Respublikachilar Partiyasi prezidentlik uchun 72 yoshli
senator, vatan qahramoni Jon Makkeynni (John McCain) tanlagan. Makkeyn nafaqat ichki siyosat,
balki tashqi siyosatda ham o'tkir arbob sanaladi.
Hatto raqib partiya a'zolari
– demokratlar ham Makkeynni fidoiy va vatanparvar inson deya hurmat bilan tilga
oladi.
Makkeyn prezidentlikka 2000 yilda ham harakat
qilgan, ammo nomzodlikni amaldagi prezident Jorj Bushga (George Bush) boy bergan.
Bu yil
nomzodlikni qo'lga kiritdi, ammo oldinda uni 47 yoshli demokrat raqib – Barak
Obama (Barack Obama) bilan shuddatli bahs va musobaqalar kutmoqda.
Obama vitse-prezidentlik
uchun Makkeyn singari Vashingtonda pishgan siyosatchi Jo Baydenni (Joe Biden) loyiq topgan
bo'lsa, Makkeyn muovinlik uchun 44 yoshli, ko'pchilikka notanish Sara Palinni (Sarah Palin)
ma'qul ko'rmoqda.
Palin Alyaska shtati gubernatori. Mahalliy siyosatda
korrupsiyaga qarshi kurashib kelayotgan amaldorlardan.
Jon Makkeyn vitse-prezidentlik uchun kimni olarkan deb uzoq kutildi. Tajribali gubernator va arboblar saralandi.
Makkeynning qarori hammani ajabga soldi.
"AQShning bo'lajak vitse-prezidenti - buyuk Alyaska shtati gubernatori Sara Palin bo'ladi",- deydi Makkeyn.
Sara Palin besh farzandning onasi. Alyaskani ikki yildan beri boshqaradi.
Katta siyosiy sahnaga ko'tarilmagan amaldor. Makkeyn "mana
endi ko'tariladi" deydi.
"Men o'zi shunday jafokash va kamtarin hamroh qidirayotgan edi. Vashingtondagi
manman siyosatchilardan yiroq, halol va mehnatkash xizmatchi".
Sara Palin xalqqa o'zini islohotchi, iqtisodiy-ijtimoiy o'zgarishlar qilishga
qodir yetakchi deb tanishtirmoqda. AQSh manfaatlarini himoya qila olaman deydi
u.
"Hech kimga bosh egmayman. Korrupsiyani xalq dushmani deb bilaman. Lobbichilar
va yirik kompaniyalarga emas, sizga xizmat qilaman",- deydi Palin.
Jon Makkeyn saylovdagi raqibi – demokrat nomzod Barak Obamani yosh va
tajribasiz deya tanqid qiladi.
Biroq Sara Palin Obamadan ham yosh va siyosiy
malakasi yuqori emas. Palinning tanlanishi saylanish uchun qilingan strategik
qaror deydi siyosiy sharhlovchi Deyvid Mark.
"Makkeyn boshqani hali xom deya yerga urib, o'zi
undan-da xom kishini o'rinbosarlikka munosib ko'rishi juda kulgili hol. Lekin
Sara Palin saylov uchun muhim. U yosh saylovchilarni, xotin-qizlarni, qolaversa
oddiy amerikaliklarni o'ziga qarata oladi".
Siyosiy raqobatda natija emas, ko'pincha bugungi maqsad ustun keladi deydi
tahlilchi.
"Makkeyn, demokratlar orasida Barak Obamani emas, Xillari Klintonni nomzod
sifatida ko'rsatgan va bugun xafsalasi pir bo'lgan odamlarni o'ziga
og'dirmoqchi. Ularning ovozisiz saylanish qiyin. Millionlab ovoz haqida gap
ketayapti",- deydi Deyvid Mark.
Sara Palin qayerga bormasin, ayollarga alohida murojaat qilmoqda.
"Xillari Klinton (Hillary Clinton) naqd 18 million amerikalikning ishonchini qozonib, eng yuqori
pog'onaga ko'tarila olgan ayol. Klinton tanlanmadi deb afsuslanmang. Mana men
borman. Men bu ayol ochgan yo'ldan borib, orzu-istaklaringiz uchun kurashaman.
Nimaga qodirligimizni isbotlaymiz".
Sara Palin Alyaskadek energetik resurslarga boy shtat
rahbari sifatida AQShning yonilg'iga bo'lgan cheksiz talabini qondirish naqadar
muhim ekanini biladi.
Amerika o'z suvosti zaxiralaridan foydalana boshlashi
kerak deydi u. Uning fikricha chet el neftiga tobelikdan voz kechish payti
yetgan.
Sara Palin Respublikachilar Partiyasining xudojo'y oqimi
a'zolaridan.
"E'tiqod hayotim mazmuni", - deydi u. O'zini iymonli nasroniy deb
atovchi Palin xonim oilani muqaddas deb biladi.
Palin AQSh jamiyatida ko'p
bahsu-tortishuvlarga sabab bo'ladigan va o'ta siyosiy mavzular sanaladigan
masalalar - nikohsiz farzand ko'rish, homilani abort qilish, gomoseksual
kishilarning o'zaro turmush qurishi kabi hollarga qarshi.
Lekin Sara
Palinning 17 yoshli qizi Bristol, yuqori sinf o'quvchisi, besh oylik homilador.
 |
| Makkeyn Sara Palinni tanlashidan avval uning qizi (o'ngdan birinchi) homilador ekanini bilgan |
Sara Palin "qizim go'dakning otasi bilan oila quradi va
farzandiga onalik qiladi" deya oila sha'nini va o'z siyosiy kelajagini himoya
qilishga urinmoqda. Siyosiy sharhlovchilar nazarida bu hol Jon Makkeynni
millionlab tarafdorlardan va shu tariqa xalq ovozidan ayirishi mumkin.
Amerikaliklar esa va'daboz va ikkiyuzlamachi siyosatchilardan to'yib ketganini,
vijdonli rahbarlarga zor ekanini aytmoqda.
Respublikachilar orasida Palinni quvvatlayotganlar ham ko'p. Ular fikricha Palinning qizi homilani abort qildirmay, yosh bo'lsa-da onalikni zimmasiga olayotgani u singari mushkul avholga tushib qolgan qizlarga o'rnak bo'lishi lozim.
Izlanishlar shuni ko'rsatadiki, Amerikada har 10 qizdan uch nafari 20 yoshga kirguncha kamida bir marotaba homilador bo'lib qoladi va ko'p hollarda abortni ma'qul ko'radi.
Saylov oldidan jinsiy tarbiya, maktablarda bu borada qanday ta'lim berilishi, ota-ona va muallimlar roli va vazifasi, o'smirlarga e'tibor kabi masalalar yana dolzarb sahnaga chiqmoqda.
Sara Palinning o'zi jinsiy tarbiya maktabda emas, oilada berilishi kerak deb keladi. Vitse-prezidentlikka nomzod hali bu borada ko'p marotaba savolga tutilsa ajabmas.