Mustaqillik bayrami nishonlanar ekan, Rossiya Bosh
vaziri Vladimir Putin Toshkentga tashrif buyurgan.
Ikki kun davomida Rossiya va O`zbekiston o`rtasidagi siyosiy-
iqtisodiy aloqalar muhokama qilinadi.
O’zbekiston hukumati muzokaralarda Kavkazdagi
harbiy harakatlarga nisbatan o’z rasmiy munosabatini bildirishi mumkin.
Putinning bu tashrifi, deydi sharhlovchilar, ikki davlat orasida aloqalarning
yangi sahifasini ochishi mumkin, ya’ni yangi yo’nalishga turtki beradi.
Putinning O`zbekistonga
tashrifi bir tomondan Rossiya- Gruziya urushi tufayli MDHdagi vaziyat ancha ziddiylashgan, ikkinchi tomondan esa O`zbekistonning G`arb bilan aloqalari bir
qadar tiklana boshlagan paytga to'g'ri kelmoqda.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etish
masalasini ko`rib chiqmoqda. MDHning aksariyat a`zolari Rossiya harbiy
harakatlarini yoqlamagan. Jumladan O`zbekiston ham hozirgacha shunday
pozitsiyada edi. Tashrifdan keyin bu pozitsiya qanday bo`lishi
hozircha noma'lum.
G'arb
bilan aloqalarni tiklayotgan rasmiy Toshkentni Kreml ta`sir doirasida saqlab
qolish Putinni O'zbekistonga olib kelgan maqsadlardan biri sifatida ta'kidlanadi.
Biroz avval AQSh Markaziy
Qo`mondonligi rahbari general-leytenent Martin Dempsi Toshkentda bo`lgan
va O`zbekiston mudofaa vaziri bilan harbiy hamkorlik yuzasidan
muzokaralar o`tkazgan edi.
Rossiyalik va o'zbekistonlik tahlilchilar nazarida Vladimir
Putin Karimov baribir Kremlning Kavkazdagi siyosatini, jumladan Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligi tan olinishini qo`llab quvvatlaydi degan umidda.
Lekin separatist hududlarni tan olishga kelganda, siyosiy hamkorlik ancha nozik masala.
"Rossiyaning o`zi hozirgacha bir
qancha separastik hujumlarni boshdan kechirib keldi. Atrofdagi davlatlar, jahon
hamjamiyati bu muammoni to`g`ri tushund. Hech kim Rossiyadagi bunday ayirmachi
guruhlarni tan olgani yo`q. Shunday muammolarni boshdan kechirgan Rossiyaning
o`zi mana, afsuski, separatizmni qo`llab -quvvatlayapti. Hozir Gruziyaning
yaxlitligi buzilayapti. MDHdan nima qoladi bilmadim, chunki bunday xavf
uning tarqalib ketish ehtimolini kuchaytirayapti ", - deydi siyosiy sharhlovchi Farxod
Tolipov.
Iqtisodiy aloqalar haqida gap ketarkan, Rossiya O`zbekiston gazini uzoq
muddatli shartnomalarga ko`ra sotib olishni istaydi. Shuningdek
Rossiya tomon yangi gaz quvurlarini yotqizish, bu sohada O`zbekistonda
ishlayotgan Rossiya kompaniyalari loyihalarini jadallashtirish muhokama
qilinmoqda.
Muzokaralarda Rossiyaga sotilyotgan gaz bahosi belgilanadi. Mintaqa davlatlari 2009 yildan boshlab gazni Yevropa narxlarida
sotishga kelishib olgan.
Siyosiy faol Abdurahmon
Tashanov fikricha Putin o'z tashrifidan maksimal foyda ko'zlamoqda.
"Nazarimda Putin muzokaralarda
yetarli natijaga erishadi. Olayotgan gaz miqdorini ko'paytirishi, narxini nisbatan
arzonlashtirishi mumkin", - deydi Tashanov, Putinni uddaburo strateg-siyosatchi sifatida tasvirlar ekan.
O'zbekiston G'arb va Rossiya bilan o'zaro manfaatlarga asoslangan, muvozanatli aloqa yurita oladimi?
O'tgan 17 yil sarhisob qilinganda, Islom Karimov hamisha bir tomonga ko'proq og'ishi ko'zga tashlanadi.