Inson huquqlari bo'yicha Human Rights
Watch tashkilotiga ko'ra, Rossiya va Gruziya o'rtasidagi urushda har ikki tomon
kassetali bombalardan foydalangan.
Yuzdan ortiq mamlakat tomonidan man etilgan bunday
bombalar parchalanuvchi aslahalar toifasiga kiradi. Kassetalarda 96 dan 640
tagacha kichik bombalar bo'ladi. Portlaganda parchalanib bir paytning o'zida
turli tomonni nishonga oladi. Gruziya Janubiy Osetiyada bu qurolni ishlatganini
tan olgan.
Human Rights Watch tashkilot xodimi Boni Dokertining
aytishicha, Rossiya ham Gruziyada kassetali bombalardan foydalangan. Bu borada
rad qilib bo'lmas dalillar bor.
"Kassetali aslahalar parchalanish xususiyati
hisobiga asosan odamlarga talofat yetkazadi", - deydi inson huquqlari
tashkiloti vakili. "Shuningdek, portlamay qolgan bo'laklar minaga aylanadi.
Tashkilot o'z tekshiruvida Gruziyaning to'rt qishlo'gida kassetali bombadan 14
kishi halok bo'lganini aniqlagan. Ularning ataylab ishlatilgani ayon".
Rasmiy Tbilisi bu quroldan
Janubiy Osetiyani shimol bilan bog'lovchi hududda, ya'ni Rokki tunneli atrofida
qo'llanganini tan olgan. Tadqiqotchi Dokerti so'zlariga ko'ra, portlovchi
moslamalar mojaro yakun topgach ham oddiy aholini o'ldirishda va jarohatlashda
davom etadi.
"Mahalliy aholi minalarga to'la
dalalarga qadam qo'yib hayotini xavf ostiga qo'yishi yoki ocharchilik bilan
yuzlashishga majbur".
Huquq faollari nazarida Gruziya va Rossiya
birgalikda mojaro zonasini minalardan tozalashi zarur.
Tbilisi, Gruziyaning boshqa hududlari,
qolaversa o'zini mustaqil deb biluvchi Abxaziya va Janubiy Osetiga safar qilgan
muxbirlarimiz odamlar orasida vatanparvarlik va bir paytning o'zida
millatchilik hissi oshgani haqida xabar bermoqda.
Gruzinlar Rossiyani qoralasa, osetin va
abxazlar G'arbga lanat aytmoqda. Xalq bunday kayfiyatda ekan, hukumatlararo
kelishmovchiliklar avjga chiqar ekan, vaziyat notinch bo'lib qolaveradi…
Rasmiylar ham, oddiy odamlar ham, hatto
matbuot va axborot vositalari ham haqiqatni bilish bugun qanchalik qiyin
ekanini tan olmoqda. Urushda qancha odam o'lgani, kimni qaysi davlat
qurol-aslaha bilan ta'minlagan, jinoyatchilar kim - bularga javobni faqat
mustaqil tergov yo'li bilan javob topish mumkin.
"Amerika Ovozi" bilan Tbilisidan turib suhbatlashgan
jurnalist Giya Abashidzening hikoya qilishicha, kecha mamlakat shahar va
qishloqlarida "Birdamlik" shiori ostida tinch namoyishlar o'tgan.
Abashidzening aytishicha, Gruziya va Yevropa
Ittifoqi bayroqlarini ko'tarib olgan minglab gruzinlar ko'chalarga chiqib,
"Gruziyani Rossiyaga bermaymiz", "Gruziya mustaqil, demokratik va bo'linmas
davlat" deya hayqirgan. Namoyishchilar Gruziyaning ayrim muhim nuqtalarni hamon
nazorat qilayotgan Rossiya harbiylari mamlakatni tark etsin deya talab qo'ygan.
"Gruzinlar Yevropa Ittifoqining qarorini tushunadi,
ya'ni ittifoq Rossiya bilan aloqalarni shartta uzishga va yangi Sovuq urushni
boshlashga tayyor emas", - deydi jurnalist.
"Urush mintaqa hayotini izdan chiqargan, iqtisod va
infratuzilmaga katta zarar yetgan. Xalq xorij yordamiga muhtoj deydi", - deydi
Giya Abashidze.
Yevropa Ittifoqi tez orada Gruziyaga maxsus
delegatsiya jo'natadi. Rossiya esa Abxaziya va Janubiy Osetiyaga xalqaro
politsiyachilarni safarbar etishni so'ramoqda.