bu 21-asrdagi qullikning yaqqol ko`rinishi”, - deydi
huquq himoyachisi Surat Ikromov.
Oddiy xalq iqtisodiy qiyinchiliklar vaqtinchalik ekaniga
ishonadi va umid bilan yashamoqda..
“1991-yilda mustaqillikka erishgan edik. Endi yaxshi bo`lib
ketar, shunday deyishayapti-ku. Davlatimiz boy deyishayapti, bizga ham qarashar.
Shuni kutayapmiz… Endi har holda yog` berayapti, unni arzon narxda berayapti”,
- deydi fuqarolardan biri.
Ayrim fuqarolar mustaqillikdan hafsalasi pir bo`lganini
yashirmaydi:
“Mustaqillik bo`lgandan beri qancha yaxshi narsa bo`lsa,
hammasi cheklab kelingan. Bundan keyin ham shunaqa bo’ladi. Bizning
mamlakatimizga xos narsa bu. Jamiyat o`zining kirdikorlaridan uyalib, uni
yashirib yashaydigan odamga o`xshaydi”.
O`zbekiston televideniyesi orqali gapirayotgan fuqarolarga
ko`ra esa mustaqillik bergan imkoniyatlar cheksiz:
“17 yillik bayramni boshlab yubordim. Biz gullar ichida
yurishga, yashashga o`rgandik. Bunday narsa yo`q edi-ku avval. Insonni
ardoqlash, insonni hurmatlash, inson uchun sharoit yaratish degan narsa
mustaqillikning ne`mati hisoblanadi”.
O`zbekiston matbuotida an’anaga ko`ra, mamlakatdagi har
qanday o`zgarish mustaqillik va prezident nomi bilan bog`lanadi.
Dehqon mustaqillik tufayli fermerlik rivojlanayotgani haqida
gapirsa, o`qituvchi mustaqillik tufayli ta`lim jarayoni mukammalashgani haqida
fikr bildiradi.
Sharhlovchilar nazarida aslida fermerlar inqirozga
uchrayotgani, ta`lim sifati esa sayozlashib ketgani ko`pchilikka ma`lum.
“Shiorbozlik… Avvalgi “butun dunyo proletarlari, birlashingiz!”
degan gapga o`xshaydi. Men hali bu shiorlani qabul qilgan odamlarni
uchratmadim. Milliy g’oyaning o`zi esa bizda yo`q. Boshida paydo bo’lgan erkin
fikrlar quritildi, yangisi yaratilmadi, milliylik nimadandir boshlanishi kerak.
Bu til bo`lishi mumkin edi. Iqtisodni siyosatdan ajratishdi, bu tushunchalar
qushni ikki qanoti kabi ajralmas, oqibatda bugungi ahvolga keldik”, - deydi
muxolifat vakillaridan biri ruhshunos Hayitboy Abdullayev.
Tahlilchilarga ko`ra, har bir millatning mustaqillik kuni tarixiy
kun. Uning ahamiyati nafaqat balandparvoz shiorlar bilan, balki bu ozodlik
millatga bergan imkoniyatlar, xalq farovonligi, ruhiyati bilan o’lchanadi.